Shuni alohida taʼkidlash lozimki, 2000-yilgacha mamlakatimizda bolalar atigi 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan boʻlsa, hozirga kelib, yana 7 turdagi vaksina profilaktik emlash kalendariga kiritilgan va ularning aksariyati bola bir yoshga toʻlguniga qadar qoʻllaniladi.
Maʼlumki, vaksina olishga koʻrsatma yoki qarshi koʻrsatmalar mutaxassis tomonidan aniqlanib, shifokor har bir ona bilan bolaning surunkali kasalliklari, avvalgi emlash preparatlariga reaksiyalari yoki asoratlari, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaksiyalari haqida qisqa soʻrov oʻtkazadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyo boʻyicha har 100 ming nafar aholiga 14 nafar bachadon boʻyni saratoni bilan kasallangan bemor toʻgʻri keladi. Har yili Yer yuzida 604 ming nafar ayolda ushbu xastalik aniqlanib, ulardan 342 ming nafari vafot etyapti. Yurtimizda bu xastalik barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi saratonidan keyingi oʻrinni egallaydi.
Oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha esa barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tugʻish yoshidagi ayollar orasida esa ikkinchi pogʻonada qayd etilgan. Kasallikning oldini olish uchun uni oʻz vaqtida aniqlash va davolash hamda 9 yoshdagi qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash hisoblanadi.
Shu boisdan 2019-yildan boshlab milliy emlash kalendariga bachadon boʻyni saratoniga qarshi qoʻllaniluvchi OPV vaksinasi ham kiritildi. Natijada har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq qizlar ushbu vaksina bilan emlanyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
— Bunday saʼy-harakatlar tufayli bugungi kunda mamlakatimizda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etadi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova. — Vaksinatsiya tadbirlari uchun esa 3 ming 138 ta emlash punktlari ajratilgan.