Har yili 500 ming oʻqituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol oʻquvchi va talabalarga, 100 ming ehtiyojmand oila va nogironligi bor bolalarga teatr, kino va konsertga bepul vaucher taqdim etiladi.

Bundan tashqari, 1-iyuldan har bir tuman va mahallada konsert-tomosha oʻtkazish xarajatining 20 foizgacha qismi budjetdan qoplab beriladi.

Shuningdek, konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti faoliyati bilan shugʻullanuvchilar, madaniyat-sanʼat yoʻnalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari qoʻshilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk va daromad soliqlaridan ozod qilinadi.

Tadbirkorlar, yirik kompaniyalarning adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish maqsadida yoʻnaltirgan homiylik mablagʻlari ham soliqqa tortilmaydi.

Endi viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Direksiyalar konsert, teatr, madaniyat saroylari zallarini toʻliq ishlatish, har kuni madaniy tadbirlar tashkil qilishga masʼul boʻladi.

Konsert-tomosha tashkilotchilarida bunday ommaviy tadbirlarni tinch-osoyishta va tartibli oʻtkazish boʻyicha eʼtirozlar borligi koʻrsatib oʻtildi. Masʼul idoralar ommaviy-madaniy tadbirlar davlatnikimi, xususiy boʻladimi, barchasini xavfsiz va tartibli oʻtkazishga javobgar ekani qayd etildi.