Quyidagilar Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:
dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga EU GMP, US FDA GMP rasmiy sertifikatlarini joriy qilishda, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayta malakalashini olishda xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP, US FDA GMP sertifikatlari uchun xarajatlarning 50 foizi, lekin 50 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ushbu dori vositalarini sanoat miqyosida ishlab chiqarib, realizatsiya qilgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha BHMning 2 baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik summasi ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Davlat tashqi qarzi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining shakllantirilishidan boshlab yakuniy natijaga erishilguniga qadar barcha bosqichlari "Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish" axborot tizimida yuritiladi.
Tadbirkorlik subyektlariga bojxona bojini 120 kunga qadar kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning bosh ta’minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.
Quyidagilar bekor qilinadi:
Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va erkin muomalaga chiqarish jarayonida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish majburiyatini ushbu mahsulot importyoriga yuklagan holda "FSSC 22000", "IFS Food", "BRCGS Global Standard for Food Safety", "SQF Food Safety Code" xalqaro tizimlari doirasida rasmiylashtirilgan sertifikatga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologik xulosa olish talabi;
tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda karantin ruxsatnomasini olish talabi.
Davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etilib, unga ko‘ra sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "yuqori" va "o‘rta" bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.
Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi "past" deb baholanishi mazkur lavozimda mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi hamda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "past" bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.
Qurilish chiqindilarini takroriy foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
buyurtmachi-yuridik shaxslar tomonidan binolar va inshootlar, yo‘llar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yoki buzish ishlarida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari ularni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari yoki chiqindi poligonlariga shartnoma doirasida taqdim etiladi;
qurilish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari hajmini va ularni to‘plash joylarini belgilash, shuningdek, ular bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihaviy yechimlar nazarda tutilishi majburiy hisoblanadi;
qurilish chiqindilarining atmosfera havosiga ta’sirining oldini olish maqsadida buyurtmachi tomonidan amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq chang va yoqimsiz hidlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Bunda:
a) barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritiladi va tizimda saqlanadi;
b) arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
– birinchi bosqichda (2025-2027 yillar) – alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtiriladi;
– ikkinchi bosqichda (2028-2029 yillar) – kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
– uchinchi bosqichda (2030 yildan) – Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
v) Adliya vazirligi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligiga Milliy arxiv fondi hujjatlarini skanerlash va ularni Arxiv axborot tizimiga kiritish ishlari uchun Adliya vazirligi hamda Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni jalb qilish huquqi beriladi.
Shunday tartib o‘rnatilib, unga ko‘ra sun’iy intellektga asoslangan axborot tizimlari (dasturiy mahsulotlar)ni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xaridlarini:
tegishli idoralar tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq yuritiluvchi reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan;
umumiy qiymati BHMning 2,5 ming barobaridan oshmagan shartnomalar doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi.