Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma berish yo‘lga qo‘yiladi. Har yili o‘zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinadi va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkaziladi.

Bundan buyon Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz bilan bog‘liq xarajati davlat tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, yosh iste’dodlarning she’riyat bilan san’atni uyg‘unlashtirgan she’riy kontsertlar tashkil etish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu yo‘nalishda taqdim etiladigan eng sara 100 ta loyiha davlat hisobidan moliyalashtiriladi. O‘n kun avval Milliy kitobxonlik harakatiga start berildi.

Bu harakatga yoshlarni keng jalb qilish uchun joylarda kitob do‘konlari, kutubxona va “buk-kafe”lar yanada ko‘paytiriladi. Har bir viloyat hokimiga yil yakunigacha chekka va olis hududlardagi 50 tadan 100 tagacha mahallada namunali mahalla kutubxonasi va kitob do‘konlarini tashkil qilish topshirildi.