Musobaqa 2026-yil 22-31-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Musobaqaning yangi formati FIFA homiyligidagi xalqaro futbol turnirlari tizimidagi ilk loyiha bo‘ladi. O‘n kun davomida Ozarbayjon poytaxti dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan jamoalarni qabul qiladi. Turnir formatiga ko‘ra, FIFA tarkibiga kiruvchi 211 ta milliy assotsiatsiya vakillari ishtirok etishi mumkin.

15 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionatini tashkil etish haqidagi qaror FIFA Kengashi tomonidan o‘tgan yil dekabr oyida tasdiqlangan edi. Yangi musobaqa o‘smirlar futbolini rivojlantirish va istiqbolli yosh futbolchilarni erta aniqlash uchun qo‘shimcha xalqaro maydon sifatida tashkil etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mezbon mamlakatni tanlashda xalqaro federatsiya sport infratuzilmasi holati, stadionlar va mashg‘ulot bazalarining mavjudligi, transport imkoniyatlari, mehmonxona infratuzilmasi hamda ko‘p sonli ishtirokchilarni qabul qilish uchun zarur tashkiliy resurslarni hisobga olgan.

Yangi formatning o‘ziga xos jihati shundaki, unda barcha futbol konfederatsiyalariga a’zo milliy assotsiatsiyalar qatnashishi mumkin. Amalda bu mazkur yosh toifasidagi futbolchilar uchun ilk global darajadagi musobaqa bo‘ladi.

FIFA rejalariga ko‘ra, 2027-yilda shunga o‘xshash jahon chempionati 15 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkaziladi. 2028-yildan boshlab esa o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari muntazam ravishda alohida xalqaro musobaqalar sifatida tashkil etiladi.

Bokuda tarixdagi birinchi U-15 jahon chempionatining o‘tkazilishi jahon futbolidagi yangi loyihaning boshlanishi bo‘lib, keyinchalik xalqaro federatsiyaning doimiy musobaqalar taqvimiga kiritiladigan turnir tarixiga start beradi.