Oldindan olingan tezkor maʼlumotlarga asosan yoʻl chetida toʻxtab turgan ikkita avtotransport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. 

Tekshiruv jarayonida avtomashinalardan birining old oʻrindigʻi pol qismida oʻtkir hidli, jigarrang tusdagi modda borligi aniqlandi. Ekspertiza xulosalariga koʻra, umumiy ogʻirligi 470 gr boʻlgan mazkur modda “gashish” giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlandi.

Shuningdek, avtomashinada yoʻlovchi sifatida harakatlangan fuqarolar koʻzdan kechirilganida, ulardan birining yonidan yana 3 gramm “gashish”, ikkinchisining choʻntagidan esa 3 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi topildi.

Achinarli tomoni, ushbu fuqarolarning har ikkisi ham muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jazoga tortilgan boʻlishiga qaramay, bundan yetarlicha xulosa chiqarmagan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.