Elbarsxondan keyin taxtni Sulton Hojixon egalladi. Keyingi hukmdorlar Hasanqulixon, Buchugʻaxon, Sufiyanxon, Avaneshxon, Qalxon, Aqatoyxon, Doʻst Muhammadxon davrida mamlakatda siyosiy boshboshdoqlik va oʻzaro ichki kurash avj oldi. Tashqaridan hujum koʻpaydi. Ushbu holatlarning aksariyatiga Hoji Muhammadxon barham bera oldi. Uning davrida siyosiy ahvol bir oz oʻnglanib, mamlakatda tinchlik hukm surdi. Sugʻorma dehqonchilikka asoslangan iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish maqsadida qator ishlar bajarildi, yangi kanallar qazildi. Xususan, Urganch va Kat hududlarini boshqargan Ali Sulton Yangiariq va Toshli Yormish kanallarini ishga tushirdi.

Arab Muhammadxon hukmronligining avvalida Ëyiq kazaklari bir necha bor mamlakatga bostirib kirdi. Qalmoqlar ham Xorazmga yurish qildi. Shunga qaramay, xon yangi sugʻorish inshootlari barpo etish va irrigatsiya tarmoqlarini kengaytirish ishlarini davom ettirdi. Xususan, uning tashabbusi bilan Arab Muhammad kanali bunyod etildi. Yana bir muhim siyosiy oʻzgarish — Xiva shahri poytaxt etib belgilandi. Poytaxtning koʻchirilishi sharafiga Xivada xon nomidan 1616-yili madrasa barpo etildi.

Oʻsha davrda xonlikda ichki vaziyat keskinlashdi. Xonning oʻgʻillari Habash va Elbars oʻzaro taxt talashib, otasiga qarshi urush boshladi. Jangda magʻlub boʻlgan hukmdor Qum qalʼasiga bandi qilindi va oʻsha yerda vafot etdi.

1643-yilda Xiva taxtini egallagan Abulgʻozixon mamlakatni birlashtira boshladi. Uning hukmronligi davrida davlat boshqaruvi sohasida ham oʻzgarish yuz berdi. Bu haqda saroy muarrixi Shermuhammad Munis “Firdavs ul-iqbol” asarida yozgan. Abulgʻozixon 360 oʻzbek (amir)ni rasmiy lavozimga tayinlaydi.

1657-yilda Karmanaga uyushtirilgan harbiy yurishdan qaytayotgan Abulgʻozixonga Buxoro hukmdori Abdulazizxon hujum qiladi. Oʻgʻli Anushaxonning qahramonligi tufayli Abulgʻozixon muqarrar magʻlubiyat va oʻlimdan omon qoladi. Abulgʻozixon Xivaga qaytgach, katta toʻy uyushtiradi hamda oʻgʻli Anushaga Hazoraspni tuhfa etib, uning sharafiga Ichanqalʼada masjid va hammom bunyod etadi.

Abulgʻozixon 1663-yilda taxtni oʻgʻli Anushaga topshiradi. Anushaxon davrida mamlakatda hokimiyat yanada mustahkamlandi. Ichki siyosatda turkman urugʻlarining mavqeini tiklash uchun harakat qilingan boʻlsa, tashqi siyosatda Eronga qarshi keng koʻlamli harbiy harakatlar uyushtirilib, Mashhad shahri uch marta egallandi. Uchinchi marta ishgʻol etilganda Anushaxon shoh sifatida taxtga oʻtqazildi. Xon mamlakatda irrigatsiya tarmoqlarini yanada kengaytirdi. Xususan, Xiva xonligida Yormish hamda Shohobod kanallari qazildi. Yormish kanalining qazilishiga Kat shahrining suvsiz qolishi sabab boʻlgan edi. Shuningdek, kanal boʻyida Qiyot qalʼasiga asos solindi. Shohobod kanalining qazilishiga Anushaxonni oʻsha davrdagi siyosiy vaziyat undagandi. Abulgʻozixon davrida turkmanlarni siyosiy boshqaruvdan uzoqlashtirish va mamlakatdan siqib chiqarishga intilish kuzatilgan boʻlsa, Anushaxon, aksincha, ular xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Turkmanlar xizmatini munosib taqdirlash maqsadida Shohobod kanali yordamida yangi oʻzlashtirilgan yerlarni ular oʻrtasida taqsimladi. Anushaxon buyrugʻi bilan Shohobod qalʼasi qad rostladi.

Anushaxon vafotidan keyin taxtni egallagan oʻgʻillari Xudoydodxon va Arangxon davrida Xiva xonligining siyosiy birligi va mamlakatdagi nisbatan tinch hayot saqlanib qoldi. Biroq keyingi hukmdorlar davrida Xorazmda siyosiy beqarorlik hukm surdi. Fors hukmdori Nodirshoh Afshor Xiva xonligini egallagan 1740-yilgacha boʻlgan davrda mamlakatda 13 nafar hukmdor almashdi. Ulardan Shohniyozxon davrida xonning bevosita tashabbusi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi taʼmirlandi, ziyoratgoh hovlisida quduq qazdirildi.

Arabshohiylar sulolasi vakillaridan Shergʻozixon davrida mamlakatdagi ichki kurashlarga barham berildi hamda qoʻshni hududlarga qarshi faol harbiy harakatlar uyushtirildi. Xususan, Xiva qoʻshini Mashhad va Nishopur shaharlariga yurish qilib, shaharlarni qamal qilgan hamda koʻplab oʻlja bilan qaytgan. Shuningdek, bu davrda Rossiya imperiyasining Xiva xonligini egallashga qaratilgan toʻgʻridan toʻgʻri tajovuzi oldi olindi va 1717-yilda A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi rus qoʻshini qirib tashlandi.

XIX asrning 60-yillarida Xiva xonligi hayotida notinch siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Markaziy hokimiyatning siyosiy boshqaruvdagi oʻrni ancha kuchsizlandi. Ana shunday sharoitda, 1767-1770-yillarda turkmanlarning Xiva xonligini egallashga urinishi bir oz muddat boʻlsa-da, muvaffaqiyatli yakunlandi. Turkmanlarning yovmut urugʻi aholi mulkini taladi, mamlakatda zulm avjiga chiqdi. Bunday ogʻir sharoitda qoʻngʻirot urugʻiga mansub Muhammad Amin inoq mamlakatdagi inqirozli holatni yaxshilashga kirishdi. U amalda hokimiyatni 1763-yili qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, 1770-yili Xiva xonligiga qarshi turkman qabilalarining hujumini qaytarish bilan mamlakatdagi hukmronligini toʻla taʼminladi. Muhammad Amin inoq Xiva xonligida qoʻngʻirotlar sulolasi hukmronligini boshlab berdi. Shunday qilib, yangi sulola vakillari mamlakatni 1920-yilgacha idora qildi.

U markaziy hokimiyatni kuchaytirish va yangi boshqaruv tartibini oʻrnatishga intildi. Har bir hududga oʻziga sodiq kishilarni hokim sifatida tayinlash hamda ularni oʻz xohishiga koʻra lavozimlaridan ozod qilish tartibini joriy etdi.

Nodirshoh Afshor hujumidan Xiva shahri katta ziyon koʻrib, qalʼa devorlari vayronaga aylangan edi. Muhammad Amin inoq Xiva qalʼasi devorlarini qayta qurdirdi, shaharda madrasa bunyod ettirdi. Ushbu taʼlim dargohi “Madrasayi inoqiya” nomi bilan mashhur boʻlib, “olimlar boshpanasi” va “fozillar maskani”, deya taʼriflangan.

Muhammad Amin inoq vafotidan keyin Xiva taxtini oʻgʻli Avaz inoq egalladi. Uning hukmronligi davrida mamlakatda ichki kurash saqlanib qoldi. Jumladan, Oroldan Mangʻit shahriga koʻchirilgan oʻzbeklar vaqti-vaqti bilan isyon koʻtarib turdi. Bu tahdid Eltuzarxon davrida ham davom etdi. Eltuzar eski anʼana — faqat chingiziylar avlodidan boʻlgan shaxslar xon boʻlishi mumkinligi borasidagi mutlaq vakolatni yoʻqqa chiqardi.

U soliq sohasida ham katta islohotlar oʻtkazdi. Xonning tashabbusi bilan soliq yigʻish jarayoni va tartibi oʻzgardi, maʼmuriy boshqaruvni markazlashtirish maqsadida qator oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, Xiva xoni tomonidan hududlarga hokim va qozilarni tayinlash amaliyoti joriy etildi. 1806-yili Buxoro xonligi qoʻshiniga qarshi jangda Eltuzarxon magʻlubiyatga uchradi va halok boʻldi. Biroq Xiva xonligining Buxoroga qarshi vayronkor harbiy yurishlari Amir Haydar davrida kuchaydi.

Eltuzarxon boshlagan keng koʻlamli islohotchilik harakati Muhammad Rahimxon I davrida ham davom ettirildi. Muhammad Rahimxon I ichki kurashlarga barham bera oldi. Uzoq qarshilikdan soʻng 1811-yilda orollik mangʻitlarni oʻziga itoat ettirdi.

Keyingi qoʻngʻirot hukmdor Allohqulixon davrida Xurosonga bir necha bor harbiy yurish uyushtirildi. Beshta yurishda xonning oʻzi shaxsan ishtirok etdi. Shuningdek, Buxoro bilan munosabat Allohqulixon hukmronligining soʻngiga kelib keskinlashdi. Ammo bu davrda mamlakat madaniy hayotida yuksalish kuzatildi. Xususan, Toshhovli binosi, Rofinak bogʻi, karvonsaroy va Toshhavz qalʼasi qurib bitkazildi. Xiva shahrining atrofi devor bilan oʻrab olindi. Shuningdek, 1835-yilda Allohqulixonning bevosita homiyligida 99 hujradan iborat yirik meʼmoriy majmua — madrasa shaharning Ichanqalʼa qismida qad koʻtardi. 1836-yilda esa Koʻhna Imorat madrasasining qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Allohqulixon oʻsha davrda xarob ahvolga kelib qolgan diniy-madaniy muassasalar binolarini taʼmirlash va qayta qurish ishlarida ham jonbozlik koʻrsatdi.

Allohqulixon vafotidan keyin taxtga oʻtirgan Rahimqulixon tashqi siyosatda otasi boshlagan ishlarni davom ettirdi. U qisqa muddat hukmronlik qilgan boʻlsa-da, madaniy soha rivojiga hissa qoʻshishga ulgurdi. Xususan, uning tashabbusi bilan 1843-yilda xonlik poytaxtida 20 hujrali madrasa ­bunyod etildi.

Muhammad Aminxon davrida koʻchmanchi qabilalarni tinchlantirish va qoʻshni hududlarni egallashga qaratilgan saʼy-harakatlar muvaffaqiyatli boʻldi. Xususan, Marvni ishgʻol qilish maqsadida Buxoro amirligi va Xurosonga qarshi 10 dan ortiq yurish ­qilindi. Xon bir necha bor Rossiya va Usmonlilar imperiyalariga elchi yubordi. Xiva shahrida 130 hujradan iborat katta madrasa bunyod etdi.

Sayyid Muhammadxon taxtni egallashi bilan qator harbiy-siyosiy islohotlar oʻtkazdi. Shuningdek, koʻchmanchi qabilalar hujumini bartaraf etishga muvaffaq boʻldi. 1858-yilda N.Ignatyev boshchiligidagi rus elchilik guruhini Xivada qabul qildi.

Sayyid Muhammad Rahimxon II Xiva tarixida eng uzoq hukmronlik qilgan xon sifatida qoldi. Hukmronligining dastlabki yillarida mamlakat ichki va tashqi hayotida barqarorlik saqlanib turdi. Biroq 1873-yilda Xorazmni rus qoʻshini bosib oldi. Shu yili 12-avgust kuni Turkiston general-gubernatori fon Kaufman va Xiva xoni Sayyid Muhammad Rahimxon II oʻrtasida Gandimiyon shartnomasi imzolandi. Natijada Xiva xonligi protektoratga aylantirildi. Sayyid Muhammad Rahimxon II ilm-fan va sanʼatga homiylik qildi, mamlakatda koʻplab diniy-madaniy muassasalar bunyod etdi.

1910-yil 16-avgustda Sayyid Muhammad Rahimxon II vafotidan keyin  xonlik taxtini egallagan Asfandiyorxon maʼmuriy va moliyaviy islohotlar oʻtkazishga kirishdi. Mansabdorlarning vakolatlarini aniq belgilash va ularni davlat gʻaznasi hisobidan doimiy maosh bilan taʼminlash, yerlarni qayta hisoblab, roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularni mutanosib ravishda soliqqa tortish, mehnat majburiyatlarini yengillashtirish kabilar shular jumlasidan edi.

Yuqoridagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 1910-yil 13-15-sentyabrda Sayyid Asfandiyorxonning manifesti eʼlon qilindi. Islohotlar doirasida mamlakat poytaxtida ilk pochta-telegraf va shifoxona qurish rejasi tasdiqlandi. Xiva shifoxonasini bunyod etish tashabbusini 1910-yili Xiva xoni Sayyid Asfandiyorxon bosh vazir Islomxoʻja hamrohligida Sankt-Peterburgga uyushtirgan safari davomida Rossiya imperatori Nikolay II bilan uchrashuvi chogʻida bildirgan edi. Islomxoʻja Nikolay II ning oʻgʻli shahzoda Aleksey Nikolayevich sharafiga mazkur shifoxonani barpo etishni taklif etgan.

Asfandiyorxon manifesti asosida 1911-yil 20-22-yanvar kunlari 10 boʻlimdan iborat islohot dasturi ishlab chiqilib, saroy amaldorlari kengashi tomonidan tasdiqlandi. Biroq jadal boshlangan chora-tadbirlar bosh vazir Islomxoʻjaning oʻlimi tufayli nihoyasiga yetmay qoldi. Petrogradda roʻy bergan fevral inqilobi Xiva xonligiga ham taʼsir koʻrsatdi. 1917-yil 5-aprelda yosh xivaliklar talabi bilan Asfandiyorxon manifesti eʼlon qilindi. Unga koʻra, xon hokimiyati cheklanib, vakillik organi — majlis tuzish koʻzda tutildi. Keyinchalik siyosiy kuchlar muvozanatidagi oʻzgarishlar natijasida Asfandiyorxon avvalgi mavqeini qayta tiklab, manifestda belgilangan vazifalarni bajarishdan bosh tortdi va xonlik boʻylab yosh xivaliklarga qarshi tazyiqlar boshlandi. Koʻp oʻtmay, Asfandiyorxon turkman urugʻi sardori Junaidxon askarlarining fitnasi qurboni boʻldi. 1918-yili Xiva taxtiga Sayyid Abdullaxon oʻtqazildi. Qizil askarlar Xiva xonligini bosib olgach, Sayyid Abdullaxon 1920-yil 2-fevralda taxtdan voz kechishga majbur boʻldi. Shu bilan Xorazmda qoʻngʻirotlar sulolasi hukmronligi rasman yakunlandi!

Qahramon YAKUBOV,

OʻzFA Sharqshunoslik instituti

yetakchi ilmiy xodimi,

tarix fanlari doktori