Zoyir Mirzayev viloyat yoshlari bilan navbatdagi yuzma-yuz muloqotini o'tkazdi

    Nurafshon shahridagi “Yoshlar” markazida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev hudud yoshlari bilan muloqot o'tkazdi.

    Suhbatda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yuzasidan fikrlar bildirildi.

    Muloqot davomida yoshlarning ilm-fan, madaniyat va sport, tadbirkorlik, bandlik va ta'lim sohasiga oid murojaatlari, takliflari tinglandi.

    — Yoshlarning tashabbusi mahalla nuroniylarining murojaatidan farq qilishi kerak. Yo'l, qurilish, ichimlik suvi kabi masalalarni mahalla vakillari bilan uchrashganda nazoratga olaman. Sizlar ko'proq ilm olish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldor loyihalarni amalga oshirish bo'yicha taklif bersalaringiz maqsadga muvofiq bo'lar edi, — dedi viloyat yetakchisi murojaatlarga javob qaytarish asnosida.

    Uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, “Do'stimga kitob sovg'a qilaman” aktsiyasini qo'llab-quvvatlash yuzasidan viloyat hokimi tegishli mas'ullarga ko'rsatma berdi.

    Muloqot davomida yoshlarga o'zlarining iqtidor va ijodiy salohiyatlariini ham namoyish etishlari uchun imkon berildi.

    Xususan, Nurafshon shahridagi 4-maktab o'quvchisi Xurshida Muhammadjonova tomonidan dutorda ijro etilgan kuy davraga o'zgacha fayz bag'ishladi.

    Viloyat rahbari ushbu maktab o'quvchilariga rag'bat tariqasida 10 ta rubob, 10 ta dutor, 10 ta doira sovg'a qilinishini ta'kidladi.

    Uchrashuv so'ngida Zoyir Mirzayev bir guruh faol yoshlarni taqdirladi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.