Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 1997-yilda Quva tumanida tugʻilgan Muhammad Yusuf Muhammadjonov 10 dan ortiq fuqaroning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirib, ularning 1 milliard soʻmdan ortiq mablagʻini oʻzlashtirgan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, u fuqarolarga “kredit olib berish” vaʼdasini berib, ularning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalangan. Natijada jabrlanuvchilar nomiga qoʻshimcha kreditlar rasmiylashtirilib, mablagʻlar gumonlanuvchi tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun ishlatilgan.
Jabrlanuvchilardan biri 130 million soʻm kredit olganidan soʻng, uning nomiga yana qoʻshimcha kredit rasmiylashtirilganini aytgan. Yana bir fuqaro esa oʻz nomiga 73 million soʻmdan ortiq mablagʻ noqonuniy ravishda olinganini bildirgan. Shuningdek, bir ayolning aytishicha, Face ID orqali amalga oshirilgan jarayondan keyin uning nomiga taxminan 80 million soʻm kredit rasmiylashtirilgan.
Boshqa holatda esa fuqaro nomiga 105 million 780 ming soʻmlik ipoteka krediti rasmiylashtirib olingani maʼlum boʻlgan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-modda (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchi qoʻlga olingan.
U oʻz koʻrsatmasida bank xodimi emasligini, faqat fuqarolarga kredit olib berishni vaʼda qilib, ortiqcha mablagʻlarni yashirgan holda oʻz manfaati yoʻlida ishlatganini tan olgan va qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.
Fargʻona viloyati IIB fuqarolarni bunday holatlardan ogoh boʻlishga chaqirib, kredit rasmiylashtirishda begona shaxslar yordamiga ishonmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, ushbu shaxsdan jabrlanganlar ichki ishlar organlariga yoki 102 raqami orqali murojaat qilishlari soʻraldi.