Olimlarning taʼkidlashicha, bu paytda miyaga odatdagidan koʻproq qon boradi. Qon bilan ozuqa, kislorod koʻproq tashiladi. Natijada miyadagi katta-kichik qon tomirlari kengayib, miyaning hajmi ham muayyan darajada oʻzgaradi. Kengayish tabiiy ravishda ogʻriq hissini beradi.
Odam
jismoniy mashqlarni boshlaganda ham qoʻl, oyoq, beldagi mushaklarda ogʻriq
paydo boʻladi. Mashq qilavergach, mushaklari yuklamaga moslashadi, keyin
mashqlar tanaga huzur bagʻishlaydi, sababi tana aʼzolariga koʻproq qon, qon
bilan ozuqa, kislorod boradi. Bora-bora inson jismoniy mashq
qilmasa, oʻzini yaxshi his qilmaydigan boʻlib qoladi.
Miya ham xuddi shu tartibda
rivojlanadi. U oʻzining asosiy mashqi boʻlgan kitob oʻqish, bilimlarni
oʻzlashtirish bilan baquvvatlashadi.
Inson kitob oʻqiyotganida miyasi
videotasvir tomosha qilish yoki audiokitob tinglashdan koʻra intensivroq
ishlaydi. Jahondagi yirik institutlarda oʻtkazilgan bir qancha
magnit-rezonansli tomografiya tadqiqotlari oʻqish va miya oʻrtasidagi bevosita
bogʻliqlikni tasdiqlaydi. Chunki oʻqish jarayonida miyaning bir necha — koʻrish
poʻstlogʻi, nutq markazlari, tasavvur va xotira uchun javob beradigan sohalari
faollashadi.
Shuningdek, yangi neyron aloqalar
mustahkamlanadi va shakllanadi, natijada kognitiv jarayonlar yaxshilanadi.
Boshqacha aytganda, kitob oʻqish orqali miyaning murakkab rivojlanishi sodir
boʻladi, Nafaqat savodxonlik, balki mantiq, ijodkorlik, tanqidiy fikrlash ham
shakllanadi.
Bundan tashqari, xotira va
konsentratsiya yaxshilanadi, chunki oʻqiyotganda inson diqqatni jamlashi va
hikoyaning turli tafsilotlarini eslab qolishi kerak. Empatiya rivojlanadi,
yaʼni inson boshqalarning his-tuygʻularini yaxshiroq tushunishni oʻrganadi.
Yana stress darajasi kamayadi. Atigi 6 daqiqa oʻqish stress gormoni — kortizol
darajasini 68 foiz kamaytirishi tadqiqotlarda isbotlangan.
Oʻqish jarayonida miyada bir vaqtning
oʻzida vizual idrok ishlaydi, tasavvur faollashadi, soʻz va gaplarning semantik
tahlili sodir boʻladi, xotira yaxshilanadi.
Miyaning samarali faoliyatini
taʼminlaydigan neyronlar soni koʻpayadi, hayot soʻqmoqlarida baʼzan turli
stressli holatlar, nomaqbul odatlar tufayli ojizlanib qolgan neyronlar qayta
jonlanadi. Miyaning axborot va maʼlumotlarni qabul qilish, tahlil etish va
saqlash qobiliyati ortadi. Intellektual salohiyat koʻtarila boshlaydi.
Kitob oʻqish tufayli har bir aʼzoning
funksional vazifasini yaxshiroq bajarishi, meʼyorda ishlashi uchun masʼul miya
boʻlmalarining boshqarish xususiyati kuchayadi.
Bosiq va barqaror xarakter, asab,
gʻazabni boshqarish koʻnikmasi shakllanadi. Ichki bosiqlik tashqi
xatti-harakatlarda namoyon boʻladi. Atrof-muhitda boʻlayotgan voqea, hodisalarni
bosiqlik bilan qabul qilish, tahlil etish, shoshma-shosharlik bilan emas,
vaziyatga qarab toʻgʻri xulosa chiqarish iqtidori, sabr, iroda paydo boʻladi.
Ratsional fikrlash qobiliyati,
tafakkur qilish koʻnikmasi ortadi. Insondagi yomon, tushkun fikr-oʻylar oʻrnini
ezgulik egallaydi. Jamiyatda oʻzini munosib tutish shakllanadi. Yuksalishga
intilish, jamiyatda oldingi saflarda boʻlish xohishi kuchayadi.
Shuningdek, yon-atrofdagilar bilan
muomala madaniyati oʻsadi. Jamiyatdoshlar, mahalladoshlar, yoru birodarlar
bilan oʻzini koʻrsatib qoʻyish poygasiga kirishdek nomaqbul instinktiv istaklar
oʻrnini bir-birini tushunib yashash, hurmat-izzat koʻnikmasi egallaydi.
Insonning oila tutish, roʻzgʻor
yuritish, farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazish iqtidori yangi pogʻonaga
koʻtarila boshlaydi, oila uchun iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, avvalgidan
koʻproq moddiy neʼmatlarni izlab topish imkoniyatlari ortadi.
Hayotning iqtisodiy va maʼnaviy
taʼminotini tashkil qilish uchun kerak boʻlgan bilimlarni, kasb-hunarni
oʻzlashtirish osonlashadi. Turmush chorrahalarida yuzaga keladigan muammo va
masalalarni yechish, qiyinchiliklarni ishonch bilan yengib oʻtish malakasi
shakllanadi. Har bir ishni bajarishda sifat koʻrsatkichlari yaxshilanadi.
Bundan tashqari, masʼuliyat hissi
yangi pogʻonaga chiqadi. Doim kitob oʻqiydigan insonda masʼuliyat tuygʻusi
yelkaga yuk emas, balki oddiy hayot tarziga aylanadi. Isteʼmolchilik amaliyoti
oʻrnini yaratuvchanlik qobiliyati egallaydi. Yangi mahsulot, texnologiyalarni
kashf qilish iqtidori paydo boʻladi.
Hozir koʻpchilik ijtimoiy
tarmoqlardagi kichkina-kichkina postlarni oʻqishga odatlanib qolgan. Qisqa
postlar qandaydir axborotlarni yetkazishga moʻljallangan, ular miya
xususiyatini oʻstirishga deyarli xizmat qilmaydi, aksincha, kichik diapazonda
ishlashga moslashtirib qoʻyadi. Miya keng diapazonda ishlashi uchun uni shunga
majbur qilish kerak. Bu juda ham oddiy hayot haqiqati, inson tana aʼzolarining
biologik, fiziologik yashash tarzi shunaqa.
Oʻzi hayot harakatdan iborat, harakat
qilgan odam uzoq-uzoqlarga bora oladi. Qoʻl-oyoqlar, butun tana aʼzolari
harakatga kelsa, ular uzoq vaqt yashaydi. Shuning uchun butun dunyoda insonlar
jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadi. Jismoniy mashq qilgan tana aʼzolari
kuch-quvvatga toʻlib boraveradi. Ishlatilmagan tana aʼzosi esa oxir-oqibat
yalqovlashib qoladi. Miya ham tananing bir aʼzosi sifatida ishlashga majbur
qilinmasa, u qanday kuchaysin? Miyaning ham jismoniy, ham ruhiy tarbiyasi kitob
oʻqish, yangi bilimlarni oʻrganishdir.
Shuning uchun yurtimizda
kitobxonlikni ommalashtirishga keng eʼtibor qaratilyapti. Yaqinda start olgan
Milliy kitobxonlik harakati bu borada yangi bosqichga koʻtarilishni taʼminlashi
shubhasiz.
Keng kitobxonlik madaniyati
targʻiboti ortida farzandlarimizning baxtli, munosib hayoti, ularni katta va
yorqin hayotga tayyorlash maqsadi yotibdi.
Farzandim kelajakda yaxshi yashasin,
iqtisodiy-madaniy rivojlangan jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topsin degan
ota-onalar farzandlarini kitob oʻqish, yangi bilimlarni oʻzlashtirish sari
yetaklashi shart. Shunda ular maqsadiga erishadi. Zero, dunyoda kitobdan yaxshi
doʻst yoʻq.
Mizrob BOʻRONOV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa
doktori