Sud muhokamasi yopiq tarzda o‘tgan bo‘lsa-da, hukm ochiq e’lon qilindi. Qarorni raislik qiluvchi sudya Aziret Mederov o‘qib eshittirdi.

Hukmga ko‘ra, ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilar «Hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallash» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq mazkur jazo uch yillik probatsiya nazorati bilan almashtirildi. Shu sababli mahkumlar jazoni koloniyada o‘tamaydi.

Sudlanganlar quyidagilar:

  • Qamchibek Tashiev — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi;
  • Nurlanbek Turg‘unbek ulu — Jo‘g‘orqu Keneshning sobiq spikeri;
  • Qurmanqul Zulushev — Jo‘g‘orqu Keneshning sobiq deputati;
  • Bekbo‘lot Talgarbekov — jamoat arbobi;
  • Emilbek Uzoqbaev — Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi;
  • Qurmanbek Diyqanbaev — Jo‘g‘orqu Keneshning sobiq deputati;
  • Aaly Karashev — sobiq bosh vazir o‘rinbosari va sobiq deputat;
  • Kursan Asanov — ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari.

Shu bilan birga, sud figurantlarni «Mansab vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bo‘yicha oqladi.

Fevral oyidan buyon hibsda saqlanayotgan Bekbo‘lot Talgarbekov, Emilbek Uzoqbaev, Qurmanbek Diyqanbaev, Aaly Karashev va Kursan Asanov sud zalidan ozod qilindi.

Probatsiya mahkumning ozodlikdan mahrum etilmasdan, sud belgilagan muddat davomida probatsiya organlari nazorati ostida bo‘lishini anglatadi.

Hukmdan so‘ng Qurmanbek Diyqanbaev sud qarorini to‘g‘ri deb baholadi. Qamchibek Tashievning advokati Ikromiddin Aytqulov hamda Qurmanqul Zulushevning himoyachisi Bakitbek Jumashev esa hukm ustidan yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilishlarini ma’lum qildi.

Kursan Asanov ham o‘ziga nisbatan bosim o‘tkazilmaganini, biroq sud hukmiga qo‘shilmasligini bildirdi.

Avvalroq davlat ayblovchisi suddan ayblanuvchilarning har biriga to‘qqiz yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat ishi bir guruh siyosatchilar va jamoat arboblari imzolagan «75 maktub» bilan bog‘liq. Unda muddatidan oldin prezident saylovini o‘tkazish va davlat rahbarining vakolatlarini muddatidan avval tugatish taklif qilingan. Tergov talqiniga ko‘ra, ushbu murojaat siyosiy bayonot emas, balki mamlakatdagi vaziyatni beqarorlash tirish va hokimiyatni almashtirishga qaratilgan harakatning bir qismi bo‘lgan. Ayblanuvchilar esa ayblarini tan olmagan.