Adliya vazirligi tomonidan «Banklarni sanatsiya qilishda baholash o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026 yil 10 sentyabrda 3938-son bilan ro‘yxatga olingan.

Unga ko‘ra, banklarni sanatsiya qilish uchun, shuningdek, sanatsiyadan keyin aksiyadorlar va kreditorlarning zararlari aniqlash maqsadida baholash o‘tkaziladi.

Mazkur tartib banklar guruhlari hamda bank aksiyalarining nazorat paketlariga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga ham tatbiq etiladi.

Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Baholovchi tashkilotlarning murojaatlari 2 oyda ko‘rib chiqiladi, ro‘yxat esa yiliga kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.

Baholash bo‘yicha takliflar 15 ish kunida ko‘rib chiqilib, tashkilotning tajribasi, imkoniyatlari, baholash muddati va xizmat haqi inobatga olingan holda tanlov amalga oshiriladi.

Baholovchi tashkilotlarga mustaqillik, malaka, fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash va axborot xavfsizligi bo‘yicha talablar qo‘yiladi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va boshqarish tartibi belgilanadi.

Sanatsiya jarayonida bankning aktivlari, majburiyatlari va balansdan tashqari moddalari baholanadi.

To‘liq baholashni o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lganda Markaziy bank yoki u tayinlagan baholovchi tomonidan dastlabki baholash o‘tkaziladi. Keyinchalik baholovchi tashkilot imkoni boricha qisqa muddatda yakuniy baholashni amalga oshiradi.

Sanatsiyadan keyin aksiyadorlar va kreditorlarning amalda olgan qiymati bank majburiy tugatilgan taqdirda olishi mumkin bo‘lgan qiymat bilan taqqoslanadi. Shu asosda sanatsiya natijasida ularning zarari ko‘paygan yoki ko‘paymagani aniqlanadi.

Baholash xarajatlari bankning moliyaviy holati imkon bersa, bank hisobidan, aks holda Markaziy bank hisobidan to‘lanadi. Keyinchalik ushbu xarajatlar bankdan undiriladi.

Baholash hisobot Markaziy bankka taqdim etiladi. Hisobotning qisqacha mazmuni esa e’lon qilinadi.