Bu haqida FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 5 aprel kuni Chilonzor tumanida joylashgan «Beshqo‘rg‘on» bozorida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng, bozor atrofidagi obyektlarda tekshiruv o‘tkazildi.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan tekshiruvlar davomida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda yaqinda joylashgan savdo kompleksida qator qo‘pol qoida buzarliklar aniqlandi.

Jumladan, yoqilg‘i saqlash sig‘imiga juda yaqin masofada joylashgan binodan omborxona sifatida foydalanilayotgani, shuningdek, savdo kompleksidagi avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi nosoz holatda ekani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan kamchiliklar sabab, barcha qoida buzarliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar mazkur obyektlarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Mutasaddilar tadbirkorlarni yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Qayd etilishicha, xavfsizlik talablariga amal qilmaslik og‘ir oqibatlar va yirik fojialarga olib kelishi mumkin.