Tabiat endi cheklanmas boylik emas, balki ehtiyotkorlik, ongli munosabat va masʼuliyat talab qiladigan tirik tizim sifatida anglanmoqda. Shu bois, uni asrash, kelajak avlodlarga sogʻlom muhit qoldirish har bir insonning burchiga aylanmoqda.

Yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bosqichma-bosqich umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Ayniqsa, daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslar keng quloch yoydi. Davlatimiz rahbarining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doi­rasida koʻchat ekib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berishi bu yoʻnalishdagi islohotlarning amaliy va ramziy ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlarini zamonaviy ekologik tafakkur bilan uygʻunlashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda “yashil” energetikaga boʻlgan talabning ortishi ham aynan shu jarayonlar bilan bogʻliq. Anʼanaviy energiya manbalarining atrof-muhitga salbiy taʼsiri global muammolarni ­keskinlashtirayotgan bir paytda, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish ekologik barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda. Mazkur jarayon insonning tabiat ustidan hukmronlik qilishdan koʻra, u bilan hamkorlikda yashashga intilayotganini koʻrsatadi.

Suv resurslari bilan bogʻliq muammolar esa bu haqiqatni yanada yaqqol namoyon etmoqda. Iqlim oʻzgarishi, aholi sonining oʻsishi va suvdan nooqilona foydalanish natijasida suv tanqisligi kuchayib, qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholi hayotiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish oʻzaro bogʻliq masalalar sifatida qaralmoqda.

Bu esa taraqqiyot va tabiat oʻrtasida yangi muvozanat izlashni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida joriy yil uchun belgilangan beshinchi ustuvor yoʻnalish — ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish aynan shu hayotiy ehtiyojdan kelib chiqadi.

Iqtisodiy barqaror model

Bu yoʻnalish, avvalo, iqtisodiy oʻsishni ekologik masʼuliyat bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan. Yirik korxonalarda filtr­lar, tozalash jihozlari va havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyalarini oʻrnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochilishi davlatning atrof-muhitni muhofaza qilishda faol va tizimli yondashuvini koʻrsatadi. Bu qaror sanoat taraqqiyoti tabiat hisobidan emas, balki ekologik standartlarga tayanilgan holda amalga oshirilishi kerakligini anglatadi. Chunki tabiatni ifloslab yaratilgan iqtisodiy oʻsish barqaror boʻla olmaydi.

Yil sayin ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ham muhim strategik ahamiyat kasb etib bormoqda. Samarqand shahrida Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtirilgani Oʻzbekistonning mintaqaviy ekologik tashabbuslar markaziga aylanayotganini koʻrsatadi. Bu tadbirlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi ekologik loyihalarni amalga oshirish, biznes va hududlar oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ham keng imkoniyat yaratadi.

Bugun shaharlarning ekologik holati qoniqarli emas. Jumladan, Toshkent shahri hamda viloyatidagi minglab koʻmir va gazda ishlovchi issiqxonalar havoga yuz minglab tonna zararli modda chiqarayotgani inson salomatligi va shahar muhiti uchun jiddiy tahdiddir. Filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan voz kechish, issiqxonalarni poytaxt atrofidan koʻchirish va markazlashgan qozonxonalarga oʻtish ekologik hamda shaharsozlik nuqtai nazaridan ham toʻgʻri qarordir. Agroklasterlar tashkil etilib, issiqxonalarga alohida subsidiyalar ajratilishi esa “yashil iqtisodiyot”ni ragʻbatlantirishning amaliy namunasidir.

Transport sohasidagi muammolar ham ekologik tafakkurni oʻzgartirishni talab qilmoqda. Shaharlardagi tirbandliklar vaqt va asab bilan birga toza havoni ham “yoʻqotmoqda”. Ekologik stikerlar tizimi joriy etilishi, yuqori darajada ifloslantiruvchi avtomobillarning shaharlarga kirishini cheklash inson salomatligini iqtisodiy manfaatdan ustun qoʻyayotgan yondashuvdir. Davlat tomonidan eski avtomobillarni yangilash yoki ularga filtr oʻrnatish uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlov taqdim etilishi esa ekologik talablarni ijtimoiy adolat bilan uygʻunlashtiradi.

Jamoat transportini rivojlantirish, maxsus yoʻlaklar tashkil etish, transport harakatini intellektual tizimlar orqali bosh­qarish shaharlarni qulay, ekologik barqaror makonga aylantirishga xizmat qiladi. Elektromobillarni koʻpaytirish boʻ­yicha besh yillik dastur, imtiyozli kreditlar, zaryadlash infratuzilmasini qoʻllab-quvvatlash — bularning barchasi kelajak shaharlari qanday boʻlishi haqidagi aniq tasavvurni shakllantiradi. Eng muhimi, bu choralar koʻrilsa, shaharlarimiz ekologik transport hududlariga aylanishi mumkin.

Ekologik muvozanat faqat sanoat va transport bilan cheklanmaydi. Chang-toʻzonlarning oldini olish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish maqsadidagi keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari tabiatni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyadir. Orolning qurib qolgan tubida, choʻllanishga moyil hududlarda millionlab daraxt va buta koʻchatlarining ekilishi insonning tabiat oldidagi qarzini toʻlashga urinishini eslatadi.

Bu islohotlar bardavom boʻlishi uchun bilim va kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Yashil” texnikumlar ochish, ekologiya menejerlarini tayyorlash, Markaziy Osiyo yashil universiteti faoliyatini kengaytirish ekologik muammolarni faqat texnologiya bilan emas, tafakkur bilan hal etishga qaratilgan yondashuvdir. Laboratoriyalar, ilmiy tadqiqotlar, shaharlarda tabiiy ventilya­siyani kuchaytirish boʻyicha izlanishlar ekologiyaga oid qarorlarni ilmiy asosda ishlab chiqishni taqozo etadi.

Joriy yilda ekologiya sohasiga 1 trillion 900 milliard soʻm ajratilishi davlatning bu yoʻnalishga strategik sarmoya kiritayotganini yaqqol koʻrsatadi. Aslida, bu mablagʻ tabiatga emas, insonning sogʻlom hayoti, barqaror iqtisodiyot va kelajak avlodlarning munosib taqdiriga kiritilgan investitsiya. Ekologik muvozanatni taʼminlash tabiat bilan hamkorlikka asoslangan kelajak yoʻlidir.

Energetika sohasidagi islohotlar ekologik muvozanatni taʼminlash yoʻlidagi eng muhim qadamlardan. Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda quvvati 6000 megavattdan ortiq boʻlgan quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tushirilgani energetika tizimida tub burilish yasadi. Natijada umumiy elektr energiyasi generatsiyasida “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetdi. Bu raqam faqat texnik koʻrsatkich emas, balki Oʻzbekistonning qaysi yoʻldan borayotganini koʻrsatib beradi.

Anʼanaviy energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga tushayotgan bosimni yengillashtirish “yashil” energetika siyosati ortida turgan asosiy maqsaddir. Zero, bugun energetika sohasida qabul qilinayotgan qarorlar kelgusi avlodlar hayotiga taʼsir etadi. Shu maʼnoda, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga yoʻnaltirilayotgan sarmoya iqtisodiy manfaat bilan birga maʼnaviy masʼ­uliyatni ham ifoda etadi.

Yaqinda xalqaro hamkorlar bilan birga umumiy quvvati 3500 megavatt boʻlgan, qiymati 4 milliard 200 million dollarlik yangi “yashil” energetika quvvatlari qurilishiga start berilgani izchil saʼy-­harakatlarning mantiqiy davomidir. Mazkur loyihalar elektr taʼminotini mus­tahkamlash bilan birga ekologik xavfsizlikni taʼminlashda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xususan, joriy yilning oʻzida 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishi va havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinishi kutilmoqda.

Bu koʻrsatkichlar mohiyatni ochib beradi: “yashil” energetika iqtisodiy samaradorlik bilan ekologik barqarorlikni yagona nuqtada birlashtirmoqda. Tabiiy gazni tejash ­resursni iqtisod qilish emas, balki kelajak uchun saqlab qolinayotgan boylikdir. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning kamayishi esa inson salomatligi, shaharlar havosining tozaligi va umumiy hayot sifati uchun bevosita ahamiyatga ega.

Aslida, “yashil” energetikaga oʻtish insonning tabiat bilan ­munosabatidagi ­burilishni anglatadi. Inson tabiatni cheklanmas manba sifatida emas, balki himoya qilinishi lozim boʻlgan umumiy uy sifatida qabul qila boshlamoqda. Oʻzbekistonda bu yoʻnalishdagi ishlar ekologik muvozanatni taʼminlash iqtisodiy taraqqiyotga zid emas, aksincha, uning eng mustahkam poydevori boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Shu maʼnoda, “yashil” energetika sohasida erishilayotgan natijalar Murojaat­nomada belgilangan beshinchi ustuvor yoʻnalishning amaliy ifodasi boʻlib, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ekologik, iqtisodiy barqaror modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Tomchisida hayot mujassam

Bugun suv tanqisligi insoniyat oldida turgan eng jiddiy va hayotiy muammolardan biriga aylanmoqda. Iqlim oʻzgarishi, aholi sonining oʻsishi, qishloq xoʻjaligi va sanoat ehtiyojlarining ortishi suv resurslariga bosimni keskin kuchaytirdi. Suv endi faqat tabiiy neʼmat emas, balki milliy xavfsizlik, oziq-ovqat barqarorligi va ijtimoiy taraqqiyotni belgilab beruvchi strategik resurs sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu bois, keyingi yillarda suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Zero, suv masalasida kechiktirilgan qarorlar ertaga bartaraf etib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu ­maʼnoda, yaqinda qabul qilingan, qiymati 5,5 milliard dollar boʻlgan suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, suv inshootlarini modernizatsiya qilish va sugʻorish tizimlarini yaxshilashga qaratilgan uch yillik dastur strategik ahamiyatga ega. Bu dastur suv muammosiga qisqa muddatli emas, balki tizimli va uzoq muddatli yondashuv mavjudligini koʻrsatadi.

Dastur doirasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga, yaʼni 2,6 million gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu natija qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish madaniyati tubdan oʻzgarayotganini anglatadi. Natijada yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejalishi, 200 ming tonna bugʻ gazi chiqishining oldi olinishi kutilmoqda. Mazkur raqamlar ortida nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik barqarorlik va iqlim oʻzgarishiga qarshi amaliy hissa mujassam.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga joriy yilning oʻzida 3 trillion 300 milliard soʻm yoʻnaltirilishi davlatning bu sohadagi qatʼiy siyosiy irodasini yaqqol koʻrsatadi. Chunki suvni tejash xarajatni qisqartirish emas, balki kelajak uchun resurs saqlab qolish, yer unumdorligini asrash va qishloq aholisining turmushi sifatini oshirish demakdir.

Suv yoʻqotishlarning katta qismi eski va samarasiz infratuzilma bilan bogʻliq ekani inobatga olinib, 1300 kilometr yirik magistral kanallarni betonlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar rejalashtirilgan. Bu maqsadga 3 trillion soʻm yoʻnaltirilib, yiliga qoʻshimcha 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga oʻtkazish ­boʻyicha alohida dastur qabul qilinishi suv resurs­larini muhofaza qilishda yangi bosqichni boshlab beradi. 2026-yil uchun bu maqsadlarga 100 million dollar ajratilishi, Qashqadaryodagi Paxtaobod kanalini bosimli quvurga oʻtkazish boʻyicha 134 million dollarlik loyiha amalga oshirilishi suvdan foydalanishda innovatsion yondashuvlar joriy etilayotganini koʻrsatadi. Bu loyihalar orqali qoʻshimcha 20 ming gektar yer oʻzlashtirilib, yana 25 ming gektar maydon kafolatli suv bilan taʼminlanadi.

Suv siyosati faqat qishloq xoʻjaligi bilan cheklanib qolmay, shahar muhitini yaxshilashga ham qaratilmoqda. Bugun poytaxt va yirik shaharlarda “yashil” hududlarni koʻpaytirish, salqin mikroiqlim yaratish suv aylanish tizimlarini qayta tiklash bilan bevosita bogʻliq. Shahar koʻchalaridagi ariqlarda suv oqishi nafaqat estetik, balki ekologik va sanitar ahamiyatga ham ega. Shu maqsadda 160 mil­lion dollarlik dastur doi­rasida Toshkent shahrida yuzlab kilometr kanal, kollektor va yopiq drenaj tizimlari barpo etiladi va taʼmirlanadi.

Mazkur tajriba boshqa hududlarda ham joriy etilib, viloyat rahbarlari tomonidan qoʻshimcha investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu jarayonlar shaharlarni yashil, qulay va ekologik barqaror makonga aylantirishga qaratilgan umummilliy harakat shakllanayotganini anglatadi.

Bu islohotlar inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni qayta koʻrib chiqishga undaydi. Suvga eʼtiborsizlik kelajakka eʼtiborsizlikdir. Shu maʼnoda, Oʻzbekis­tondagi suv islohotlari faqat texnik chora-­tadbirlar majmui emas, balki ekologik tafakkur, masʼuliyat va barqaror taraqqiyot falsafasining amaliy ifodasidir.

Ham “yashil” energetika, ham suv resurs­laridan oqilona foydalanish sohasidagi yangilanishlar Oʻzbekistonning ekologik va iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda asosiy yoʻnalishlardan biriga aylandi. Soʻnggi yillarda qurilgan quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari nafaqat energiya taʼminotida mustaqillikni oshirdi, balki atmosferaga chiqadigan zararli moddalarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi. Shu bilan birga, suvni tejashga qaratilgan katta dasturlar, magistral kanallar va yopiq drenaj tizimlarini barpo etish, sugʻorish samaradorligini oshirish orqali qishloq xoʻjaligi va shahar muhiti uchun barqaror asos yaratmoqda.

Bunda faqat texnik va iqtisodiy chora-­tadbirlar muhim emas. Ular insonning tabiat bilan munosabatini qayta shakllantirish, ekologik madaniyat va masʼuliyatni oshirishda ham katta ahamiyatga ega. Davlatning ustuvor strategiyasi orqali oʻtkazilayotgan islohotlar umummilliy va mintaqaviy ahamiyatga ham ega boʻlib, Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda ekologik barqarorlik va “yashil” rivojlanish namunasiga aylantirmoqda.

Bugungi qadamlar ertangi avlod uchun tozalik, salomatlik va barqaror hayot kafolati sifatida xizmat qiladi. Shu maʼnoda, ekologiya va energiya sohasidagi har bir investitsiya, har bir innovatsion loyiha faqat iqtisodiy samara emas, balki maʼnaviy va strategik ahamiyatga ega. Bugun yurtimizda qilinayotgan ishlar aynan shunday barqarorlik, muvozanat va masʼuliyat prinsip­lari asosida qurilmoqda. Zero tabiatni asrash, resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” rivojlanishga intilish har bir fuqaroning hayotiy burchiga aylanishi lozim. Haqiqatan, inson va tabiat oʻrtasidagi ushbu uygʻunlik kelajakka bogʻlangan eng muhim qadamdir.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri