Maʼlum qilinishicha, 3759-sonli nizomga muvofiq, 22 apreldan boshlab fuqarolarni firibgarlikdan himoya qilish maqsadida onlayn kredit ajratishning yangi tartibi joriy etildi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir mijoz nomidan bir vaqtning o‘zida bir nechta bankka yuborilgan kredit so‘rovlari KATM Kredit byurosi orqali muvofiqlashtiriladi.
- Endi birinchi yuborilgan so‘rov birinchi bo‘lib ko‘rib chiqiladi;
- Agar kredit ajratilsa, boshqa banklarga 24 soat davomida yangi so‘rov yuborish cheklanadi;
- Agar kredit rad etilsa, mijoz boshqa banklarga murojaat qilishda davom etishi mumkin;
- Har bir bank kredit berish yoki rad etish qarorini mustaqil qabul qiladi.
Ushbu tartibning asosiy maqsadi — bir shaxs nomidan qisqa vaqt ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilishining oldini olish va fuqarolarni onlayn firibgarlikdan himoya qilishdan iborat.
Qayd etilishicha, KATM Kredit byurosi axborot almashinuv tizimi odatiy rejimda ishlamoqda va unda uzilishlar kuzatilmagan.
Shu bilan birga, ayrim tijorat banklari o‘z dasturiy taʼminotlarini yangi tartibga moslashtirish jarayonini yakunlayotgani sababli, aynan shu banklarda onlayn kredit ajratishda vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin.