Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Jalolov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori lavozimiga tayinlandi. 

Fotih Jalolov mazkur tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

Yangi tayinlangan direktorni teatr jamoasiga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev tanishtirdi. Tadbirda Nodirbek Sayfullayev Fotih Jalolovni yangi lavozim bilan tabriklab, unga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrining ijodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, teatr faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda uning rivojiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi. 

Yangi direktorga teatr jamoasi bilan hamjihatlikda faoliyat olib borib, teatrning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda milliy teatr san’atini yanada rivojlantirish yo‘lidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolindi.