Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining qayd etishicha, «Aviasozlar» bozori hozirda odatiy tartibda faoliyat yuritmoqda. Olib borilayotgan ishlar qonuniy asosda ishlayotgan savdo rastalari va obyektlariga daxl qilmaydi.

Maʼlum qilinishicha, gap bozorga tutash hududda uzoq vaqt davomida tartibsiz va oʻzboshimchalik bilan tashkil etilgan savdoni tartibga keltirish haqida ketmoqda.

Ushbu hududda ayrim fuqarolar meva-sabzavot, goʻsht mahsulotlari hamda kalla-pochalarni tegishli ruxsatnomasiz, sanitariya-epidemiologiya talablarini buzgan holda sotgan. Masʼullar bu holat oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tugʻdirganini taʼkidlmoqda.

Shuningdek, tartibsiz savdo piyodalar harakati va transport qatnoviga toʻsqinlik qilib, tirbandliklar, noqonuniy avtoturargohlar hamda aholi va xaridorlar uchun noqulayliklarni keltirib chiqargani aytildi.

Shahar maʼmuriyati tomonidan savdo infratuzilmasini zamonaviy shahar talablari asosida tartibga solish ishlari izchil davom ettirilayotgani bildirildi. Bu choralar jamoat joylari va bozor hududlarida xavfsiz, qulay va obod muhit yaratishga qaratilgan.

Rasmiy maʼlumotga koʻra, mazkur hududda savdo qilib kelgan fuqarolarga bozor ichidagi qonuniy va maxsus ajratilgan muqobil joylar taklif etilmoqda.

Hududdagi ishlar yakunlanganidan soʻng obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi, shuningdek, avtomobillar uchun yangi turargoh tashkil etilishi rejalashtirilgan.