“Qishlarida bahor shivirlaydigan”, “sal koʻrmasa quyosh sogʻinadigan” yurtimizda hayot qaynaydi. Inson qadri ulugʻlangan yangi Oʻzbekistonda ulkan islohotlar shabadasi esadi.
Ayni
shu ruhda Fargʻona davlat universitetida oʻtkazilgan xalqaro Tinchlik forumida
taʼkidlanganidek, Fargʻona vodiyasi bir necha oʻn yillar davomida murakkab
ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilingan. Bugun esa u yaxshi qoʻshnichilik, ochiqlik
va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini yengib
oʻtishning yorqin namunasi boʻlib turibdi. Forum nafaqat muhokama maydoni, balki
Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik falsafasini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam
boʻlib xizmat qildi.
Ayni
paytda Fargʻona viloyati tinchlik va maʼnaviy uygʻonishning, iqtisodiy barqarorlik
va innoasion
rivojlanishning zamonaviy ramzi sifatida dunyo hamjamiyatiga oʻzini namoyon etmoqda.
Joriy
yilning 7 may kuni dunyoning eng nufuzli reyting agentliklaridan biri — Fitch Ratings Fargʻona
viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini “BB-”
darajasida, istiqbolini esa “Barqaror” deb baholadi. Avvalroq, 2025 yilning
noyabr oyida S&P Global Ratings
ham viloyatni “B+”dan “BB-”ga koʻtargan edi. Ikki yetakchi agentlikning bir xil
yuqori baho berishi Fargʻonaning Oʻzbekistonda moliyaviy intizomi, investitsion
jozibadorligi va iqtisodiy barqarorligi boʻyicha yetakchi hudud sifatida rasmiy
eʼtirof etilishidir.
Bu
baho oddiy raqam emas. Bu tinchlik sharoitida fidokorona mehnat, jasoratli
islohotlar va buyuk orzular bilan yaratilgan yangi Fargʻonaning xalqaro miqyosdagi
tantinali tasdiqlanishidir.
Fitch Ratings tahlilida qayd etilishicha, viloyat mustaqil kredit
profilini mustahkam saqlab, qarz yukini boshqarish koʻrsatkichini barqaror darajada
ushlab turibdi. 2030 yilga qadar qarzni qoplash koeffitsienti xavfsiz diapazonda
boʻlishi kutilmoqda. Soliq tushumlari ulushi 47 foizga yetgani va markaziy
transferlarga qaramlik kamayishi moliyaviy mustaqillik ortib borayotganini
koʻrsatadi.
Prezidentimizning
yaqinda Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida oʻtkazilgan yigʻilishda keltirilgan
raqamlar bu bahoni yorqin tasdiqlaydi: soʻnggi yillarda viloyatga 8,2 milliard
dollar investitsiya jalb qilindi, 8 mingdan ortiq zamonaviy quvvat ishga
tushirildi, tadbirkorlikka 100 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Natijada yalpi hududiy
mahsulot 1,7 baravar, sanoat 1,5 baravar, xizmat koʻrsatish sohasi 3 baravar
oʻsdi. Ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik esa 11,6 foizdan 5,2 foizga
tushdi.
Soʻnggi
yillarda Fargʻona xalqaro hamkorlikda katta yutuqlarga erishdi. Xorijiy kapital
ishtirokidagi korxonalar soni
124
tadan 900 taga oshdi. Ayniqsa, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Janubiy Koreya,
Fransiya, BAA, Qatar va boshqa davlatlar bilan sanoat, tibbiyot, infratuzilma va
turizm yoʻnalishlarida hamkorlik rivojlanmoqda. AT sohada esa kompaniyalar soni 69
tadan 139 taga, xorijiy kompaniyalar 4 tadan 49 taga yetdi, eksport hajmi esa
22,7 million dollarga oshdi.
Tinchlik
va barqaror rivojlanishning eng muhim sharti maʼnaviy uygʻonish va ilm-fan
taraqqiyotidir. “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturida Fargʻona
yetakchilik qilayotgani, yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotgani viloyatni raqamli
transformatsiya markaziga aylantirmoqda.
Shu
bilan birga, “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi, Qoʻqon
adabiy muhiti, askiya sanʼati markazi va ziyorat, ekoturizm loyihalari orqali
iqtisodiy oʻsishga chuqur maʼnaviy mazmun qoʻshilmoqda.
Bugun
Fargʻona tinchlik, maʼnaviy yuksalish va iqtisodiy qudratning uygʻunlashgan namunasi
sifatida Markaziy Osiyoga ilhom bermoqda. Bu muvaffaqiyatlar asosida xalqimizning
tinchliksevarligi va fidokorona mehnati yotadi. Xalqaro reytinglar bizga katta
ishonch bagʻishlasa-da, oldimizda yangi masʼuliyatlar turibdi.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti
rektori