Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2013 yil 29 oktabrdagi sud hujjatiga ko‘ra, A.F.dan undiruvi Z.F. foydasiga uning daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.
Dastlab aliment mablag‘lari undirilib kelingan. Keyinchalik qarzdor tomonidan majburiyatlar lozim darajada bajarilmayotgani aniqlangan.
Shundan so‘ng davlat ijrochilari qarzdorning daromad manbalari va moliyaviy imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tegishli idoralarga so‘rovlar yuborgan. Hususan, soliq organidan olingan ma’lumotlar asosida aliment bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilgan.
Natijada A.F.ning aliment bo‘yicha jami qarzdorligi 752 044 654,49 so‘m ekani aniqlangan.
Qarzdor bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan. Shu sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47⁴-moddasi asosida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Sudda ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda A.F. aliment majburiyatini bajarmaslikning qonuniy oqibatlarini anglab, farzandi ta’minoti uchun hisoblangan 752 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni to‘liq to‘lab bergan.
Shundan so‘ng unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47⁴-moddasi asosida yuritilgan ish Kodeksning 271-moddasiga asosan tugatilgan.
Aliment — oddiy qarz emas, balki farzandning kundalik ehtiyojlari, ta’lim-tarbiyasi va munosib hayot kechirishi uchun zarur mablag‘dir. Shu bois ota-onalar farzandi oldidagi qonuniy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi lozim.