Unda viloyatdagi manfaatdor boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, qurilish tashkilotlari masʼullari ishtirok etdi.
Asosiy eʼtibor Vazirlar Mahkamasining “2021-2023-yillarda Nurafshon shahrida muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan loyihalar, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratildi.
— Shaharda kanalizatsiya, elektr taʼminoti, yoʻl qurilishi boʻyicha yakuniga yetmayotgan muammolarimiz bor, — dedi Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Saliyev. — Misol uchun, shahar markaziy koʻchasi boʻylab elektr energiyasini yaxshilash borasida 30 milliard soʻmlik loyihani amalga oshirishimiz kerak. Ishni yakuniga yetkazish uchun tegishli tashkilot tomonidan kabellar yetkazib berish masalasi hamon ochiq qolmoqda. Shuningdek, kanalizatsiya tizimidagi ishlar ham mablagʻ masalasi toʻliq hal etilmagani bois jadallashmayapti.
Uchrashuvda viloyatning har bir tuman, shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarida uchrab turgan bu kabi masalalarni tizimli bartaraf etish yuzasidan haftada bir kunni qurilish, bunyodkorlik masalalari muhokamasiga bagʻishlash taklif etildi. Bu orqali joylarda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinadi, muammolar tegishli tartibda bartaraf etiladi.
— Bu kabi uchrashuvlarni uzundan-uzoq hisobotlar bilan oʻtkazish oʻzini oqlamaydi, — dedi Zoyir Mirzayev. — Har bir yoʻnalishda aniq va qisqa fikrlar kerak. Qurilishdagi kamchilikning katta-kichigi boʻlmaydi. Asosiysi, har bir yoʻnalishda vazifa olganlar oʻz ishini yaxshi tushunishi shart. Masalan, bugun Yuqori Chirchiqda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini ham koʻzdan kechirdik. Masʼullar qilayotgan ishlarini yaxshi tushunmaydi. Qurilishda yetarli tajribasi yoʻq. Bino qurish — tajriba oʻtash degani emas. Bu ishni eng birinchi navbatda biladiganlarga topshirish kerak.
Qayd etilganidek, viloyat hokimligi qoshida qurilish loyihalarini tayyorlash boʻlimi tashkil etiladi. Ish jarayonida Toshkent arxitektura-qurilish institutida tahsil olayotgan talabalarning gʻoyalaridan foydalanilgan holda hududda ishlayotgan mutaxassislar tajribasi oshiriladi.
Uchrashuvda oʻrtaga tashlangan takliflar muhokama qilindi, natijasi yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati