Bosh prokuror qidiruvda boʻlgan shaxslar bilan gaplashib turgani rostmi?

    Internetda Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev qidiruvda boʻlgan Sherali va Abduvali Abdullayevlar bilan gaplashib turgani haqidagi videoyozuv chiqarilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati bayonot bilan chiqdi.

    Taʼkidlanishicha, 2024-yilning 2-4-yanvar kunlari Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev mehnat taʼtili davrida salomatligini tiklash maqsadida oʻz hisobidan Turkiya Respublikasiga borib, “Medipol Mega” tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan oʻtgan.

    Turkiyada unga avvaldan tanishi boʻlgan Azim Joʻraboyev (videoda qora rangli kurtkada turibdi) hamrohlik qilgan.

    Bosh prokuror Azim Joʻraboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtda, ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb koʻrsatilgan) boʻlgan Sherali ismli shaxs kelib, oʻzini tanishtiradi. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashishadi.

    Sherali Sobirjanov klinikaga oʻzining farzandini davolanishga olib kelganligini aytib, Bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat boʻlishga yonlariga kelganini tushuntiradi. Shunday qilib, videoda Bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov boʻlsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Joʻraboyev boʻlgan.

    Maʼlumot tariqasida:

    Abduvali Abdullayev tomonidan 2018-yil 10-may kuni “Baxmal Juice Master” MCHJga bankdan 1,1 mln AQSH dollar kredit olinib, kredit qarzdorligining 633 ming AQSH dollari qasddan qoplanmaganligi oqibatida, garovdagi “Oʻzengilulgurjisavdo” MCHJga tegishli mulk (maʼmuriy bino) bank tasarrufiga oʻtib ketganligi bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

    “Oʻzengilulgurjisavdo” MCHJ taʼsischilarining arizasiga asosan 2021-yil 25-yanvar kuni A.Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi A.Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb eʼlon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekanligi nomaʼlum boʻlganligi sababli vaqtincha toʻxtatilgan.

    Oʻz oʻrnida taʼkidlash kerakki, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning oʻgʻli - Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168, 233, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 13.06.2022-yildagi Yakkasaroy tuman sudining hukmiga koʻra, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168 va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan.

    Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 27.09.2022-yildagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi oʻzgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

    Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 28.02.2023-yildagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 27.09.2022-yildagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy daʼvogarning shikoyati asosida koʻrilgan).

    Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 26.06.2023-yildagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, R.Abdullayev Jinoyat kodeksning 168 va 184-moddalari bilan aybli deb topilib,
    4-yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

    Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 26.06.2023-yildagi hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish uchun yuborilgan.

    Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 24.04.2024-yildagi ajrimiga koʻra, Yakkasaroy tuman sudining 13.06.2022-yilda dastlab chiqarilgan hukmi oʻzgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining R.Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.

    Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyatsiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

    Sherali Sobirjanov esa, “Orental Fresh Food” MCHJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bankka soxta kontraktlarni taqdim etgan holda haqiqiy bozor narxi 494 ming 438 AQSH dollarlik muzlatgich va 430 ming 182 AQSH dollarlik quritish jihozlari uchun jami 1 mln. 597 ming 630 AQSH dollarini Xitoy davlatiga toʻlab berib, 673 ming 010 AQSH dollarini talon-toroj qilgan.

    Unga nisbatan 2019-yil 20-iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, qidiruv eʼlon qilingan.

    Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov Departamentining ish yurituvida boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha toʻxtatilgan.