Zilzilada zararlandi deyilayotgan ko'p qavatli uy bo'yicha rasmiy munosabat bildirildi

    Buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida da'vo arizasi kiritilgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda kuni kecha zilzila oqibatida Toshkent shahrida joylashgan ko'p qavatli binolarning birida fasad qismiga zarar etkazilgani yuzasidan video tarqatildi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi rasmiy munosabat berdi.

    Aytilishicha, vazirlik axborot xizmati tomonidan qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga tegishli so'rov yuborilgan. Ma'lum bo'lishicha, Yashnobod tumanida qad rostlagan “First developing group” MCHJ ga tegishli obyektlarning biriga g'isht ishlab chiqaruvchi “Stone brick” MCHJ tomonidan sifatsiz g'isht mahsulotlari etkazib berilishi natijasida mazkur holat yuzaga kelgan. Ayni kunda buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida da'vo arizasi kiritilgan. Binoning fasad qismini ta'mirlash ishlari aprel oyida to'liq yakunlanishi belgilab olingan.

    Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligining 1298 ishonch raqamiga ayni kunlarda zilzila oqibatida vayron bo'lgan yoki zarar etkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmagani ma'lum qilinadi.