Toshkent viloyati hokimi Chirchiq shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari, bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.
Ma'lumki, so'nggi paytlarda Chirchiq shahrining arxitekturaviy qiyofasini yangilash, transport infratuzilmasini takomillashtirish va aholiga qulaylik yaratish borasida tizimli ishlar qilinyapti. Xususan, Prezidentimizning tashabbusi bilan Chirchiq daryosi ustida transport qatnovi va odamlarning uzog'ini yaqin qilishga xizmat qiluvchi zamonaviy ko'prik bunyod etilmoqda, deb yozdi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.
Mazkur loyiha O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “O'zbekiston Temir yo'llari” AJ va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan. Tajribali muhandis va loyihachilar sa'y-harakati bilan qulay yo'l o'tkazgich yechimiga egaligi, unda to'xtash hududlari, sug'orish va irrigatsiya tizimlari, tashqi yoritish qurilmalari e'tiborga olingani bilan ahamiyatlidir.
Zoyir Mirzayev shahar hokimi, soha mutaxassislari va sektor rahbarlari bilan birga qurilish ishlarining borishini ko'zdan kechirdi. Obyektdagi ishlarni jadallashtirish, sifatli qurilish materiallaridan foydalanish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shundan so'ng viloyat rahbari va mutasaddilar shahar Tibbiyot birlashmasi Markaziy shifoxonasidagi ta'mirlash ishlari, “Iftixor” mahallasida bunyod etilayotgan ko'p qavatli uylarning qurilishini ko'zdan kechirdi. Binoda ichimlik suvi ta'minoti, elektr energiyasi, kommunal xizmatlarni yaxshilash bo'yicha zarur takliflar bildirildi. Ayni paytda bu erda rejalashtirilgan 102 ta ko'p qavatli uylarning 38 tasida qurilish ishlari davom etyapti.