Farmonga koʻra quyidagilar barpo qilinadi:

  • turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo-koʻngilochar majmualaridan iborat boʻlgan turizm markazlari;
  • “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” togʻ-changʻi kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo doʻkonlaridan iborat boʻlgan yirik savdo komplekslari (“Luxury tourism village”).

2024-yildan xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targʻib qilish uchun Turizm vakillari biriktiriladi.

2024-yil 1-oktyabrgacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 2024-yildan:

  • turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi.
  • respublikadagi turizm namoyishi obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi Turistik yoʻnalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestri yuritiladi.
  • har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamgʻarmasi 2 million AQSH dollari boʻlgan Xalqaro “Oʻzbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“SILK UZBEKISTAN FASHION WEEK”) oʻtkaziladi.
  • milliy zargarlik mahsulotlari doʻkonlarida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan oʻlchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini oʻrnatishga ruxsat beriladi.

“Toʻrt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar oʻtkaziladi.

2024-yil 1-martdan 2026-yil 1-martgacha:

tadbirkorlar tomonidan Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari toʻlanishidan ozod etiladi:

  • mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-koʻngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
  • choʻmilish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun moʻljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, toʻlov-maʼlumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
  • turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi doʻkonlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak boʻladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar;

Moʻynoq va Zomin aeroportlariga parvozlar amalga oshirilganda 23 yoshgacha boʻlgan yoshlar, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aviayoʻlovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar boʻyicha amalga oshiriladi hamda yoʻlovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bogʻliq xarajatlari byudjet hisobidan qoplab beriladi.

Mehmonxona va turizm xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid toʻlovlarini, miqdoridan qatʼi nazar, 5-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutiladi hamda 3 oydan ortiq muddat sotilmasdan turgan aktivlarning boshlangʻich bahosini 30 foizgacha pasaytirish, zarur hollarda, balans (qoldiq) qiymatida sotish choralari koʻrib boriladi.