JDPUda "Uch avlod" uchrashuvi

    Sobiq bitiruvchilar, faxriy ustozlar va yoshlar ibrat maktabiga aylanib borayotgan "Uch avlod uchrashuvida" diydorlashdi.

    Har bir sohaning yetuk mutaxassislari, fidoyilari boʻladi. Ularning yillar davomidagi faoliyati va toʻplagan tajribasi yosh kasbdoshlari uchun ham oʻrnak, ham namuna maktabidir. Jizzax davlat pedagogika universitetida koʻp yillar faoliyat yuritgan ana shunday faxriylar, ustozlar koʻpchilikni tashkil etadi.

    Bugun JDPU 50 yoshda shiori ostida tashkil etilgan “Uch avlod” uchrashuviga shu dargohning Fizika texnologik taʼlim fakultetini 1979-yilda bitirgan ilk qaldirgʻoch bitiruvchilar, faxriy ustozlar va talaba yoshlar jam boʻlishdi.

    Bugungi kun uchun Ibrat maktabiga aylangan “Uch avlod” uchrashuvi dastlab Fizika texnologik taʼlim fakultetiga qurib foydalanishga topshirilgan yangi oʻquv binosining ochilish marosimi bilan boshlandi. Tantanali marosimni universitet rektori Sh.Sharipov ochib berdi.

    Tadbirda Faxriylar sobiq bitiruvchilar oʻz tajribalaridan soʻzlab bergan hayotiy saboqlar, chunonchi, qalblarida joʻsh urgan vatanparvarlik tuygʻusi har qanday mashaqqatli vaziyatda ularga kuch va shijoat bergani, xalqimiz oldidagi farzandlik burchi esa doimo oʻz vazifalariga fidoyilik va masʼuliyat bilan yondashishga undagani ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlardagi Vatanga boʻlgan muhabbat va sadoqat hissini yanada toʻlqinlantirib yuborganligini, ularning yuz-koʻzlaridan anglash qiyin boʻlmadi.

    Koʻpni koʻrgan nuroniy ustozlar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. Muloqot davomida oʻtgan kunlarni xotirlash, bugungi oʻzgarishlarga shukronalar aytish – kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi.

    Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin boʻlib emas, kamarbasta boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash esa yoshlarning burchidir. Koʻtarinki kayfiyat, nuroniylar bilan boʻlgan muloqotlar yoshlarga koʻp narsa beradi.

    Tantanali marosimdan soʻng mehmonlar yangi oʻquv xonalari, oʻquv ustaxonalari, oshxona va talaba yoshlar uchun yangi tashkil etilgan 5 tashabbus markazi bilan yaqindan tanishib chiqdi.

    Tadbir soʻngida nuroniy otaxon va onaxonlar bir piyola choyga taklif qilinib iqtidorli talabalar tomonidan konsert dasturi namoyish qilindi .