Adliya vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, barqaror token (stablecoin) qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan token (kripto-aktiv) turi hisoblanadi.
Maxsus rejim doirasida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni chiqarishi mumkin.
Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:
- milliy va (yoki) xorijiy valyuta bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish;
- O‘zbekiston hududida barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish;
- xalqaro o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun barqaror tokenlardan foydalanish;
- blokcheyn texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimlarini yaratish.
Barqaror tokenlarni chiqarish uchun ta’minot sifatida faqat Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilgan milliy va (yoki) xorijiy valutadagi pul mablag‘laridan foydalanilishi lozim.
Barqaror tokenlarga ta’minotni shakllantirish uchun kredit yoki garovga olingan mablag‘lar yoxud boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.