Oʻzbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati tugatildi

    Oʻzbekistonda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish doirasida 42 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati toʻxtatilib, qariyb 90 gektar yer maydoni tabiatga qaytarildi.

    Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi maʼlum qildi.

    Jumladan, Oʻzbekistonda 2024-yil hamda 2025-yilning oʻtgan davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi jami 47 ta maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirildi.

    2024-yil hisobi quyidagicha:

    • Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 ta (11 gektar);
    • Andijon viloyatida 6 ta (14,90 ga);
    • Buxoro viloyatida 1 ta (0,50 ga);
    • Qashqadaryo viloyatida 5 ta (19,15 ga);
    • Namangan viloyatida 3 ta (5,38 ga);
    • Samarqand viloyatida 1 ta (2,40 ga);
    • Toshkent viloyatida 3 ta (9,58 ga);
    • Fargʻona viloyatida 6 ta (17,11 ga)
    • Xorazm viloyatida 1 ta (1 ga).

    2025-yil boʻyicha raqamlar quyidagicha:

    Respublika miqyosida jami 18 ta (81,68 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonida rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari rejalashtirilgan boʻlib, ayni paytda ularda ishlar yakuniga yetdi.

    Shu oʻrinda, jami 185 ta (1446,04 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonidan 47 tasida rekultivatsiya qilish hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirildi.

    Shuningdek, respublika boʻyicha jami 42 ta chiqindi toʻplash poligoni faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarildi.

    Taʼkidlash joizki, yuqorida tilga olingan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 5-son Farmoni boʻyicha olib borilmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida: Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi hisobiga 185 ta maishiy chiqindi poligoni oʻtkazilgan.