Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Margʻilon – Buvayda” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina toʻxtatildi.

Transport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Qoʻshtepa tumanida yashovchi shaxsning yonidan 1 kilogramm 187 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Yana bir tezkor tadbir Xorazm viloyatida oʻtkazildi. Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida Urganch shahrida amalga oshirilgan tadbir davomida 1995-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonidan hamda vaqtincha yashab turgan xonadondan jami 620 gramm “gashish” va 297 gramm “mefedron” giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Tergovga qadar aniqlanishicha, mazkur narkotik moddalar Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.