Rasmiy maʼlumotga koʻra, mazkur holat yuzasidan Uchqoʻrgʻon tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan 12-sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi va 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxs K.M. shu kuni protsessual tartibda ushlangan va sud tomonidan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Hozirda ish boʻyicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Bolalar ombudsmani jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari taʼminlanishini kuzatib bormoqda. Hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan bolaga zarur psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatilgan. Uning oʻzi va oilasiga koʻmak berish ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda holatga oid turli tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqalmoqda.
Bolalar ombudsmani bunday xabarlarni tarqatish jabrlanuvchi bolaning huquq va manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligini taʼkidladi.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur ishni yoritishda bolaning shaxsi, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda faqat rasmiy manbalarda eʼlon qilingan maʼlumotlarga tayanish soʻraldi.