Oqshom chogʻi moʻjazgina mahallamizda hayot joʻsh urar, hovlilardan chiqib kelgan bolalarning samimiyatga toʻla kulgilari oʻyin ishtiyoqi bilan tutashib, tuproq hidi kelib turgan mahalla qiyofasiga oʻzgacha mazmun, ruh bagʻishlardi. 

Kinotasmasidek koʻz oldimdan oʻtayotgan tasvirlarda samimiyat balqib turgan yuzlar, jarangli kulgilar, tortishuvlar birin-­ketin oʻtib boradi. Eng sevimli oʻyinimiz “Oq terakmi, koʻk terak”ka hozirlik koʻramiz. Tezda ikki guruhga boʻlinib, bir-birimizga qarshi saf tortamiz. Guruhimiz yetakchisi raqib tomonga qarab baland ovozda soʻraydi:

— Oq terakmi, koʻk terak, bizdan sizga kim kerak?

— Gulchehra kerak!

Gulchehra yugurgancha raqib safini yorib oʻtishga harakat qiladi. Bu oʻyinning eng haya­jonli lahzasi. Shiddat zarbiga dosh bera olmagan raqib jamoasining safi buziladi.  U oʻzi bilan qarshi tomondan bir bolani olib ketadi. Keyin navbat bilan yana chaqiriladi...

Bolalik vaqtni his qilmaydi. Allamahalgacha davom etgan oʻyindan soʻng kattalarning qistovi bilan yuzlarimiz hayajon va harakatdan boʻgʻriqqancha uy-uyimizga tarqalamiz. 

Oʻyinlarning ham ruhi boʻlsa kerak. Bu ruh oʻsha paytda harakatchan, vujudi va qarashlari sogʻlom, chiniqqan bolalarga doʻstlik va hayotdan zavq olish qobiliyatini ulashgan boʻlsa ajab emas. Oʻyinlardan ruhu tanga koʻchgan jismoniy kuch, tezkorlik, jamoaviylik va mardlik sifati keyinchalik iroda, sabr, chidam, qayta urinib koʻrish kabi fazilatlarni yuzaga keltirdi. Bular esa hayot yoʻllarida bot-bot qoʻl keldi, barchamizni sinovlar qarshisida mardona turish, ogʻir vaziyatlarda oʻzini yoʻqotmaslik, qiyinchiliklarga qaramay harakatda davom etishga oʻrgatdi.

Shu kunlarda...

Xalq oʻyinlari hamisha yosh avlodni halollik, chapdastlik, jasorat, oriyat kabi insoniy fazilatlar, jismonan baquvvat, sogʻlom boʻlishga undagan. Orzu-istaklar va intilishlar ifodasi boʻlgan bu oʻyinlar sayillar, bayramlarga koʻrk bagʻishlagan. Kurashlarda halol, mard polvon, uloqda chap­dast va mohir chavandoz olqishlangan. ­Deyarli barcha harakatlar zamiridan mehnat va jismoniy tarbiyaga oshnolik, sogʻlom avlod orzusi oʻrin olgan.

Ana shu ezgu anʼana bugungi kunda yangicha maʼno va mazmun bilan davom ettirilmoqda. Shu kunlarda olis qishloqlar, togʻ yon bagʻirlari, dalalar va yaylovlarda bahorgi sayillar boʻlib oʻtyapti. Har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar tashkil etilmoqda. Harakatli oʻyinlar zamiridagi elu yurt xizmatiga kamarbastalik, vatanga muhabbat tuygʻularini his qilish qiyin emas. Qolaversa, sogʻlom turmush tarzi shakllanishida ularning oʻrni alohida.

Izlanishlar harakatli oʻyinlar funk­sional organlar faoliyatini boshqaruvchi markaziy nerv tizimiga har tomonlama ijobiy taʼsir etishini isbotlagan. Oʻyin davomida bolalar muayyan rollarga, obrazlarga kirishi ularda izlash, ijodkorlik, topqirlik, zukkolik kabi xislatlar, xotira, diqqat, idrok, tafakkur, iroda kabi qobiliyat, mardlik, botirlik, jasurlik kabi fazilatlarni shakllantiradi. Bolalarning jismonan salomatligi, sogʻlom ruhiyati kamol topishida bu oʻyinlarning ahamiyati  katta.

— Xalq oʻyinlari erkaklar, ayollar va aralash oʻyin turlariga boʻlinadi, — deydi filologiya fanlari doktori, professor Shomirza Turdimov.  — Masalan, qizlar oʻynaydigan “toʻp tosh”da qoʻl va koʻz harakatlari uygʻunligi vositasidagi harakatlar insonning fikrini bir joyga jamlashi bilan xarakterlanadi. Qiz bola toshni bir joyga jamlaydi, sanaydi va keyin sochib yuboradi. Oʻyin paytida oʻziga xos ohang bilan qoʻshiq aytadi. Qoʻshiq ohangi qoʻl harakatlari bilan uygʻun, bu esa butun vujud va ruhga oso­yishtalik bagʻishlaydi. 

Xalqimizda “poʻta soldi” degan oʻyin bor. Poʻta — belbogʻ degani. Bu oʻyinni qizlar ham, oʻgʻil bolalar ham davra boʻlib oʻynaydi. U ishtirokchilarni yugurishga ­undaydi. Yugurayotgan bola belbogʻni olishga ulgurishi kerak. Chaqqonlik, chapdastlik vujudni silkitib, mushaklarni harakatga keltiradi. Oʻpka toʻyib nafas oladi.

“Quvlashmachoq”, “mokki” oʻyinlari yurish, yugurishni ragʻbatlantirsa, “qarmoqcha”, “doʻngdan doʻngga”, “qarichma-qarich” oʻyinlarida toʻxtash, sakrash talab etiladi. “Tortishmachoq”, “kun va tun”, “koʻp uchun kurash”, “otib qochar” oʻyinlari esa kuch, tezkorlik, chidamkorlik, egiluvchanlikka oʻrgatadi.

“Chillak” “tortishmachoq”, “supur-­supur”, “tosh koʻtarish”, “ot ustida kurash”, “koʻpkari”, “lanka”, “arqon tortish” oʻyinlari haqida katta avlod vakillari yaxshi biladi. Bularning barchasi bir vaqtning oʻzida ham jismoniy, ham ruhiy salomatlikni mus­tahkamlaydi.

Masalan, “chillak” oʻyinida bir zum nafas olmaslik sharti bor. Oʻyin natijasiga koʻra, yutqazgan tomon nafas olmasdan yutgan tomonni belgilangan masofadan  olib kelishi kerak. Nafasni ushlab turish talab etiladi, bu esa oʻpka kengayishiga sabab boʻladi. Oʻpkaning kengayishi yurak-qon tomirlari faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoda eng koʻp uchraydigan onkologik kasallik turi — oʻpka saratoni. Har yili 2,5 millionga yaqin kishiga shu tashxis qoʻyiladi. Har qanday kasallikdan himoya insonning turmush tarzi, xatti-harakati bilan bogʻliqligini inobatga olsak, harakatli ­oʻyinlar, ular orqali vujudga keladigan sogʻlom jism va ruhiyat xastaliklarning ajo­yib profilaktikasi ekani ayon boʻladi.

Yovqurlar bellashuvi

Bolaligimda bobomning ikkita nonni belbogʻiga tugib, olis togʻli qishloqqa, koʻpkariga otlanganiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Bobom sogʻlom va baquvvat, oʻktam qarashlarida hayotning chuqur maʼnosi bor inson edi. U har gal koʻpkari haqida gapirarkan, ot ustida shamoldek yelgan kunlari xotirasida jonlanar, yorqin va shukuhli gʻalabalar haqidagi hikoyalarni biz gʻurur va hayajon bilan tinglardik. Hikoyalar bizni bellashuv maydonlariga olib borar, yuzlari bahorning salqin shamolida afsonaviy qiyofa kasb etgan, raqiblar orasida jasorat va gʻurur bilan ot surgan bobom jism yovqurligi, ruh salomatligida betimsol edi goʻyo.

— Koʻpkari mardlar, polvonlar, dovyurak­lar bellashuvi, — deydi pedagogika fanlari doktori, professor Talʼat Usmonxoʻjayev. —  U qadimda hosil bayrami, toʻylar, bahorgi sayillarda oʻynalgan. Tomoshaga kelganlar xavfsizligi, oʻyinga xalaqit bermasligi uchun moʻljallangan maydon arava (hozir avtoulovlar) bilan oʻraladi. Tomoshabin uzoqroqdan turib kuzatadi. Koʻpkari-uloq azaldan yigitlarni mohir ovchi, mergan, kuragi yerga tegmaydigan pahlavon, jismonan baquvvat, sogʻlom qilib tarbiyalagan. Tiniq va toza havo, faol bir muhit, tabiat bilan yaqinlik, qizgʻin bellashuv va his-hayajon odamlar kayfiyatini koʻtargan. Chavandozdagi chapdastlik, qiyin pallalarda zarur qarorni qabul qilishi, sabr va matonati ruhiy salomatlikka ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Bugun ham hududlarda xalq sayillarida koʻpkari-uloq qizgʻin bellashuvlar asosida oʻtkazib kelinyapti. Mohir chavandozlar kashf etilyapti, el olqishi va hurmatiga sazovor boʻlmoqda. 

— Koʻpkari tez harakat talab qiladigan oʻyin, — deydi Talʼat Usmonxoʻjayev. — Bellashuv uchun moʻljallangan maydon oʻrtasiga bakovul uloq tashlaydi. Uloqni qoʻlga kiritish uchun chavandozlar harakati boshlanadi. Qalblar yuzlab otlar dupuridan junbushga keladi. Uloqni maydondan olib chiqish gʻoliblik sanaladi. Gʻalaba uchun kurash keskin, shiddatli kechadi. Yaxshi ot, bilak kuchi, mohirlik, chap­dastlik gʻalaba garovidir. Bu yerda yigitning ori, gʻururi sinaladi. Kurashlarda qatʼiyat, iroda bilan birga jism va ruh salomatligi ham toblanib boradi.

Belbogʻli kurash

 Qadimgi xalq ­sayillari, bayramlari va toʻylarining koʻrki boʻlgan belbogʻli kurash Fargʻona vodiysi va unga tutash hududlar — Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida rivoj­langan. Polvonlar yurt oqsoqollari va ulugʻlaridan duo olib maydonga tushgan. Bu kurash turida oʻzbekona lutf, mardlik va halimlik oʻz ifodasini topgan. Bellashuvda gʻolib chiqqan polvon yiqilgan raqibini hurmat bilan turgʻizib qoʻyadi. Yengilgan polvon ham raqibiga tan berib, yelkasiga qoqib qoʻyadi. Bu ham mardlik, adolatparvarlik, oʻzidan kuchsiz odamga hurmat koʻrsatish kabi fazilatdir.

Belbogʻli kurashning koʻp jihatlari oʻzbek xalq milliy kurashiga oʻxshab ketadi, lekin bunda polvonlar asosan belbogʻ orqali kurashadi, — deydi ­Talʼat Usmonxoʻjayev. — Kurash qoidalariga kelsak, bahslarda polvonlar bir-birining belbogʻidan ushlab bellashadi. Belbogʻni qoʻyib yuborish mumkin emas. Barcha ­harakatlar belbogʻni ushlagan holda bajariladi. Asosiy maqsad raqibni muvozanatdan chiqarib, yerga yiqitish. Gʻirrom boʻlmagan aniq harakatlar gʻalabani taʼminlaydi.

Kurashchi alpqomat, epchil boʻlibgina qolmay, raqibi harakatlarini tana orqali sezish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Bu kurashda yurak-qon tomirlari mustahkamlanadi. Mushaklarning kuchli boʻlishi qomatni tik saqlashga yordam beradi. Asabiylikni yengish, oʻziga ishonchning ortishiga zamin yaratadi.  Intizom, hurmat va odob, sabr-toqat va matonat shakllanadi. Ruhiy barqarorlikka sabab boʻladi.

—  Bu sport turi, ayniqsa, bolalar salomatligini yaxshilaydi, agar u toʻgʻri va nazorat ostida bajarilsa, — deydi bolalar shifokori Nigora Norbekova. — Kurash mashgʻulotlari organizmni chiniqtirib, mushaklar ishini yaxshilaydi. Qon aylanishi, yurak faoliyatiga ijobiy taʼsir qiladi. Kuch va chidamlilik harakatlarni aniq va muvofiq bajarishga oʻrgatadi. Lekin mashqlar malakali murabbiylar nazoratida oʻtkazilishi maqsadga muvofiq. 

Ezgu qadriyat bolalar qalbiga qaytadimi?

Olis bolalik yillarining tuproq koʻchalari. Ariqlarni toʻldirib oqqan suv faqat muhit emas, balki tabiat bilan bogʻlanish imkoni, hayotiy harakat va jismoniy quvvat manbai ham. Ariq ustidan kim koʻp sakrash boʻyicha bellashamiz. Oʻyinlarning turlari koʻp: “berkinmachoq”, “qarmoqcha”, “uzoqqa otish”, “arqon tortish”, “gʻozlar — oqqushlar”... 

Oʻyin uchun moʻljallangan joy — erkin ijod maydoni. Chunki bu maydonda real harakatlar bilan birga tasavvurlar ham ilgari suriladi. Majburiyatlardan xoli, ­tabiiylikka, erkinlikka intilish bor. ­Hayotni anglash, qayta yaratish va unga maʼno berish shu yerdan boshlanadi goʻyo.

— Bolalarga alla aytilganda, ular qoʻshiq ohangini anglay boshlaydi, — deydi ­Shomirza Turdimov. — Ehtimol, allaning maʼnosini tushunmas, lekin bolaning musiqaga munosabati shakllanadi. Topishmoq bolani obrazli fikrlashga yoʻnaltiradi. ­Ertak esa bilimli qiladi. Oʻyinlar bolalarni jamiyatga aralashtiradi. Ishtirokchilar sanama orqali adolat bilan ikki guruhga ajratiladi. Eng asosiysi, oʻyinboshi va oʻyin­ning ishtirok etuvchisi boʻladi. Hamma ham oʻyinboshi boʻlavermaydi. Oʻyinning ichida jamoani boshqaradigan, tartibini tashkil qiladigan, adolat bilan hukm chiqaradigan yetakchilar shakllanadi. Ixtiyoriy oʻynaladi va bolaning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilmaydi. U jamiyatga faol qoʻshiladi. Yurish, yugurish, sakrash va emak­lash kabi harakatlar orqali bola jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetadi. 

Bugun oʻzgacha manzaraga guvoh boʻlyapmiz. Bolalar aksariyat vaqtini kompyuter va gadjetlar qarshisida oʻtkazmoqda. Notoʻgʻri holat skolioz, qon aylanishining yomonlashishi va boʻyin umurtqasiga yukning oshishiga olib kelishi mumkin. Agar bu hol uzoq vaqt davom etsa, bu oʻzgarishlar yanada kuchayadi.

Koʻzlar ekran nuridan aziyat chekadi. Mutaxassislar “quruq koʻz sindromi” yuzaga kelishini taʼkidlamoqda. Bolalar koʻzlariga dam berish uchun muntazam ravishda ekrandan uzoqroqqa qarashlari, yiroqdagi narsalarga eʼtibor qaratishi muhim. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanib qolgan oʻsmirlarda yolgʻizlik hissi ham kuchayadi. 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, dunyo boʻylab bolalar oʻrtasida ortiqcha vazn va semirish koʻrsatkichlari oshib bormoqda. 2025-yilda ilk bor bolalar oʻrtasida semirish holatlari ozgʻinlik koʻrsatkichlaridan ancha yuqori boʻlgan. Xususan, maktab yoshidagi har oʻninchi bola va oʻsmir semirishdan aziyat chekyapti. Har beshinchisi, yaʼni jami 391 million oʻgʻil-qiz ortiqcha vaznga ega. Shuningdek, dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qand­li diabetga chalingan.

Tadqiqotchilar buni nosogʻlom ovqatlanish ratsioni, yaʼni arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlar isteʼmoli ommalashgani bilan bogʻlashayotgan boʻlsa-da, yana bir omilni istisno qilib boʻlmaydi. Bu — kamharakatlilik. Mushaklar kuchining zaiflashishi va qon aylanishi buzilishi, nafas siqilishi, charchoq, mehnat va oʻqish qobiliyati pasayishi, turli surunkali kasalliklar kamharakatlilik ortidan yuzaga kelishi sir emas.

Bu holda nima qilish mumkin? Milliy oʻyinlarning jozibasi, ohorini bolalar qalbiga qaytarish yoʻllari bormi?

— Bunday oʻyinlarning ayrim turlarini zamonaviy sport yoki taʼlim texnologiyalari bilan uygʻunlashtirish kutilgan natijani berishi mumkin, — deydi Talʼat Usmonxoʻjayev. — Bunda mutaxassislarning ijodkorligi katta ahamiyatga ega. Bolalarni butun qalbi bilan yaxshi koʻradigan, ular bilan shugʻullanishdan charchamaydigan ustoz, ijodkorlar kerak. Pedagogika sohasida loqaydlik yaramaydi. Bola egiluvchan. Qaysi tomonga yoʻnaltirsang, shu tomonga yuradi. Agar milliy oʻyinlar zamonaviy sport turlari bilan uygʻunlashtirilib, taʼlim jarayoniga tatbiq etilsa, dars jarayonlarida ulardan kengroq foydalanilsa, oʻyinlarning taʼsirchanligi oshadi.

Bugungi kunda milliy oʻyinlarning baʼzilari unutilmoqda. Ularni qayta tiklash va yosh avlodga yetkazish choralarini koʻrish kerak. Avvalo, qaysi milliy oʻyinni tiklash kerakligi, uning manbalarini oʻrganish zarur. Bu ilmiy metodik, qoidaviy, estetik jihatdan puxta amalga oshirilishi shart. Shundagina oʻyinlar folklor darajasidan institutsional, mazmunan yangilangan, goʻzal qadriyat sifatida yosh avlodga taqdim etiladi. 

Professorning taʼkidlashicha, zamonaviy format, musobaqalar, targʻibot oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi. Yoshlar orasida sportga qiziqish, jismoniy kamolotga intilish ortadi. Eski oʻzbekona mahallalar ruhiga mos tarzda oʻtkaziladigan milliy oʻyinlar boʻyicha musobaqalar yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlarni befarq qoldirmasligi, bu, ayniqsa, xalqaro festivallarga aylansa, yurt shuhratini yanada yoyishi shubhasiz. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar qilinishi kerak. Bu innovatsion yangi sport turlari yaratilishiga turtki beradi. Yangi izlanishlar oʻz oʻrnida xalqimiz merosini saqlash va davomiyligini taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Bugungi kamharakatlilik va uning oqibatida yuzaga kelayotgan kasalliklar asorati global muammoga aylanib borayotgan bir paytda xalq harakatli oʻyinlari mohiyatini qayta anglash, ularni zamon ruhiga mos ravishda rivojlantirish zarurati yuzaga chiqmoqda. Milliy oʻyinlarni zamonaviy sport turlari bilan integratsiya qilish,  donishmand xalqning qalb qoʻrini asrash, boyitish, keyingi avlodga bus-butun yetkazish  bugungi kunning muhim vazifasi. Sogʻlom va barkamol millat orzusi bilan hamohang bu vazifa vatanparvar, fidoyi, jismonan baquvvat, ruhan yetuk yigit-qizlarni  voyaga yetkazishi, ularni el-yurt ravnaqi yoʻlida safarbar etishiga ishonchimiz komil.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri