Tagini yumshatib, sugʻorish, zarur ozuqalar berib borish talab etiladi. Agar unga yaxshi eʼtibor qaratilsa, gʻamxoʻrlik qilinsa, kun kelib serhosil, basavlat daraxtga aylanadi va moʻl hosil beradi. Aks holda, nobud boʻlishi hech gap emas. Yosh avlodning ilm-maʼrifatli, kasb-hunarli, el koriga yaraydigan inson, sohasining yetuk kadri boʻlib yetishishi uchun ham xuddi shu navniholga koʻrsatilganidek eʼtibor va gʻamxoʻrlik zarur.

Yoshim saksondan oshdi. Lekin umrim­ning asosiy qismi, ishim, faoliyatim yoshlar bilan bogʻliq boʻlgani uchun bugun yurtimizda ularga yaratilayotgan qulay­liklar haqida fikr bildirgim keldi. Zero, bugungi oʻzgarishlarning avvalgi­laridan farqi yer bilan osmoncha. Far­zandlarimiz, nevaralarimiz davri ho­zir. Zamon ularniki. Havas esa bizniki.

Guvohi boʻlib turibmizki, keyingi oʻn yilda Oʻzbekistonning yoshlarga oid siyo­sati tubdan oʻzgardi, ularni ijtimoiy- iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash borasida asrlarga tatigulik islohotlar amalga oshirilmoqda. Koʻp yillardan buyon oliy taʼlim sohasida yoshlar bilan ishlay­digan mutaxassis sifatida Oʻzbekiston tarixida hozirga qadar oʻgʻil-qizlarning taʼlim olishi, manfaatli kasb oʻrgani­shi, qisqa aytganda, hayotini yoʻlga qoʻyib olishi uchun bu qadar qoʻllab-quvvatlan­gan bir davrni koʻrmadim.

Oʻzim faoliyat yuritadigan soha — taʼlim tizimida Prezidentimizning qator farmon va qarorlari, tashabbusi bilan tub islohotlar, yangilanishlar kechdi, samarador mexanizmlar hayotga tatbiq etildi. Islohotlar avvalida oʻqituvchi va murabbiylarning maqomi va moddiy manfaati oshdi. “Oʻqituvchilar ming dollar oylik oladi”, degan gap­larga, ochigʻi, koʻpchilik ishonqiramadi. Sababi, oʻsha davrlarda ular bunday oy­likni hatto orzu ham qilmas edi. Ammo bugunga kelib, sohadagi yangi tashabbus va loyihalar natijasida oʻqituvchilar bundan ham koʻp maosh olyapti.

Bundan tashqari, 15-20 yil oldin oʻquv mavsumining teng yarmi paxta dala­sida oʻtib ketardi. Oliy taʼlim tizimi korrupsiyalashgan, taraqqiyotdan ortda qolgan edi. Ammo bugun taʼlim, ilm-fan sohasiga qaratilgan eʼtibor tufayli bu muammolar yechimini topdi. Taʼlim tizimiga raqamli texnologiyalar tatbiq etilib, soha taraqqiyotiga toʻsiq boʻlgan illatlarga barham berildi. Natijada esa oʻzbek yoshlari dunyo miqyosida yuqori reytinglarga erishmoqda.

Xalqimizning taʼlim sohasi, ilm- maʼrifatga qarashi bugun oʻn, yigirma yil oldingidan butkul farq qiladi. Joriy yil 24-fevralda Prezidentimiz­ning yoshlar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan dav­lat deb eʼtirof etilganini bildirdi. Yoshlarning bunday eʼtirofga sazovor boʻlishi keyingi yillardagi taʼlim sohasi, aynan Oʻzbekistoning salkam 6,5 million oʻgʻil-qizi oʻqiydigan, eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi — maktab taʼlimidagi yangilanishlar hosi­lasidir.

Albatta, ilm yoʻlida yoshlarning oliy taʼlimga ega boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo buning uchun, birinchi navbatda, universitet va institutlarga kirishda davlat imtihonlaridan ijobiy natijaga ega boʻlish kerak. Bunda yoshla­rimizga turli oʻquv markazlari koʻmakchi boʻlmoqda. Yoshlarni qoʻllaganni davlat ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi.

Xususan, bu yil Oʻzbekistonda oʻquv mar­kazlari faoliyati oʻzining oltin davriga qadam qoʻymoqda deyish mumkin. Albatta, oʻquv markazlari ommalashib borishida ularga yaratilgan qulay shart-sharoit, im­tiyoz va ragʻbatlar yil sayin ortib bori­shi zamin yaratdi. Xususan, oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit, chekka hududlarda chet tillarga ixtisoslashgan oʻquv markazlari ochgan malakali yoshlarga 120 million soʻmga­cha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlarga toʻlovla­ri “2+6” oy shaklida qoplab berilishi tarmoqning yanada gurkirab yashnashiga zamin hozirladi. Natijada qoʻllab-quv­vatlash mexanizmi samara berib, xori­jiy til sertifikati olgan yoshlar soni 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy oʻquv mar­kazlari soni 3 karra koʻpayib, 38 ming­dan oshdi.

Davlatimiz rahbari ochiq muloqotda bildirganidek, endilikda Xususiy oʻquv markazlari uyushmasi tuzilib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Bunday mar­kazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni tarmoq yagona katta kuchga aylanib, ish samara­dorligi karrasiga ortishi koʻzlanmoqda. Shuningdek, “Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlari faoliyatini kengayti­rish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi.

Albatta, yoshlarning ilm-fanga qa­dam qoʻyishida oliy taʼlimning ahamiya­ti katta. Ammo ilgari moddiy ahvoli ogʻirligi yoki oilaviy sharoiti sabab universitetlarni tashlab ketayotganlar yetarlicha edi. Ammo keyingi yillarda yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarning ij­timoiy qoʻllab-quvvatlanishi natijasi­da aholining turli qatlamlari orasida oliy maʼlumotga ega fuqarolar soni koʻ­paydi. Jumladan, aholining turli ij­timoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qamrab olgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali yurtdoshlarimiz ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli imtiyoz va imkoniyat­lar taqdim etilishi ularning hayotini yangi bosqichga koʻtardi.

Masalan, oʻqish istagidagi yigit- qizlar “Yoshlar daftari”ga kirib, oʻquv markazlari toʻlovi yoki oliy taʼlim muassasasi kontrakt pullarini toʻlash imkoniga ega boʻldi. Yolgʻiz ayollar yoki kambagʻal oila qizlari “Ayollar dafta­ri” orqali tikuvchilik yoki kichik qan­dolatchilik markazlarini bunyod etib, davlatning qoʻllovi bilan risqu nasiba­sini koʻpaytirdi. “Temir daftar” odam­larning temir irodasini bukayotgan, farovon hayotiga toʻsiq boʻlayotgan uy-joy yoki boshqa birlamchi ehtiyojlarini hal etishda muhim vositaga aylandi.

Bugungi kunda xotin-qizlarning magistratura bosqichida tahsil olishi uchun kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berilmoqda. Natijada universi­tet va institutlarda tahsil olayotgan qizlar soni 904 mingdan oshib, jami ta­labalarning 54 foizini tashkil etmoq­da. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoran­turada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, yaʼni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham ahamiyatli.

Prezidentimizning shu yil 3-mart­dagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatla­rining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisi­da”gi farmoni bilan oilaviy sharoiti tufayli oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqishini davom ettirolmagan xotin-qiz­larga yana oʻqish imkoniyatini taqdim qi­lish belgilandi.

Unga koʻra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bi­lan shugʻullanuvchi talabalarga 2026/2027 oʻquv yilidan oliy taʼlim olishi uchun “ikkinchi imkoniyat” beriladi. Yaʼni kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta oʻz­lashtirish sharti bilan taʼlimni davom ettirish imkoni yaratiladi. Talabalar fanlar farqini mustaqil oʻzlashtirishi uchun qoʻshimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi. Bu esa talabalar orasida xotin-qizlar soni yanada koʻpayishiga zamin yaratadi.

Gapning indallosini aytganda, Oʻz­bekistonda yoshlarning oliy maʼlumot olishi uchun barcha shart-sharoit mavjud. Jumladan, ularning bir paytning oʻzida bir necha oliygoh va taʼlim yoʻnalishiga imtihon topshirish imkoni bor. Shu­ningdek, davlat taʼlim muassasalariga kira olmagan yoshlar oʻzi qiziqqan yoʻna­lish boʻyicha xususiy universitetlarda ham tahsil olishi mumkin.

Ilgari oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridan oʻtolmagan yosh­lar uchun ikkita yoʻl bor edi. Biri — yana qayta tayyorgarlik koʻrish, ikkinchisi — ishlash uchun xorijga ketish. Bugun yosh­larga hayotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olishi uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochilgan. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yana bir yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Bundan asosiy maqsad ham yoshlarning taʼlim olish imkoniyatini yanada kengaytirish. Unga koʻra, keyingi oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish maqsadida 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona dav­lat imtihonlari joriy qilinadi. Bunda bitiruvchilar toʻplagan ballariga koʻra oʻqishni oliy taʼlim muassasasi yoki texnikumda davom ettiradi. Yaʼni ustoz boʻlmasa, usta boʻladi. Oʻgʻil-qizlarimiz yo bilim, yo yaxshi bir kasb-hunar egasiga aylanadi.

Agar yoshlar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni maʼqul koʻrsa, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun ham Oʻz­bekistonda kerakli barcha shart-sharoit­lar yaratib berilmoqda. Ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit, biznesini tashkil etish uchun joy va boshqa imkoniyatlar koʻpaytirilmoqda. Xususan, oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ish­lari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgan, natijada “Yoshlar bizne­si” va “Kelajakka qadam” dasturlari hi­sobidan 15 ming yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagan. Bu ishlarning davomi si­fatida 2026-yilda yoshlar tadbirkorli­gini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilgan.

Bugun Oʻzbekiston yoshlari orzu-umi­di, oldiga qoʻygan maqsadlariga erishi­shi uchun barcha imkoniyat va shart-sha­roitlar mujassam. Ulardan faqatgina oʻqish-izlanish, oʻz ustida ishlash talab etiladi. Shijoatli, aql-zakovati baland yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlmish oltin avlodni koʻrganimda ularga hava­sim keladi. Beixtiyor Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Hamid Gʻulomning “Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…”, degan jumlalarini takrorlayman.

Begdavlat ALIYEV,

falsafa fanlari doktori, professor