Bu haqida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “Oqtepa” suv ombori hududida Aleksandr Fedin bilan uchrashib, u yaratgan bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

Uchrashuv davomida Aleksandr Fedin davlat himoyasida ekani, shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon agentligiga ishga qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, “Oqtepa” suv ombori atrofida uzoq yillar davomida barpo etilgan, noyob daraxtlar, yovvoyi hayvonlar, qushlar hamda boshqa biohilma-xillik obyektlarini o‘zida mujassam etgan hududda “Dendrologiya bog‘i” tashkil etiladi.

Ko‘p yillik mehnati, tabiatni muhofaza qilishga qo‘shgan hissasi va ijtimoiy holati inobatga olinib, Aleksandr Fedin uchun bog‘ hududida barcha zarur qulayliklarga ega kichik uy-joy qurib beriladi. Shu bilan birga, bog‘ xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilib, ular kvadrotsikllar bilan ta’minlanadi.