Registon maydoni, Goʻri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohizinda majmuasi, Ulugʻbek rasadxonasi va boshqa yodgorliklar oʻzining salobati, haybati, goʻzalligi bilan hammamizni maftun etgan. Shu bilan birga, ming yillarning guvohi boʻlgan bu muhtasham binolar asta-sekin nurab, xarob boʻlib borayotganiga achinish bilan qaraganmiz.

Tan olib aytishimiz kerak: oʻsha paytda jurnalistika fakulteti talabasi boʻla turib, diniy bilimga ega emasdik. Shoʻrolar konstitutsiyasida diniy eʼtiqod erkinligi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, ziyolilar, ayniqsa, yosh avlod bu masalada doimiy nazoratda edi. ­Masjidga borish, qabristonlarni ziyorat qilish sovet kishisiga xos boʻlmagan fazilat edi. Ulugʻ muhaddislarimiz, diniy arboblarimiz haqida umuman maʼlumot berilmasdi. Vaholanki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-maʼrifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning asarlari, nomlarisiz tasavvur etish aslo mumkin emas.

Istiqlolning dastlabki yillaridan xalqimiz oʻzining oʻtmishini, bir necha asrlarga borib taqaluvchi davlatchilik tarixini, jahon ilm-fani va taraqqiyotiga hissa qoʻshgan buyuk bobolari merosini, ular bosib oʻtgan shonli yoʻlni oʻrgana boshladi. Qurʼoni karimni, hadisi sharifni mutolaa qilish imkoni tugʻildi. Xususan, islom olamining buyuk siymolari Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Mansur Moturidiy kabilarning asarlarini oʻqish imkoni paydo boʻldi. Xullas, asta-sekin tariximizni oʻrganib, bobolarimizni taniy boshladik.

Toʻqsoninchi yillarning oxirida Samar­qand viloyati Payariq tumanida “hadis ilmida moʻminlar amiri” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan alloma Imom Buxoriy qabri atrofida majmua qurish ishlari boshlandi. Albatta, bu inshootning qurilishiga qiziqish juda kuchli edi. Chunki mustaqillik yillarida birinchi marta din vakiliga shunday ulkan hurmat koʻrsatilayotgandi. Ilk bor u mangu qoʻnim topgan manzil obod goʻshaga aylantirilayotgandi.

Tez orada majmua oʻsha davr talablariga munosib darajada barpo etildi. 1998-yili ulugʻ muhaddis tavalludining 1225-yilligi munosabati bilan tantanali ochildi. Shundan soʻng majmuani koʻrgani, Imom Buxoriy qadamjosini ziyorat qilgani yurtimizning turli hududidan, xorijiy davlatlardan koʻplab mehmonlar kela boshladi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: nega shuncha payt yurtdoshlarimiz uchun tabarruk boʻlib kelgan ziyoratgohni keyingi yillarda qaytadan qurish zarurati paydo boʻldi? Bunga asos bormidi?

Ha, asos bor edi. Buning bir necha sababi mavjud. Avvalo, oradan salkam oʻttiz yilga yaqin vaqt oʻtdi. Davr silsilasida bino taʼmirtalab boʻlib, zamonaviy talablarga javob bermay qoldi.

Ikkinchidan, keyingi oʻn yilda Oʻzbekiston dunyoga eshiklarini ochdi. Hozir jahonning yuzlab mamlakatidan yurtimizga millionlab sayyoh kelyapti. Ular oʻlkamizda yashab oʻtgan ulugʻ allomalar mangu qoʻnib topgan manzillarni ziyorat qilishni istaydi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekistonga 11,7 million sayyoh kelgan. Bu 2024-yilga nisbatan 3,7 million koʻp degani. Boshqacha aytsak, bugun Oʻzbekiston sayyohlik eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Ayniqsa, ziyorat turizmi yuqori surʼatda oʻsib borayotgan paytda barcha imkoniyatga ega majmualar kerak edi. Shuning uchun ham Prezidentimiz tashabbusi bilan Payariqda buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyati, ulugʻ maqomiga munosib yangi majmua bunyod etildi.

“Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba boʻlgan hadislar kito­bini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulugʻ siymodir. Muqaddas zaminimiz ­dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, dedi ­Prezidentimiz majmuaga tashrifi chogʻida.

Yaqinda Turizm qoʻmitasi va Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasiga mediatur uyushtirildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar majmuaning qurilish tarixi, ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerga kelgan sayyohlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlari hamda taassurotlarini yozib olishdi.

Ushbu muhtasham va noyob ziyoratgoh bugun yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini dunyoga namoyon etmoqda. Ushbu majmua yurtdoshlarimiz, shuningdek, dunyodagi barcha moʻmin-musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratuvchi ulugʻ maskanga aylandi.

Binoga yondosh joydagi 15 gektar maydonda bitta toʻrt yulduzli, ikkita uch yulduzli mehmonxona qurilib, zamonaviy infratuzilma yaratilgan. 176 oʻrinli 22 ta oilaviy mehmon uyi va servis nuqtalari ziyoratchilarga yuksak saviyada xizmat koʻrsatmoqda.

Majmua kuniga 65 ming ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Ilgari bu koʻrsatkich 12 ming edi. Ziyoratgoh 45 gektar maydonni egallagan. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjidga Ramazon hayiti namozida 65 ming namozxon kelganining oʻzi kelgusida bu maj­mua islom olamida eng tabarruk maskanlardan biri boʻlib qolishiga ishonch uygʻotadi.

Ushbu masjid muhtashamligi, mahobati, jozibasi, goʻzalligi bilan Makka, Madina, Abu-Dabi, Jakarta va yana koʻplab shaharlardagi masjidlardan aslo qolishmaydi.

Majmua tarkibidagi muzey mediatur qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Toʻqqiz pavilyondan iborat, eng ilgʻor axborot texnologiyalari oʻrnatilgan bu noyob innova­sion muzeyda muhaddislar sultonining hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan hissasi toʻla qamrab olingan. ­Muzeyda Qurʼoni karimda ismi zikr qilingan 25 paygʻambar tarixi, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasi, hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar bor.

Ulugʻ muhaddis oʻn yoshidan boshlab hadislarni mutolaa qilib, yodlagan va toʻplagan. Oʻn olti yoshida onasi va akasi bilan Hijozga yoʻl olgan. Qirq yil Makka, Madina Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan taʼlim olgan. Shu yillarda u yayov va otliq 13 ming 900 kilometr masofani bosib oʻtgan.

Mediatur davomida anchadan buyon oʻylantirib kelayotgan bir savolga javob izladim. Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur islom dini, shariat qoidalariga qatʼiy amal qilgan, din peshvolariga chuqur hurmat koʻrsatgan, musulmon dunyosi birligini saqlashgan intilgan. Faqat Samarqanddagina emas, boshqa yurtlarda ham koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Turkistonda Sohibqiron tashabbusi va mab­lagʻi hisobiga qad rostlagan, mahobati bilan bugun ham koʻpchilikni hayratga solayotgan ­Ahmad Yassaviy maqbarasi gapimizga yaqqol misoldir.

Meni oʻylantirgan savol bunday edi: Amir Temur Imom Buxoriy shaxsiga, qabriga eʼtibor berganmi? Biror bino qurib qoldirganmi? Axir ulugʻ muhaddisning islom olamidagi oʻrni juda yuksak ekanini buyuk sarkarda yaxshi bilardi-ku.

Majmua huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi ilmiy xodimi Yoʻldosh­xon Isayev bu savolga quyidagicha javob berdi:

— Amir Temur Imom Buxoriyni chuqur hurmat qilgan. Uning qabri ustiga maqbara ham qurdirgan va lekin yillar oʻtishi bilan u yoʻq boʻlib ketgan boʻlishi mumkin. Bu mening taxminim. Chunki allomaning qabri atrofida qazish ishlari bajarilganda u yerdan XV-XVI asrlarga oid gʻishtlar topilgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron “Tafakkur” jurnalining 2022-yil 2-sonida bosilgan “Sukunatni buzgan sas” maqolasida livanlik alloma Shayx Nadim al-Jisrning 1956-yili Samarqandga, Imom Buxoriy qabri ziyoratiga kelgani haqida yozar ekan, oʻsha payt­da bu yerda xarob ahvoldagi masjid va maqbara boʻlganini aytadi. Xullas, bu masala hali tadqiqotchilar tomonidan toʻla oʻrganilishi lozim.

Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlganimizda Yoʻldoshxon Isayev yana bir gapni alohida taʼkidladi. Sharqda qoʻlyozmalar asosan qamishda yozilgan. Lekin bizda koʻpincha kino, tasviriy sanʼatdagi tarixiy lavhalarda siyohdon yoniga qush patini chizishadi, qoʻyishadi. Bu xato. Qush pati Gʻarbga, Yevropaga xos narsa.

Markazda jurnalistlarni devorda osigʻliq turgan bir papka surati ham qiziqtirdi. “Bu jizgu, — dedi Yoʻldoshxon Isayev. — Bilasizlar, hozir rahbarlarga imzo uchun kiritiladigan hujjatlar maxsus papkaga solib, olib kiriladi. Bu narsa bizda Buxoriy davrida boʻlgan. Tarixiy manbalar buni isbotlaydi. Mazkur suratda oʻsha jizgu tasvirlangan. Toʻgʻrisini aytsam, yevropaliklar bu narsani ham Sharqdan oʻrganishgan”.

Davlatimiz rahbari bundan bir necha yil oldin Imom Buxoriy majmuasini bobomizning maqomiga, mavqeiga mos holda qayta qurish niyatida tashabbus koʻrsatgan edi. Ulugʻ muhaddis toʻplagan sahih hadislar orasida “Amallar niyatlarga bogʻliqdir” degan hadis bor. Prezidentimizning ushbu ezgu niyati bugun amalga oshdi, muhtasham majmua qad rostladi. U minglab, millionlab ziyoratchilarni, sayyohlarni oʻz bagʻriga chorlamoqda.

Bekqul EGAMQULOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri