Ayniqsa, ilgari surilgan yettita milliy dastur mamlakat hayotining eng muhim yo‘nalishlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Ularda inson salohiyatini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, qonun ustuvorligi va samarali davlat boshqaruvini shakllantirish kabi ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Inson kapitali — asosiy harakatlantiruvchi kuch
Mamlakat taraqqiyotining eng muhim omili inson salohiyatidir. Chunki har qanday islohot va yangilanishning natijasi, avvalo, bilimli, sog‘lom va faol fuqarolarga bog‘liq.
Shu bois, birinchi milliy dasturda inson kapitalini rivojlantirish, bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Unda ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, yoshlarga sifatli bilim berish va zamonaviy kasblarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan maqsadlar o‘rin olgan. Jumladan, olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, texnikumlarda ta’lim oluvchilar qamrovini oshirish, milliy universitetlar nufuzini yuksaltirish kabi muhim vazifalar aks etgan.
Bugungi kunda ta’lim, mehnat va ilm-fan sohalarini rivojlantirish uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Endilikda asosiy vazifa ushbu sohalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim tizimini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Zero, hozir ish beruvchilar nafaqat diplom, balki amaliy ko‘nikmaga, zamonaviy bilim va o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan mutaxassislarga ehtiyoj sezmoqda.
Shuning uchun kasb standartlarini ishlab chiqishda ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish juda muhim. Chunki qaysi sohalarga qanday mutaxassislar kerakligini amaliyot va ishlab chiqarish vakillari yaxshi biladi. Shu nuqtayi nazardan, yoshlarni kasbga tayyorlash, ularga amaliyot o‘tash imkoniyatini yaratish va kelgusida ish bilan ta’minlash jarayonlarida korxonalar ishtirokini rag‘batlantirish lozim bo‘ladi.
Bu borada deputatlar zimmasiga ham muhim vazifalar yuklanadi. Eng avvalo, ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘dan qanchalik samarali foydalanilayotgani, ular qanday natija berayotganini doimiy o‘rganib borishimiz kerak.
Eng oliy ne’mat
Inson hayotida eng katta boylik — salomatlik. Faqat sog‘lom jamiyatgina barqaror taraqqiyot va farovon kelajakni ta’minlay oladi. Shu bois, o‘tgan davrda sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘ hajmi sezilarli darajada oshdi.
Jumladan, yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar hajmi uch barobar oshishiga zamin yaratdi.
Ikkinchi milliy dastur aholining sog‘lom turmush kechirishi, umr davomiyligini oshirish va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molik.
Yangi yondashuvlardan biri aholi salomatligi uchun davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich oshirishdir. Kelgusi besh yilda ushbu xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish, davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlarga joriy etish hamda jahonning nufuzli klinikalarini mamlakatimiz tibbiyot tizimiga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishi fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlaydi. Endi bemor oddiy xizmat oluvchi emas, balki o‘z huquq va kafolatlariga ega sug‘urtalangan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlashda eng muhim yo‘nalishlardan yana biri kasalliklarning oldini olishdir. Chunki profilaktikaga yo‘naltirilgan mablag‘ oddiy xarajat emas, balki inson hayoti va davlat kelajagiga kiritilgan samarali sarmoyadir. Faqat kasallikni erta aniqlash orqali inson salomatligini saqlab qolish, shu bilan birga, davolash uchun sarflanadigan mablag‘larni kamaytirish mumkin.
Bugun sohadagi islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Tizimdagi ko‘plab hujjatlarni yagona, tushunarli va zamonaviy talablarga javob beradigan kodeks asosida birlashtirish esa sohani yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Yangi iqtisodiy model asosi
Mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish, uni zamonaviy texnologiyalar va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlar asosida rivojlantirishdir. Uchinchi milliy dastur doirasida belgilangan maqsadlar aynan shu yo‘nalishga qaratilgan.
Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda
2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 10 ming dollardan oshirish kabi vazifalar iqtisodiyotimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi.
Bu esa xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan innovatsiya va yuqori texnologiyalarga tayangan iqtisodiyotga, oddiy mehnatdan esa yuqori samarador va bilimga asoslangan mehnatga o‘tishni anglatadi.
Avvallari asosiy e’tibor yer, bino, moddiy mulk va an’anaviy savdo munosabatlariga qaratilgan bo‘lsa, bugungi raqamli iqtisodiyotda eng qimmatli aktivlar ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi. Bular kompyuter dasturlari, ma’lumotlar bazalari, ilmiy ishlanmalar, ixtirolar va brendlardir.
Masalan, yosh tadbirkor tomonidan yaratilgan zamonaviy mobil ilovaga xorijlik investor mablag‘ kiritmoqchi bo‘lsa, u, avvalo, o‘z huquqlari qanday himoya qilinishi, ehtimoliy nizolar qanday hal etilishi va qonun-qoidalarning barqarorligi haqida aniq kafolatlarga ega bo‘lishni istaydi. Chunki ishonchli huquqiy muhit bo‘lmasa, investitsiya oqimi boshqa bozorlarga yo‘nalishi mumkin.
Shu ma’noda, startaplar, venchur moliyalashtirish, raqamli aktivlar va zamonaviy texnologiyalar uchun mos huquqiy mexanizmlarni yaratish g‘oyatda muhimdir.
Bugun biznesning o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydigan, tadbirkorlarni rag‘batlantiradigan tizimni shakllantirish ham juda dolzarb. Bu borada yangi huquqiy yondashuvlarga o‘tish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Xususan, “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun asosida yangi iqtisodiy munosabatlar uchun maxsus huquqiy tartib yaratildi.
Tabiatga mas’uliyat — kelajakka e’tibor
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va ekologik muammolar butun dunyo uchun dolzarb masalaga aylanmoqda. Bu holat inson hayoti, iqtisodiyot va kelajak avlodlar farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu jihatdan olganda, to‘rtinchi milliy dasturda suv resurslarini asrash, ulardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada aniq va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Ayniqsa, qonunchilik mexanizmlarini yanada takomillashtirish, suv resurslaridan tejamkor va samarali foydalanayotgan subyektlarni rag‘batlantirish, ulardan isrofgarchilik bilan foydalanganlik uchun ta’sirchan huquqiy choralarni belgilash kerak.
Binobarin, suv oddiy resurs emas, balki mamlakatning ekologik barqarorligi va kelajak avlodlar farovonligini ta’minlovchi strategik boylikdir. Shu sababli mahalliy hokimliklarning atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish, daraxtlarni asrash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish zarur.
Ushbu jarayonda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, mahalliy kengashlarning bu sohadagi vakolat va faolligini kengaytirish lozim bo‘ladi.
Tabiatni asrashga yondashuv qanchalik mas’uliyatli bo‘lsa, kelajak avlodlarga qoldiriladigan meros shunchalik boy bo‘ladi. Shu maqsadda ekologik sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini o‘rnatish ustuvor vazifalardan biridir.
Sud mustaqilligi — adolat kafolati
Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgani bejiz emas. Sababi, adolat qaror topgan jamiyatdagina iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy ishonch va fuqarolarning kelajakka ishonchi mustahkamlanadi.
Mazkur dasturni oltita boshqa milliy dasturning huquqiy poydevori deb atash mumkin. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlanmas ekan, har qanday islohot va tashabbusning samaradorligi to‘liq namoyon bo‘lmaydi.
Oddiy misol, fuqaro o‘z huquqini sud orqali samarali himoya qila olmasa, belgilangan kafolatlar kutilgan natijani bermasligi mumkin. Atrof-muhitga zarar yetkazgan shaxs ham qonuniy javobgarlikka tortilmasa, eng mukammal ekologik talab¬lar yetarli samara bermaydi.
Demak, qonun ustuvorligi barcha sohalardagi islohotlar samaradorligini ta’minlaydigan asosiy omildir. Bu yo‘nalishda qonunchilik oldida qator muhim vazifalar turibdi. Avvalo, sudyalarni tanlash, tayinlash va ular faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish jarayonlarida mustaqillik kafolatlarini yanada mustahkamlash lozim.
Shuningdek, qonunlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini tushunishi uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarga duch kelmasligi, qonun unga aniq va tushunarli yo‘l-yo‘riq berishi kerak.
Qonun ustuvorligi faqat huquqiy tizim emas, balki huquqiy madaniyat bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, yosh avlodga maktabdan boshlab huquqiy bilim va ko‘nikmalar berish, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan foydalana olishini ta’minlash juda muhimdir.
Mahalla ishtirokini kengaytirishga qaratilgan boshqaruv tamoyili
Oltinchi milliy dastur davlat boshqaruvi tizimida muhim yangilanishlarni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, tuman budjeti, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalarini shakllantirishda mahallaning ishtiroki yanada kengaymoqda.
Agar ilgari mahalla ko‘p hollarda yuqoridan qabul qilingan qarorlarni ijro etuvchi bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, endi u hudud aholisining haqiqiy ehtiyojlarini belgilaydigan, ustuvor vazifalarni shakllantiradigan va amalga oshirilgan ishlar natijasini baholaydigan muhim institutga aylanmoqda.
Bu tizim samarali ishlashi uchun esa uning huquqiy mexanizmlari aniq belgilab qo‘yilishi zarur. Jumladan, mahalla buyurtmasi qanday tartibda shakllantiriladi? U tuman budjeti va rivojlanish dasturlariga qay tarzda kiritiladi? Agar taklif rad etilsa, buning asoslari kim tomonidan va qanday shaklda tushuntiriladi? Belgilangan vazifalar bajarilmagan taqdirda mas’uliyat kimning zimmasiga yuklanadi?
Bu kabi savollarga aniq huquqiy javob bo‘lmasa, mas’uliyat turli idoralar o‘rtasida tarqalib ketishi mumkin. Natijada aholi kutgan samaraga erishish qiyinlashadi, muammolarni hal etishda javobgarlik masalasi murakkablashadi.
Ayni yo‘nalishda “Tashabbusli budjet” tajribasi aholining o‘z hududi rivojiga daxldor qarorlarni qabul qilishdagi faolligini namoyon etdi. Endi bu tajribani yanada takomillashtirish, samarali jihatlarini qonunchilik asosida mustahkamlash muhim vazifalardan biridir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham mahalladagi dolzarb masalalarni qonunchilik va budjet jarayonlariga olib chiqish, aholi manfaatlarini ifoda etish hamda qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini ta’minlashda muhim ko‘prik vazifasini bajarishi kerak.
Tinchlik va barqarorlik investitsiya uchun ishonchli zamindir
Yettinchi milliy dastur mamlakatimizning tinchlikparvarlik siyosati, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifalarni belgilaydi.
Bu bejiz emas. Zero, tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari iqtisodiy rivoj uchun muhim omillardan biridir.
Tarixiy taj¬riba ko‘rsatadiki, barqarorlik mavjud bo‘lgan joydagina iqtisodiy faollik va investitsiya uchun ishonch¬li muhit shakllanadi. Yaqin o‘tmishda chegara masalalaridagi ayrim muammolar nafaqat odamlar harakatiga, balki tadbirkorlik aloqalari va savdo jarayonlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Bugun qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq va konstruktiv siyosati natijasida ko‘p¬lab davlatlar bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar izchil rivoj¬lanib borayotir.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi faol ishtiroki, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Erishilgan yutuqlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, xususan, millatlararo totuvlik va vijdon erkinligini ta’minlash, xorijlik investorlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, milliy qonunchilikni xalqaro huquqiy me’yorlar bilan uyg‘unlashtirish muhim va samarali yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Parlament esa xalqaro shartnomalarni ko‘rib chiqish va ratifikatsiya qilish jarayonida ularning milliy manfaatlarga mosligi, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi hamda huquqiy asoslarni mustahkamlashiga alohida e’tibor qaratishi zarur.
Sifatli qonun samarali islohot garovi hisoblanadi
Milliy dasturlarni samarali amalga oshirish faqat yangi qonunlarni qabul qilishni emas, balki qonun ijodkorligiga bo‘lgan yondashuvlarni zamon talablari asosida takomillashtirishni ham taqozo etadi.
Shu nuqtayi nazardan, loyihalarni ishlab chiqishda ularni muayyan mezonlar asosida baholash muhim ahamiyat kasb etadi.
Birinchidan, qonun loyihasi muayyan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, aniq maqsad va vazifalarga ega bo‘lishi lozim. Ya’ni u fuqarolar, tadbirkorlar va jamiyatning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarur.
Ikkinchidan, har bir qonun loyihasida ko‘zlangan maqsad va uni amalga oshirish natijalari aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Agar milliy dasturlarda vazifalar muayyan ko‘rsatkichlar orqali ifodalansa, ularning huquqiy asosini yaratuvchi qonunlar ham amaliy samaradorlikni ta’minlaydigan mexanizmlarni nazarda tutishi shart.
Uchinchidan, qonunlar sodda, tushunarli va barqaror huquqiy muhitni ta’minlaydigan tarzda ishlab chiqilishi muhim. Fuqaro ham, tadbirkor ham qonun hujjatlari orqali o‘z huquq va majburiyatlarini aniq anglay olishi, huquqiy normalar esa tez-tez o‘zgarib, noaniqlik keltirib chiqarmasligi kerak.
To‘rtinchidan, qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirish talab etiladi. Chunki aholi va manfaatdor tomonlarning asoslangan takliflari qonunlar sifatini oshirish, ularni amaliyotga yanada yaqinlashtirish hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun qanchalik puxta ishlab chiqilgan, tushunarli va hayotiy ehtiyojlar bilan uyg‘un bo‘lsa, uning ijrosi ham shunchalik samarali bo‘ladi. Shu bois, milliy dasturlarda belgilangan ustuvor vazifalarning huquqiy asoslarini yaratish, qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda qabul qilingan hujjatlar ijrosini aniq mezonlar asosida nazorat qilish bugungi qonun ijodkorligining eng muhim vazifalaridan biridir.
Mavluda XO‘JAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari