Albatta, bularning barchasi muhim. Zero, har qanday davlat oʻz taraqqiyot yoʻlini aniq raqamlar, solishtirma maʼlumotlar va xalqaro mezonlar orqali belgilaydi.

Ammo oddiy inson uchun barqaror rivojlanish tushunchasi butunlay boshqacha maʼnoga ega. Yaʼni bu uyida toza ichimlik suv boʻlishi, farzandi yaxshi maktabda oʻqishi, poliklinikada soatlab navbat kutmasligi, yoshlarning ish topishi, mahallada yoʻl va yoritish yaxshilanishi, havoning tozaligi, tadbirkorning ortiqcha toʻsiqlarsiz ishlashi, davlat idorasida masalasi adolatli hal boʻlishidir.

Shu maʼnoda, BRM faqat BMT kun tartibi yoki xalqaro majburiyat emas. U, avvalo, inson qadri, oila farovonligi, mahalla obodligi va mamlakat kelajagini taʼminlaydigan hayotiy mezondir.

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda BRMni milliy taraqqiyot siyosati bilan uygʻunlashtirish borasida muhim institutsional asos yaratdi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatning keyingi taraqqiyot bosqichini inson salohiyati, ijtimoiy adolat, iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi bilan bogʻlaydi. Biroq bugungi bosqichda eng muhim savol quyidagicha qoʻyilishi kerak: mazkur maqsadlar oddiy odamlar hayotida qanchalik sezilyapti?

Chunki taraqqiyotning haqiqiy mezoni faqat yalpi ichki mahsulot oʻsishi, reytingdagi oʻrin yoki qabul qilingan dasturlar soni bilan oʻlchanmaydi. U odamlarning kundalik hayotidagi oʻzgarish bilan baholanadi.

Prezidentimizning oʻtgan yili Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakat iqtisodiy oʻsishi, ­infratuzilma rivoji va aholi turmush sharoiti bilan bogʻliq muhim natijalar qayd etildi. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatga yetgani, 715 ming aholi xonadoniga birinchi marta toza ichimlik suv yetib borgani, yana 2,3 million aholi uchun suv taʼminoti yaxshilangani taʼkidlandi. Shuningdek, kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani maʼlum qilindi.

Bu raqamlar, shubhasiz, katta ijobiy oʻzgarishlardan dalolat beradi. Lekin BRM nuqtayi nazaridan yana bir savol muhim: bu natijalar barcha hududlar, barcha mahallalar va ijtimoiy guruhlar hayotida birdek ­sezilyaptimi?

Agar respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich yaxshi boʻlsa-yu, ayrim chekka mahallada suv tanqisligi saqlansa, shaharda yangi uylar qurilsa-yu, boshqa hududlarda yoshlar barqaror ish topishda qiynalsa, umumiy taʼlim qamrovi oshsa-yu, ayrim maktablarda sifat muammosi qolsa, demak BRMni amalga oshirishning navbatdagi bosqichi hali oldinda.

Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston uchun bugungi vazifa katta strategiyalarni mahalla, oila va inson hayotiga yanada chuqurroq tushirishdir.

Yordamdan doimiy daromadga oʻtish zarur

Kambagʻallikni qisqartirish Oʻzbekistonda keyingi yillarda davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, barqaror taraqqiyotning eng muhim sharti insonning munosib turmush kechirishi, barqaror daromadga ega boʻlishi va hayotda oʻz imkoniyatini roʻyobga chiqara olishidir.

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2024-2025-yillarda Oʻzbekistonda aholi daromadlari oʻsishi, ayniqsa, past daromadli qatlamlar uchun ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Natijada kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgan, aholi daromadlari oʻrtasidagi tafovut ham bir oz qisqargan.

Bu ijobiy natijani endi mustahkamlash kerak. Kambagʻal oilaga nafaqa yoki bir martalik yordam berish zarur, ammo undan ham muhimrogʻi shu oilaning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishidir. Buning uchun har bir kambagʻal oila boʻyicha “daromad xaritasi” ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq: kim kasb oʻrganadi, kim ishga joylashadi, kim mikrobiznes boshlaydi, kimga ijtimoiy xizmat kerak, kimni kooperatsiyaga ulash mumkin — bular qogʻozda emas, mahalla darajasida aniq koʻrinishi lozim.

Kambagʻallikni qisqartirishning keyingi bosqichi “ijtimoiy yordam”dan “iqtisodiy faollik”ka oʻtish bilan bogʻliq. Yaʼni yordam oluvchi oila asta-sekin oʻz daromadi, kasbi, biznesi yoki mehnat bozoridagi oʻrni orqali mustaqillikka chiqishi lozim. Bu BRMning haqiqiy natijasi boʻladi.

Qamrovdan sifatga koʻchish vaqti keldi

Taʼlim BRMning eng muhim yoʻnalishlaridan biri. Chunki sifatli taʼlim boʻlmasa, kambagʻallikni qisqartirish ham, innovatsion iqtisodiyot qurish ham, munosib ish oʻrinlarini yaratish ham qiyin.

Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim va oliy taʼlim qamrovini kengaytirish boʻyicha katta ishlar qilindi. Lekin keyingi bosqichda asosiy urgʻu qamrovdan sifatga koʻchishi kerak. Bolalar maktabga boryaptimi bu — birinchi savol. Ammo undan ham muhim savol bor: bola maktabda nimani oʻrganyapti?

Bitiruvchi mustaqil fikrlay oladimi? Raqamli koʻnikmalarga egami? Mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladimi? Kasb tanlashga tayyormi? Oliy taʼlim yoki kasb-hunar tizimi uni real iqtisodiyotga bogʻlay olyaptimi?

Shuning uchun har bir hududda taʼlim natijalari mahalliy iqtisodiyot ehtiyojlari bilan bogʻlanishi kerak. Qaysi tumanda agro qayta ishlash rivojlanmoqda, qaysi hududda turizm, qaysi joyda sanoat, qaysi shaharda xizmat koʻrsatish va raqamli iqtisodiyot oʻsmoqda — taʼlim va kasbga tayyorlash dasturlari shu ehtiyojlarga moslashishi lozim.

Sifatli taʼlimning haqiqiy mezoni faqat maktablar soni yoki qamrov darajasi bilan oʻlchanmaydi. U, avvalo, bolaning bilimi, oʻqituvchining salohiyati, maktab muhiti, kasbiy yoʻnaltirish, raqamli imkoniyatlar va bitiruvchining mustaqil hayotga tayyorligida namoyon boʻladi.

Sogʻliqni saqlashda hal qiluvchi boʻgʻin

Fuqaro uchun sogʻliqni saqlash sohasidagi islohot, avvalo, oʻz mahallasida, oʻzi qatnaydigan poliklinikasida seziladi. Yirik tibbiyot markazlari, zamonaviy uskunalar va ixtisoslashgan klinikalar muhim. Lekin oddiy odam uchun eng birinchi savol boshqacha: u shifokor qabuliga oʻz vaqtida kira olyaptimi? Dori topilyaptimi? Tahlil topshirish osonmi? Bolasiga profilaktik yordam bormi? Keksa ota-onasiga tibbiy xizmat yetib boryaptimi?

Shu bois, sogʻlom turmush va farovonlikning maqsadi birlamchi tibbiy xizmatni kuchaytirish bilan chambarchas bogʻliq. Poliklinikada navbat, shifokor yuklamasi, dori-darmon mavjudligi, onalar va bolalar salomatligi, surunkali kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi ochiq va doimiy baholanadigan koʻrsatkichga aylanishi kerak.

Sogʻliqni saqlashdagi eng katta samara kasallikni davolashdan oldin uning oldini olishda koʻrinadi. Shuning uchun profilaktika, sogʻlom ovqatlanish, ­jismoniy faollik, ekologik xavflar va aholi salomatligi oʻrtasidagi bogʻliqlik mahalla darajasiga tushuntirilishi lozim.

Arzon va qulay

Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishi taʼsirini chuqur his etayotgan mamlakatlardan biri. Suv tanqisligi, yer degradatsiyasi, havo sifati, choʻllanish, energiya samaradorligi va shaharlarda ekologik bosim — bularning barchasi BRM bilan bevosita bogʻliq.

“Yashil iqtisodiyot” deganda faqat yirik quyosh yoki shamol elektr stansiyalari tushunilmasligi kerak. Albatta, bunday loyihalar strategik ahamiyatga ega. Lekin oddiy inson uchun “yashil iqtisodiyot” uyida elektr taʼminoti barqaror boʻlishi, isitish xarajati kamayishi, koʻchasida daraxtlar koʻpayishi, chiqindi oʻz vaqtida olib ketilishi, suv tejovchi texnologiyalar arzon va qulay boʻlishi, jamoat transporti va havo sifati yaxshilanishidir.

Shuning uchun toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya, barqaror shaharlar, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash hamda yer resurslari va ekotizimlarni muhofaza qilish bilan bogʻliq maqsadlar bir-biridan ajralgan holda emas, yagona hayotiy zanjir sifatida koʻrilishi kerak. Suv tejalsa, qishloq xoʻjaligi barqarorlashadi. Energiya samaradorligi oshsa, korxona xarajati kamayadi. Havo tozalansa, aholi salomatligi yaxshilanadi. Shaharlar yashillashsa, hayot sifati ortadi.

Ekologiyaga faqat “tabiatni muhofaza qilish” mavzusi sifatida emas, iqtisodiyot, sogʻliq, taʼlim, shaharsozlik va ijtimoiy adolat bilan bogʻliq umummilliy masala sifatida qarash vaqti keldi.

Mahalla darajasidagi BRM pasporti

BRM koʻrsatkichlari xalq hayotida sezilishi uchun ularni mahalla darajasigacha tushirish zarur. Respublika yoki viloyat boʻyicha oʻrtacha raqamlar muhim, ammo ular har doim ham aniq muammoni koʻrsatib bermaydi.

Masalan, viloyatda ichimlik suv qamrovi oshgan boʻlishi, ammo ayrim mahallalarda hali ham suv muammosi saqlanishi mumkin. Xuddi shunday, tumanda ishsizlik kamaygani holda muayyan mahallada yoshlar ish topishda qiynalishi kuzatiladi. Shaharda yoʻllar taʼmirlangani aytilsa-da, ayrim koʻchalarda yoritish yoki piyodalar xavfsizligi muammosi koʻrinadi.

Shuning uchun har bir tuman va mahalla kesimida “BRM hayotiy pasporti”ni joriy etish maqsadga muvofiq. Unda aholi uchun eng muhim koʻrsatkichlar aks etishi kerak: ichimlik suv, elektr taʼminoti, yoʻl holati, maktab va bogʻcha sharoiti, poliklinika xizmati, chiqindi yigʻish, yoshlar bandligi, ayollar daromadi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay muhit, havo sifati, internet va davlat xizmatlari.

Bu maʼlumotlar faqat idoralar uchun emas, aholi uchun ham ochiq va tushunarli boʻlishi lozim. Odamlar oʻz mahallasida qaysi koʻrsatkich yaxshilanganini, qaysi muammo saqlanayotganini, qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratilganini bilishi kerak.

Byudjet natijaga bogʻlansa, islohot salmogʻi ortadi

BRMni amaliy natijaga aylantirish uchun mahalliy byudjetlar va infratuzilma loyihalarini aniq natijalar bilan bogʻlash zarur. Hududga mablagʻ ajratishda faqat aholi soni yoki umumiy ehtiyoj emas, balki natija ham hisobga olinishi kerak.

Masalan, qaysi tumanda ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi, qaysi mahallada ishsiz yoshlar soni kamaydi, qaysi hududda maktabgacha taʼlim qamrovi oshdi, qaysi shaharda havo sifati yaxshilandi, qaysi joyda fuqarolar davlat xizmatlaridan koʻproq qoniqdi — shu natijalar hududlar faoliyatini baholashda asosiy mezonga aylanishi lozim.

Boshqacha aytganda, mablagʻ sarflangani emas, natija bergani, qurilish qilingani emas, aholi undan foydalanayotgani, dastur qabul qilingani emas, odamlar hayotida oʻzgarish sezilgani muhim.

Bu yondashuv davlat boshqaruvida ham, jamoatchilik nazoratida ham yangi madaniyatni shakllantiradi.

Ochiqlik va jamoatchilik bahosi

BRMni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, mahalliy kengashlar, ilmiy markazlar va mustaqil ekspertlar faol ishtirok etishi kerak. Chunki faqat idoralar hisobotiga tayanilsa, ayrim muammolar koʻrinmay qolishi ehtimoli mavjud.

Davlat xaridlari, qurilish, subsidiya, ijtimoiy yordam, yer ajratish, kommunal xizmatlar va mahalliy infratuzilma loyihalari boʻyicha “ajratilgan mablagʻ — bajarilgan ish — fuqaro bahosi” zanjiri ochiq boʻlishi lozim. Har bir mahallada qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratildi, kim bajardi, muddat qanday, aholi bu ishdan rozimi — maʼlumotlar sodda tilda eʼlon qilinsa, davlat boshqaruvida ochiqlik va jamoatchilik ishonchi yanada mustahkamlanadi. Bu yerda jamoatchilik nazorati davlatga qarshi emas, aksincha, islohotlarning sifatini oshirishga xizmat qiladigan konstruktiv mexanizmdir. Fuqarolik jamiyati institutlari aynan shu jarayonda davlat va aholi oʻrtasida ishonch koʻprigi vazifasini bajaradi.

Raqobat emas, hamkorlik

BRMni amalga oshirishda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Chunki suv, iqlim, energetika, transport, savdo, migratsiya va ekologik xavflar milliy chegara ­tanlamaydi.

Qozogʻistondan sanoat kooperatsiyasi, raqamli xizmatlar, mehnat unumdorligi va yuqori qoʻshilgan qiymatli tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha oʻrganish mumkin. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan suv-energetika muvozanati, togʻli hududlarda iqlim xavflari, chegaraoldi savdo va mehnat migratsiyasi masalalarida qoʻshma yechimlar zarur. Turkmaniston bilan energetika, transport va ekologik barqarorlik boʻyicha amaliy hamkorlik BRM nuqtayi nazaridan muhim.

Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, chegara masalalarini hal etish, transport bogʻliqligini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni kuchaytirish borasidagi tashabbuslari barqaror taraqqiyot uchun sheriklik va oʻzaro ishonch qanchalik muhim ekanini koʻrsatmoqda. Murojaatnomada ham 2025-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammiti va Xalqaro iqlim forumi oʻtkazilgani, shuningdek, Xoʻjandda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilari uchrashuvida muhim kelishuvlarga erishilgani mintaqaviy barqarorlik nuqtayi nazaridan alohida qayd etildi.

Bu jarayonlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston uchun BRM nafaqat ichki islohotlar, balki mintaqaviy barqarorlik va hamkorlik kun tartibining ham muhim qismiga aylanmoqda.

Xulosa oʻrnida

Oʻzbekistonda BRMni amalga oshirish uchun siyosiy iroda ham, strategik asos ham, islohotlar tajribasi ham mavjud. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, kambagʻallikni qisqartirish siyosati, mahallabay ishlash tizimi, “yashil” energetika, suv tejash, taʼlim va sogʻliqni saqlash islohotlari, raqamli davlat xizmatlari va mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari BRM bilan bevosita uygʻun.

Barqaror rivojlanish maqsadlari xalq uchun tushunarsiz xalqaro atama boʻlib qolmasligi kerak. U mahalladagi toza suvda, bolaning sifatli taʼlimida, onaning tibbiy xizmatga yetishida, yoshlarning ish topishida, tadbirkorning erkin faoliyatida, shahar havosining tozaligida va fuqaroning davlatga ishonchida namoyon boʻlishi kerak.

Shundagina BRM Oʻzbekiston uchun tashqi hisobot emas, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining hayotiy mazmuniga aylanadi. Barqaror rivojlanishning asl maqsadi ham shu — raqamlarni emas, inson qadrini yuksaltirish.

Jahongir ISAYEV,

“Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʻlim boshligʻi