Loyiha ELIRE Maritime kompaniyasi tomonidan Ricardo UK, Schneider Electric va boshqa hamkorlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Majmua umumiy maydoni taxminan 1200 kvadrat metr bo‘lgan uchta olti burchakli modulli platformalardan iborat. U 45 MVt/soat quvvatga ega batareyalar, yonilg‘i xujayralari, vodorod generatorlari va quyosh panellarini o‘z ichiga oladi. Tizim uzluksiz ravishda 5 MVt/soatgacha energiya ishlab chiqarishi mumkin. Bu o‘rta o‘lchamli kruiz laynerlari va boshqa yirik kemalarni bandargohda bo‘lganlarida elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli.
Qurilma haftasiga taxminan 91 MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 7,5–8 tonna vodorod iste’mol qiladi. Yoqilg‘i 7 ta ISO standartidagi konteynerlarda saqlanadi va zaxira haftasiga ikki marta to‘ldirilishi kerak.
Loyiha mualliflari ushbu texnologiya bandargohlarni dekarbonizatsiya qilishdagi asosiy muammolardan birini — elektr tarmoqlari infratuzilmasining yo‘qligini hal qiladi, deb hisoblashadi. An’anaviy qirg‘oqqa asoslangan elektr ta’minoti tizimlarini yaratish uchun podstansiyalarni modernizatsiya qilish, kabel liniyalarini yotqizish va ko‘plab litsenziyalash tartib-qoidalaridan o‘tish kerak. Boshqa tomondan, suzuvchi elektr stansiyasi bunday cheklovlarni chetlab o‘tib, tizimni ancha tezroq ishga tushirishga imkon beradi.
Konsorsium va Ricardo UK mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu platformadan foydalanish kemalar bandargohda bo‘lganida dizel generatorlariga nisbatan zararli chiqindilarni taxminan 77% ga kamaytiradi. Bu ko‘rsatkich vodorod ishlab chiqarish, tashish va saqlash xarajatlarini hisobga olgan holda ham saqlanib qolmoqda, deb xabar berdi Kazinform.