Bu kasalliklarning oldini olish yoki davolashda qo‘l kelishi barobarida dori-darmonlardan xavfsiz foydalanishni taqozo etayotir. Zero, dorini o‘zboshimchalik bilan qo‘llash, shifokor tavsiyasisiz o‘z bilganicha davolanish bilan bog‘liq asoratlar juda xavotirli. Bu asoratlar ba’zan asosiy kasallikni sezilarli darajada yomonlashtirishi, ayrim hollarda inson salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin. Shu bois, sog‘lom tibbiy madaniyatni shakllantirish va o‘zboshimchalik bilan davolanishning oldini olish zarurati haqida soha mutaxassislari fikri bilan qiziqdik.

OG‘RIQ QOLDIRUVCHI VOSITANI ICHISH HAMMA VAQT HAM TO‘G‘RI QAROR EMAS


Akmal ABDUXALILOV,

Milliy tibbiyot markazi shifokori, terapevt:

— Farmatsevt tavsiyasi yoki internetdagi reklamalarga tayanib o‘zboshimchalik bilan davolanayotgan yurtdoshlarimiz ko‘pligi shifokor sifatida meni tashvishlantiradi. Biror a’zoda bezovtalik kuzatilayotgan bo‘lsa, darrov og‘riq qoldiruvchi preparatlarga yopishish kerak emas. Bu hamma vaqt ham to‘g‘ri qaror bo‘lavermaydi. Chunki og‘riq ­organizmning muhim ogohlantiruvchi signali, og‘riq qoldiruvchi vositalar esa kasallik belgilarini vaqtincha yashirib, asl sababini aniqlashni qiyinlashtirishi mumkin. Misol uchun, oshqozon-ichak muammosi bor bemor og‘riq qoldiruvchi dorilardan foydalanganda gastrit yoki boshqa yara rivojlanishi ehtimoli katta. Agar bemorni appenditsit yoki o‘t qopidagi tosh bezovta qilayotgan bo‘lsa, dori muayyan vaqt og‘riqni qoldirishi, appenditsitda chuvalchangsimon o‘simta, tosh xuruji tufayli o‘t qopi yorilishi ro‘y berishi mumkin. Umuman, appenditsit, o‘tkir xolitsistit, ichak tutilishi yoki shoshilinch jarrohlik talab qilinadigan boshqa kasalliklarda og‘riqning kamayishi bemorni ham, shifokorni ham chalg‘itadi, bu esa tashxis kechikishi, kasallikning og‘irlashishi va boshqa asoratlar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

O‘tkir respirator virusli infeksiya qish oylarida tez-tez uchraydi. Ko‘pchilik o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmay, o‘zboshimchalik bilan antibiotik qabul qiladi. Antibiotik virusga ta’sir qilmaydi. Kasallikni zo‘riqtirib yuborish ikkilamchi infeksiya qo‘shilishi natijasida o‘pka kasalliklariga olib kelishi mumkin. Shamollash kasalliklarida sprey dorilardan foydalanishga harakat qilamiz. Spreydan noto‘g‘ri foydalanish burun shilliq qavatlari yallig‘lanishi yoki boshqa allergik jarayonlar rivojlanishiga sabab bo‘lishini istisno qila olmaymiz.

Ayni paytda dorixonalarda ayrim dorilarni faqat shifokor retsepti asosida berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shifokor yozgan retsept bilangina dori berilishi davolashda xatolikka yo‘l qo‘yish ehtimolini kamaytiradi, dori nazorati tartibga solinadi, o‘zboshimchalik bilan davolanish barham topadi.

Hatto retseptsiz beriladigan, zarari yo‘q deb hisoblanadigan shamollashga qarshi, og‘riq qoldiruvchi, isitma tushuruvchi kukunsimon dorilarni shifokor nazoratisiz qabul qilish tavsiya etilmaydi. Tajribamizda kun davomida 5-6 ta shunday kukunsimon dori qabul qilgach, buyragida toksik zararlanish yuz bergan bemorlar ham bo‘lgan. Tahlil natijalari kreatinin moddasining me’yoridan 100 barobargacha oshib ketganini ko‘rsatgan.

Antibiotiklardan me’yoridan ortiq foydalanish organizmdagi zararli bakteriyalar bilan birgalikda kerakli bo‘lgan mikroflorani ham yo‘qotadi. Oqibatda organizmda disbakterioz kuzatilishi yoki ke­yinchalik bepushtlik paydo bo‘lish ehtimoli bor. Tartibsiz ichilgan dori organizmda qaramlikni shakllantiradi. Ayrimlari esa buyrak, jigar va yurak faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Dori inson salomatligini tiklashda muhim o‘rin tutsa-da, undan oqilona va ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur.


TIBBIYOT SOHASIDA HAR QANDAY MA’LUMOTNI TANQIDIY BAHOLASH MUHIM


Sevara FAXRIDDINOVA,

tibbiyot fanlari doktori:

— Bugungi kunda internet insonlar uchun muhim axborot manbai. Biroq tibbiyot sohasida har qanday ma’lumotni tanqidiy baholash juda muhim. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko‘plab tavsiyalar ilmiy asosga ega emas yoki muayyan bemorning holatiga mos kelmaydi. Ko‘p hollarda insonlar internetda o‘qigan ma’lumotlar yoki tanishlari tajribasiga tayanib dori qabul qilishni boshlaydi. Ammo har bir organizm individualdir. Bir insonga foyda bergan preparat boshqa inson uchun jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun internet ma’lumotlari shifokor qabuli o‘rnini bosmasligi kerak. Har qanday dorini qabul qilishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish eng to‘g‘ri qaror. Qalqonsimon bez gormonlari organizmdagi moddalar almashinuvini boshqaruvchi muhim biologik moddadir. Demak, ularning miqdoridagi har qanday o‘zgarish butun organizm fao­liyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Taassufki, ba’zi insonlar tahlillarsiz yoki shifokor tavsiyasisiz levotiroksin kabi preparatlarni qabul qilishni boshlaydi. Bu organizmda sun’iy tireotoksikoz keltirib chiqarishi mumkin. Oqibatda bemorda yurak urishi tezlashishi, aritmiya, asabiylik, qo‘l titrashi, uyqusizlik, terlash va vazn yo‘qotish kuzatiladi. Uzoq muddat yuqori dozalarda qabul qilinganda suyak to‘qimasi yemirilib, osteoporoz rivojlanishi ehtimoli bor.

Ayniqsa, yoshi katta bemorlarda yurak ritmi buzilishi insult va yurak ­yetishmovchiligi xavfini oshiradi. Shuning uchun qalqonsimon bez gormonlari faqat aniq ko‘rsatmalar bo‘lganda va tahlillar asosida qabul qilinishi lozim.

So‘nggi yillarda vazn tashlash maqsadida gormonal preparatlardan foydalanish ko‘p kuzatilmoqda. Bu mutlaqo noto‘g‘ri va xavfli yondashuv.

Qalqonsimon bez gormonlari moddalar almashinuvini tezlashtiradi. Shu sababli ayrim insonlar ularni qabul qilganda vazn kamayishini kuzatib, buni samarali usul deb hisoblaydi. Lekin bu sog‘lom vazn yo‘qotish emas. Bunday holatda organizm ortiqcha yuklama ostida ishlay boshlaydi. Yurak tez uradi, qon bosimi oshadi, mushaklar yemiriladi, suyak to‘qimasi zaiflashadi.

Sog‘lom vazn tashlashning asosi to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va zarur hollarda mutaxassis tomonidan tavsiya etilgan zamonaviy usullardir. Gormonlarni vazn tashlash vositasi sifatida qabul qilish sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Gormonlar yurak-qon tomir tizimi faoliyatini boshqarishda muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ularning dozasini o‘zboshimchalik bilan oshirish yoki kamaytirish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qandli diabetni davolashda qo‘llaniladigan har bir preparat aniq hisoblangan dozada va muayyan sxema bo‘yicha qabul qilinishi kerak. Insulin yoki tabletkalar dozasini o‘zboshimchalik bilan oshirish ­gipoglikemiyaga olib kelishi mumkin. Mazkur holat to‘satdan kuchli ochlik hissi, terlash, qo‘l titrashi, bosh aylanishi, hushdan ketish va hatto koma bilan namoyon bo‘ladi. Aksincha, preparatlar dozasini kamaytirish yoki davolashni to‘xtatish qonda qand miqdori yuqori saqlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa diabetik ketoatsidoz, buyrak yetishmovchiligi, ko‘rish qobiliyati yo‘qolishi, infarkt va insult xavfini oshiradi.

Diabet bemor va shifokorning doimiy hamkorligini talab qiluvchi kasallikdir. Ko‘pchilik bemorlar dorivor giyohlar, turli damlamalar yoki xalqona usullar diabetni to‘liq davolay oladi deb hisoblaydi. Bu esa eng keng tarqalgan va xavfli noto‘g‘ri qarashlardan biri.

Hozirgi kungacha hech bir xalq tabobati usuli insulin yoki zamonaviy qand tushiruvchi preparatlar o‘rnini bosishi isbotlanmagan. Bemor asosiy davolashni to‘xtatib, faqat xalqona vositalarga ishonsa, qonda qand miqdori nazoratdan chiqib ketadi. Natijada ko‘z, buyrak, asab tizimi va yurak-qon tomirida qaytarilmas asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Xalq tabobati vositalari ba’zi hollarda shifokor tavsiyasi bilan qo‘shimcha usul sifatida qo‘llanilishi mumkin, ammo asosiy davolashni almashtirmasligi kerak.

Gormonal preparatlar inson organizmidagi eng muhim boshqaruv tizimlaridan biriga ta’sir qiladi. Shu sababli ularni nazoratsiz qabul qilish yoki to‘satdan bekor qilish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Gormonlarni noto‘g‘ri qabul qilish tufayli moddalar almashinuvi buzilishi, semirish, qandli diabet, immunitet pasa­yishi, osteoporoz va reproduktiv salomatlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Ayniqsa, glyukokortikoid preparatlarni uzoq muddat qabul qilib, keyin to‘satdan to‘xtatish xavfli. Bu holatda buyrak usti bezi faoliyati keskin pasayib, hayot uchun xavfli bo‘lgan adrenal kriz rivojlanishi mumkin. Shuning uchun gormonal preparatlarni qabul qilishni boshlash ham, to‘xtatish ham faqat shifokor nazorati ostida amalga oshirilishi kerak.

YURAKKA XIYONAT


Aziz ESANOV,

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri:

— Qon bosimi tez-tez ko‘tarilishi xalqimiz orasida ko‘p uchraydigan kasalliklardan. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ tavsiyasi bilan qon bosimini tushiradigan dori ichish oqibatida turli asoratlar bilan shifoxonaga tushgan bemorlar tajribamizda ko‘p uchraydi.

Dori dozalarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish ham yaxshi yondashuv emas. Bemorga tavsiya etilgan dorining samarasi pasa­yishi bilan bemor shu dorining dozasi kattarog‘ini ichishga o‘tadi. Yuqori doza boshida bir-ikki kun yaxshi ta’sir qilishi mumkin. Lekin u organizmda ko‘proq miqdorda yig‘ilganda qon bosimi tushib ketishi yuz beradi. Shifokorga bemorni bu holatdan chiqarib olish uchun bir necha kun kerak bo‘ladi, agar kasallik biror asorat, masalan, insult yoki o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan tugamasa.

Arterial qon bosimini me’yorida ushlab turish uchun beriladigan dorilarni o‘z vaqtida ichmaslik ham yaxshilikka olib kelmaydi. Pala-partish ichilganda organizmda shu doriga ko‘nikish boshlanadi. Bu esa dorining samarasi pasayishiga olib keladi.

Bundan tashkari, qon suyultiradigan dorilar bor. Ular qon tomirida tiqin (tromb) hosil bo‘lishining oldini oladi. Bu dorilarni och qoringa ichish tavsiya etilmaydi, chunki och qoringa ichilganida oshqozonda muammo tug‘diradi. Avval gastritga, keyin yaraga, so‘ng esa o‘sha yaradan qon ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bu dorilar, albatta, shifokor tavsiyasi bilan, kechki ovqatdan keyin qabul qilinsa, nojo‘ya ta’siri kuzatilmaydi.

Shifokor tayinlagan dorini palapartish, tizimsiz va o‘zboshimchalik bilan qabul qilish davolanish samarasini yo‘qqa chiqaribgina qolmay, hayot uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diruvchi omil hamdir. Yurak-qon tomir tizimi dorining qondagi doimiy konsentratsiyasiga (miqdoriga) juda sezuvchan bo‘lib, uzilishlar jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi. Aksariyat hollarda qon bosimi me’yorlashgan bemor “endi tuzaldim” degan noto‘g‘ri xayolga boradi va dorini ichishni to‘xtatadi. Bu eng ko‘p tarqalgan va xavfli xatodir. Masalan, beta-blokatorlar yoki gipotenziv dorilar organizmdagi muayyan retseptorlarni to‘sib, tomirlarni kengaytiradi va yurak urishini, arterial qon bosimini me’yorlashtirib turadi. Dori ichish to‘satdan to‘xtatilganda, ushbu retseptorlar “ochlik” holatiga tushadi va stress gormonlariga (adrenalin, noradrenalin) o‘ta sezuvchan bo‘lib qoladi. Natijada qon bosimi dori ichishni boshlashdan oldingi holatdan ham yuqoriroq — keskin va boshqarib bo‘lmaydigan darajada ko‘tarilib ketadi. Bu holat tibbiyotda gipertonik kriz deb ataladi va u ichki a’zolarning (miya, yurak, buyrak) o‘tkir shikastlanishi bilan kechadi.

Surunkali yurak yetishmovchiligi bor bemorlarning yuragi shundoq ham zaiflashgan va zo‘riqish bilan ishlayotgan bo‘ladi. Dorilar yurakning ishini yengillashtirish, tomirlar qarshiligini kamaytirish va ortiqcha suyuqlikni haydash uchun tayinlanadi. Ularni ham shifokor tavsiyasi va nazorati ostida o‘z vaqtida qabul qilish lozim. Yurakning qisqarishi uning ichidagi nozik elektr impulslari va kaliy, magniy, kalsiy kabi elektrolitlar muvozanatiga bog‘liq. Aritmiyaga qarshi dorilar mana shu tizimni barqaror ushlab turadi. Dorini qabul qilishda uzilishlar bo‘lganda yurak mushaklarining elektr barqarorligi yo‘qoladi. Bu, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi yoki infarkt o‘tkazgan bemorlarda juda xavflidir. Yurak birdaniga juda tez (taxikardiya) yoki butunlay tartibsiz ura boshlaydi. Eng dahshatli oqibati qorinchalar fibrillyatsiyasi bo‘lib, bunda yurak qon haydash o‘rniga shunchaki titrab qoladi. Bu holat bir necha daqiqa ichida to‘satdan yurak to‘xtashiga (klinik o‘limga) sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, konkor va kordaron dorini o‘zboshimchalik bilan to‘xtatib qo‘yish shunday asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayrim hollarda dorilarga nisbatan rezistentlik (chidamlilik) shakllanadi va bu davolashni qiyinlashtiradi.

Inson organizmi moslashuvchan tizim bo‘lib, dorilarning palapartish berilishiga nisbatan salbiy moslashish reaksiyasini ishga tushirishi mumkin. Dori bir kun ichilib, ikki kun ichilmasa, organizm retseptorlari dorining molekulalariga “ko‘nikib” qoladi yoki unga javoban qo‘shimcha retseptorlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan ilgari bemorga juda yaxshi ta’sir qilgan va qon bosimini tushirgan oddiy dozalar umuman ta’sir qilmay qo‘yadi. Natijada shifokor dorilar dozasini oshirishga yoki bemorga bir vaqtning o‘zida 3-4 xil kuchliroq dori kombinatsiyasini tayinlashga majbur bo‘ladi. Bu esa jigar va buyraklarga tushadigan yuklamani oshirib, davolanish xarajatlarini karrasiga ko‘paytiradi.

Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda, albatta, sog‘lom turmush tarzining roli bor. Uning asosiy tamoyillaridan biri me’yoriy uyqu bo‘lsa, ikkinchisi jismoniy faollik. Ko‘proq yurishni odat qiling. Bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yursangiz, qon bosimingiz me’yorda bo‘ladi. Tushkunlikni yengish uchun vaqtingizni ayamang. 35 daqiqa toza havoda sayr qilsangiz bas. Bu qon bosimingizni me’yorda saqlash va bo‘lar-bo‘lmasga dori ichishni to‘xtatishga yordam beradi.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA tayyorladi.