Ma’lum bo‘lishicha, 1976-yilda tug‘ilgan D.I. 2006-yildan 2024-yil avgust oyiga qadar “O‘zmilliybank” tizimida turli lavozimlarda ishlagan. So‘nggi yillarda viloyat boshqarmasining Plastik kartochkalar va chakana amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i sifatida bankning plastik kartalar, bankomatlar va ularning dasturiy ta’minoti bilan bog‘liq jarayonlariga mas’ul bo‘lgan.

Faoliyati davomida o‘z xizmat vakolatlari va bankning avtomatlashtirilgan bank tizimi — IABS dasturidan foydalanib, bir necha yil davomida bank hamda mijozlarga tegishli mablag‘ni talon-toroj qilib kelgan.

UzCard’dagi xatolik 

Aniqlanishicha, 2019-yildan boshlab tijorat banklarida UzCard plastik kartalari bilan bog‘liq texnik nosozliklar ko‘paygani sababli ushbu to‘lov tizimidan bosqichma-bosqich voz kechilib, mijozlarga Humo plastik kartalari tarqatila boshlangan.

Shunga ko‘ra, xodimlar tomonidan UzCard’dagi mablag‘ yangi berilgan kartalarga o‘tkazishni amalga oshirilishi lozim bo‘lgan. Biroq D.I. aynan ushbu jarayondagi vaqtinchalik texnik imkoniyatdan foydalanib, IABS dasturida o‘zi hamda bo‘lim xodimlariga biriktirilgan login va ruxsatlar orqali operatsiyalarni amalga oshirib, tizimdagi ma’lumotlar to‘liq yangilanmasidan avval mablag‘ni shaxsiy ehtiyoji uchun yechib olgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u 2019–2024-yillar davomida 113 nafar mijozning plastik kartalaridagi jami 641 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni bo‘lib-bo‘lib o‘zlashtirgan.

Pullar turli plastik kartalarga o‘tkazilib, keyinchalik bankomatlar orqali naqdlashtirilgan. Natijada bank dasturida “ishlov berilmagan tranzaksiyalar” deb ataluvchi moliyaviy nomuvofiqliklar yuzaga kelgan.

Bankomatlardan “yechilgan” millionlar

Bundan tashqari D.I. bankga bankomatlar olib kelingan vaqtda ularning korpus va seyf kalitlaridan bir nusxasini olib, yillar davomida noqonuniy ravishda yashirin tarzda o‘z ixtiyorida saqlab kelgan.

“Tartibga ko‘ra, bankomat korpuslari va seyflari 3 nusxada bo‘ladi. Kalitlarning bir nusxasi xavfsizlik xizmatida, yana bittasi kassada, uchinchisi esa zaxira sifatida boshqa bankda saqlanishi lozim edi”, deydi sudlanuvchi.

2024-yil dekabr oyida bank rahbariyati tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, “Farg‘ona amaliyot” BXM tasarrufidagi bankomatlar hamda boshqa o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qurilmalarida saqlanayotgan naqd pul mablag‘i holati tekshirilgan. Tekshiruv davomida hisobvaraqlardagi qoldiq mablag‘ning kelib chiqishi va ularning haqiqiyligi o‘rganilgan.

Ishchi guruh bir vaqtning o‘zida barcha bankomatlar faoliyatini to‘xtatib, kompleks tekshiruv o‘tkazganida D.I. tomonidan “Farg‘ona dehqon bozori” hududidagi bankomatlarda 2023-yil aprel–dekabr oylari davomida amalga oshirilgan 7 ta noqonuniy operatsiya fosh bo‘lib, bangga jami 845 mln 20 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Lezviya va “super kley”

Tergov jarayonida, u avval bank tizimidagi login va parolidan foydalanib, bankomatning operatsion kunini yopganini, shundan keyin avvaldan yashirib qo‘ygan kalitlar yordamida bankomat seyflarini ochib, kassetalardan ayrim hollarda 50 mln, 80 mln va 100 mln so‘mdan pul olganini bildirgan.

“Tekshiruvlar vaqtida kamomad bilinmasligi uchun plomba iplaridan birini lezviya bilan ehtiyotkorlik bilan kesardim. Pullarni olgandan so‘ng ipni “Super kley” yordamida qayta yopishtirib, holatni bilintirmaslikka harakat qilardim”, deydi D.I. o‘z ko‘rsatuvida.

Bankga tegishli 10 ta bankomat bir vaqtning o‘zida tekshirilmagani sabab ayrim bankomatlarda kamomad yuzaga kelganda, boshqa bankomatlar hisobvaraqlaridagi mablag‘dan foydalanib, yangi hisobvaraqlar ochish va ularni biriktirish orqali kamomadni yashirishga uringan.

Kartalardan oʻgʻirlangan pullar

Sudda ishtirok etgan jabrlanuvchilardan birining vakili V. S.ning aytishicha, singlisi T.Sh.ning nafaqasi “O‘zmilliybank”dagi UzCard plastik kartasiga tushirib borilgan.

T.Sh. 2023-yilning may oyida Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida istiqomat qiluvchi farzandlarini ko‘rib, O‘zbekistonga qaytganida uning plastik kartasidan 14 mln so‘m mablag‘ yechib olingani haqida sms xabar kelgan. Shundan so‘ng holat yuzasidan bankka murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, uning nomiga yangi Humo plastik kartasi ochilgani va UzCard kartasidagi 26 mln 266 ming so‘m qoldiq mablag‘ni ko‘chirish amaliyoti bajarilgan. Ammo mazkur operatsiya oxirigacha tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, plastik kartadagi mablag‘lar mobil ilovalar orqali turli to‘lovlarni amalga oshirish yo‘li bilan 48 million so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgan.

Sud hukmi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi hukmi bilan D. I. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil muddatga bank tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari undan T.Sh. foydasiga 26,1 million, bank foydasiga esa jami 1 mlrd 486 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.