O‘rganish davomida Boysun tumanida “Surxan Gas Chemical Operating Company” MChJ qo‘shma korxonasiga qarashli quduqdan neft mahsulotlari bo‘lgan suyuqlik qaynab chiqish holati kuzatilganligi aniqlandi. Bu suyuqlik tabiiy suv havzasiga tushishining oldini olish maqsadida qo‘shma korxona tomonidan “Eriell Oilfield Services Middle East DMCC” korxonasining maxsus texnikalari yordamida 11 ta handaq qazilib, joylashtirilgan.
O‘rganish davomida 23-aprel kuni Boysun tumanidagi kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida 1,2 tonna neft mahsuloti bo‘lgan suyuqlik “Xongaronsoy”ga oqib ketganligi aniqlandi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qaroriga asosan kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganda 8,5 milliard so‘mdan ortiqni tashkil qildi.
Hozirda noxush holat bartaraf etilib, suv neft aralash suyuqlikdan tozalangan. Shuningdek, o‘rganish ishlari davom etmoqda va jarayon yakunlanganidan so‘ng to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilinadi.