Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi nafaqat siyosiy, diplomatik va iqtisodiy doiralarda, balki ikki xalqning keng jamoatchiligi va qalb to‘rida alohida aks sado bermoqda.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar asrlar sinovidan o‘tgan, tarix siyohdonida o‘chmas qilib muhrlangan ma’naviy, madaniy va chuqur insoniy rishtalarga tayanadi. Bu zamonlar to‘fonida ham yemirilmagan, teran ildizlari bir-biriga tutashib ketgan boqiy daraxtdir.
Ikki buyuk sivilizatsiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik tarixiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘z oldimizda avvalo buyuk qomusiy olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning mahobatli siymosi gavdalanadi. Uning “Kitob-ul hind” (“Hindiston”) asari o‘zga madaniyat, e’tiqod, til va falsafaga bo‘lgan sharqona bag‘rikenglik va yuksak hurmatning oliy namunasidir.
Beruniy hind zaminiga ushbu o‘lka va xalqning ruhini uqish, boy madaniyati va ilmini anglash ishtiyoqida qadam qo‘ygan edi. U sanskrit tilini mukammal egallab, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari tafakkuri o‘rtasida ilk ma’rifiy va ilmiy ko‘prik soldi.
Asrlar davomida bu ko‘prikdan nafaqat olimlar va savdogarlar, balki davlatchilik madaniyatini yuksaltirgan buyuk arboblar ham o‘tdi.
Tarix zarvaraqlari va mo‘tabar manbalar ko‘rsatadiki, Dehli sultonligi asoschisi va birinchi sultoni Qutbiddin Oybek kelib chiqishi asli zamonaviy O‘zbekistonning janubiy hududlaridan bo‘lgan. Bugun Dehli osmoniga bo‘y cho‘zib turgan, Sharq me’morligining betakror mo‘jizasi hisoblanmish Qutb Minor obidasi aynan shu ajdodimizning boqiy merosi, ikki zamin o‘rtasidagi mustahkam tarixiy poydevorning va uzoq asrlik do‘stlikning yorqin ifodasidir.
Bu obida poyida turganingizda, tuproqlarimiz va taqdirlarimiz naqadar mushtarak ekanini ruhan his qilasiz.
O‘zbek va hind xalqlarining ma’naviy yaqinligi, ayniqsa, adabiyot va san’at gulshanida yanada teranroq, yorqinroq namoyon bo‘ladi. Sharq she’riyatining sarbaland cho‘qqilari bo‘lmish Amir Xusrav Dehlaviy, teran satrlari bilan qalblarni larzaga solgan Mirzo Bedil va so‘z san’atining betakror sultoni Mirzo G‘olib kabi buyuk siymolarning ota-bobolari va ildizlari aynan o‘zbek zaminiga borib taqaladi. Allomalar qonida markaziy osiyolik ajdodlarning irodasi, qalamida esa hind falsafasining nafis badiiyati gulladi.
Ularning qalamidan to‘kilgan bebaho durdonalar hind va sharqona irfonning tengsiz uyg‘unlashuviga aylandi. Ushbu adabiy oqim Alisher Navoiydan tortib, Furqatu Ogahiygacha, Boburdan to Nodirabegimgacha bo‘lgan shoirlarimiz ijodiga beqiyos manba va ma’naviy ozuqa berdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari — boburiylar sulolasi esa bu ikki madaniyatni yagona san’at va me’morlik shoh asariga aylantirdi. Dunyo tan olgan mo‘jizalardan biri deb e’tirof etiladigan Tojmahal va mahobatli Qizil qal’a ana shu tarixiy uyg‘unlikning, o‘zbek va hind madaniyatlari tutashgan cho‘qqining boqiy ramzidir.
Bu iliqlik, qadriyatlar mushtarakligi va ruhiy yaqinlik nafaqat tarix sahifalari yoki muzey eksponatlarida muhrlangan, balki kundalik hayotimizda, tilimizda va tafakkurimizda yashashda davom etmoqda.
Hindistonda yillar davomida faoliyat yuritgan, bu ajoyib mamlakatning turli hududlarida bo‘lgan inson sifatida ishonch bilan ayta olamanki, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘xshashlikni deyarli har kuni, har bir muloqotda va insoniy munosabatlarda kashf etish mumkin.
Bu yaqinlik men uchun kundalik mehnat jarayonida ishonchli suyanchga, ijodiy va kasbiy ilhom manbaiga aylangan.
Agar tillarimizga e’tibor qaratsangiz, lingvistik mo‘jizaning guvohi bo‘lasiz. Xususan, urdu tili shakllanishida turkiy so‘zlarning o‘rni beqiyos. Bugun ham hind va urdu tillarida faol qo‘llanilayotgan “qo‘shin”, “yigit”, “xonim”, “ulug‘” va boshqa minglab tub turkiy so‘zlar shunchaki lingvistik fakt yoki tasodif emas, til, shuur va tafakkur ildizlarimiz tutashligining yaqqol ifodasidir.
Tildan tashqari mentalitetimiz va dunyoqarashimizdagi o‘xshashliklar ham odamni hayratga soladi.
Oilaviy muhitdagi chuqur mehr-oqibat, kattalarga va ota-onaga yuksak hurmat, mehmonni Yaratganning nuri deb bilish, samimiyat va bag‘rikenglik kabi tushunchalar har ikki xalqning qonida va suyak-suyagida bor. Raj Kapur, Hema Malini, Amitabh Bachchan, Ayshvariya Ray, Shohrux Xon va boshqa kino yulduzlarining o‘zbek xonadonlariga jigargohdek va o‘z odamidek kirib kelgani, hind kuylarining davralarimizda yangragani manbasi ham aynan shu teran ruhiy yaqinlikdadir.
Bugungi kunda ko‘p asrlik va ma’naviy do‘stlik tarixiy xotiralar bilan cheklanib qolmay, mutlaqo yangicha, izchil va zamonaviy qiyofada rivojlanmoqda.
Hozir Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va boshqa qator shaharlarimizdagi nufuzli tibbiyot oliy bilim yurtlarida minglab hind yoshlari tahsil olmoqda, yurtimizning mehmondo‘st muhitida o‘z kelajagini barpo etmoqda.
Shu bilan birga, ko‘plab yurtdoshlarimiz Hindistonning dunyoga dong taratgan zamonaviy tibbiyot markazlarida salomatligini tiklab qaytmoqda, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalardagi millionlab dollarlik investitsiyaviy loyihalar xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat, so‘nggi yillarda Hindistondan O‘zbekistonga intilayotgan sayyohlar oqimi keskin ko‘paydi.
Hind sayyohlari uchun Samarqand va Buxoroning moviy gumbazlari, Toshkentning zamonaviy va osoyishta ko‘chalari, Xivaning afsonaviy qal’alari alohida joziba manbaiga aylanmoqda. Ular yurtimizga Beruniy va Boburning vatani, ruhan o‘ziga juda yaqin bo‘lgan muqaddas zaminni ko‘rish, uning havosidan nafas olish va madaniy merosdan bahramand bo‘lish uchun kelmoqda. Bu turizm oqimi insoniy aloqalarni mustahkamlab, xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirmoqda.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi “yumshoq kuch” nafaqat o‘tmish xotiralariga, balki kelajakka yo‘naltirilgan intellektual va madaniy hamkorlikka tayanmoqda. Tarixdagi ma’naviy yaqinlik bugungi ta’lim va turizm sohasidagi muvaffaqiyatlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi bu uzoq va boy tarixga ega boqiy kitobning navbatdagi yorqin sahifasidir.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar vaqt sinovlaridan o‘tgan sivilizatsiyalararo do‘stlikdir. Bugungi global geosiyosiy o‘zgarishlar davrida ushbu hamkorlik Janubiy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi mustahkam va barqaror ko‘prikka aylanib bormoqda.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolanadigan muhim shartnomalar va belgilanadigan istiqbolli rejalarning muvaffaqiyatini ta’minlaydigan asosiy kuch Beruniy nigohidan boshlanib, Qutb Minor va Tojmahal orqali xalqlarimiz qalbiga tutashgan samimiy do‘stlik, oqibat va yurakdoshlik ruhidir. Bu ruh esa zamonlar osha yashayveradi.
Sadriddin SUYAROV,
jurnalist