Bu haqida Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Aniqlanishicha, muqaddam Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan sudlangan, 2004 yili tug‘ilgan shaxs jinoyiy guruh yetakchisi sifatida yoshlarni o‘z atrofiga to‘plagan.
Guruh a'zolari Qirguli dahasida maktab o‘quvchilari va fuqarolarni qo‘rqitish, tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilish orqali telefon va boshqa moddiy qimmatliklarni o‘g‘irlik, firibgarlik hamda talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, jinoyiy to‘da atrofiga boshqa shaxslarni jalb qilishga muntazam urinib kelgani aytilmoqda.
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, jinoyiy guruhning barcha a'zolari Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi asosida vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Tadbirlar davomida uyali aloqa vositalari, guruh a'zolaridan biridan topilgan gashish giyohvandlik moddasi hamda sovuq qurol ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.