Bu islohotlardan maqsad kamroq yerdan ko‘proq va sifatliroq mahsulot olish, fermer daromadini oshirish, to‘qimachilik sanoatini barqaror paxta xomashyosi bilan ta’minlash va iqtisodiyotda paxtachilikning haqiqiy samarasini ko‘rsatishdir.

So‘nggi oltmish yil ichida dunyo bo‘ylab paxta hosildorligi sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda yetakchi mamlakatlar nihoyatda yuqori natijalarga erishmoqda: Xitoy gektaridan taxminan o‘rtacha 90 sentnergacha paxta xomashyosini yetishtirish bilan dunyoda birinchi o‘ringa chiqib olgan bo‘lsa, bu borada Avstraliya 55 sentner, Turkiya esa taxminan 50 sentner o‘rtacha ko‘rsatkichga ega. Braziliyada hosildorlik o‘rtacha 40-45 sentnerni tashkil etmoqda. AQSh, Pokiston va Hindiston esa sharoitga qarab 15-25 sentnergacha paxta xomashyosi olmoqda. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 30-35 sentner orasida kuzatilmoqda.

Shu fonda O‘zbekistonning paxtachilik tarixi alohida e’tiborga molik. Uzoq yillar davomida mamlakatimizda paxta xomashyosi hosildorligi gektariga o‘rtacha 25-30 sentner atrofida qolib keldi — ba’zi yillarda esa bu raqamning o‘ziga ham yetib bo‘lmadi. Asrlar davomida paxta ekib kelgan, Farg‘ona va Zarafshon vodiylarida serunum sug‘oriladigan yerlarga ega. Dunyodagi eng katta paxta maydonlaridan biriga ega mamlakat uchun bunday orqada qolish o‘ta ajablanarli holat edi. O‘tgan yili esa dalalardan 70-90 sentnergacha paxta xomashyosi ko‘tarilib, yurtimizda o‘rtacha hosildorlik 45 sentnerga yetdi. Bu salmoqli qadam bo‘ldi.

Xo‘sh, nima uchun O‘zbekiston oldingi yillarda o‘z imkoniyatidan ancha past natija ko‘rsatgan edi? Biz nimada xato qilardik va oxirgi yildagi o‘sishning sababi nima? Nega endi birdaniga yuqori natija bo‘ldi, nima o‘zgardi? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Sohaga mas’ul sifatida menga ko‘p savol berishadi: “Bu rostmi?” Yoki oldingi tarixdagidek: “Qog‘ozdagi gap emasmi?, “Ha, endi har 10 yilda bir paxta bo‘ladigan yil keladi, bu yil bo‘larmikan?”. Shunga o‘xshash ikkilanishli savollar ko‘p.

So‘nggi sakkiz yilda juda ko‘p narsani o‘zgartirdik: ko‘chat qalinligi va ekish sxemasi yangilandi, ko‘sak qurti va begona o‘tlarga chidamli biotexnologik navlar olib kelindi, mahalliy yangilangan genotiplar rayonlashtirildi, klasterlar tizimi ishga tushirildi, davlat tomonidan misli ko‘rilmagan qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda Paxtachilik kengashi a’zolari bilan dunyoning nufuzli Nature Portfolio tizimidagi Scientific Reports jurnalida tarixiy o‘zgarishlarni ilmiy asoslab, 2030 yilgacha prognozlar tahlil qilingan maqolamiz chop etildi. Xalqaro jamoatchilik buni model sifatida e’tirof eta boshladi.

Biroq mahalliy jamoalarimiz hali-hamon “rostmikan” degan ikkilanishda. Shu nuqtayi nazardan, paxtachilikning 8 qoidasini e’lon qildik, fermerlarni o‘tgan olti oy mobaynida o‘qitdik. Natija dalada ko‘rina boshladi. Ammo paxtachilikda eng muhim palla boshlanish arafasida va har qanday ikkilanish va qoidaga amal qilmaslik katta zarar berishini bugun oddiy qilib hammaga tushuntirish o‘ta dolzarb. Keling, tushunarliroq bo‘lishi uchun avval g‘o‘za va uning vegetatsiyasi haqida to‘xtalaylik.

Bizda paxta to‘la pishadimi o‘zi?

O‘zbekiston paxta yetishtiruvchilar ichida eng shimolda joylashgan mamlakat bo‘lib, bizda g‘o‘zaning barqaror o‘sib, to‘liq hosil berishi ancha murakkab. Aslida, tabiiy vegetatsiya davri 170-250 kungacha cho‘ziladigan g‘o‘za Amerika, Afrika yoki Avstraliya mintaqalaridagi paxta yetishtiruvchi mamlakatlarda uzoq issiq mavsum hisobiga to‘la pishib yetilish imkoniyatiga ega bo‘lsa, aksincha, O‘zbekiston sharoitida, garchi quyosh, issiqlik, suv, dehqonchilik tajribasi va parvarish madaniyati yetarli bo‘lsa-da, g‘o‘zaning tabiiy jihatdan “to‘la” pishib yetilishi har doim ham oson kechmaydi. Vegetatsiya imkoniyati amalda 120-130 kun atrofida bo‘ladigan yurtimizda qishning sovuq kunlari odatda oktyabr oxiri — noyabr boshidan sezila boshlasa ham avgust-sentyabr oylarida, hatto oktyabr boshida ham g‘o‘za o‘sishga, shoxlashga, barg chiqarishga, gullashga va yangi ko‘sak bog‘lashga intilaveradi.

Albatta, shu o‘rinda o‘zbek seleksionerlarining oxirgi yuz yillikdagi eng katta tarixiy yutug‘ini alohida e’tirof etish kerak: ular g‘o‘zaning tabiatan uzoq vegetatsiyaga moyil navlarini O‘zbekistonning 110-130 kunlik qisqa mavsumida pishib yetila oladigan madaniy navlarga aylantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Bu mamlakat paxtachiligi, milliy seleksiya maktabi va ilm-fanimizning katta muvaffaqiyati. Biroq o‘tgan yillardagi tajriba ko‘rsatmoqdaki, ertapishar navning o‘zi ham to‘liq yechim bo‘la olmaydi.

Shuning uchun O‘zbekistonda yaratilgan g‘o‘za navlari ertapishar bo‘lsa-da, “g‘o‘za yaxshi rivojlanyaptimi”, degan savol bilan birga, “g‘o‘za o‘z vaqtida pishadimi”, “ko‘sak ochilarmikan”, “paxta tosh bosarmikan”, “fermerning butun mavsum davomida qilgan mehnati haqiqiy terib olinadigan hosilga aylanarmikan yoki bir qismi ochilmagan ko‘saklar ko‘rinishida dalada qolib ketarmikan?”, degan savollar bugun juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Paxtada haqiqiy hosil ko‘z bilan sanab qo‘yilgan yashil ko‘sak emas. Haqiqiy hosil pishgan, ochilgan, tolasi shakllangan, chigiti to‘lgan, vazni og‘ir va terib olingan lo‘ppi paxtadir. Dalada ko‘p ko‘sak turishi barchamizning ko‘zimizni quvontiradi, albatta, lekin agar o‘sha ko‘saklar kuz sovug‘i kirguncha ochilmasa, tola pishib yetilmasa, u terim savatiga tushmasa, chamalangan hosil amalda fermer daromadiga aylanmaydi.

G‘o‘za qisqa mavsumli, tez pishib beradigan oddiy bir yillik o‘simlik emas. Uning tabiiy kelib chiqishida ko‘p yillik, daraxtsimon-butasimon xususiyat bor. Sharoit bo‘lsa, g‘o‘za o‘sishda davom etadi, yana shoxlaydi, yana barg chiqaradi, yana gullaydi, yana yangi ko‘sak tugaveradi. Bu tiriklikning maqsadi va qonuniyatidir. Biroq biz dehqonchilikda tabiatning mana shu qonuniyatlarini boshqarmasak, o‘simlikni o‘z vaqtida hosil berishga yo‘naltirmasak, ayniqsa, O‘zbekiston kabi qisqa mavsumli mintaqada g‘o‘za o‘zining uzoq o‘sishga moyil tabiati bilan biz kutgan hosilni berishga ulgurmaydi.

Tarix ham, ilm ham bir narsani ko‘rsatadi

Tarixga nazar tashlasak, Amerika qit’asining tub aholisi g‘o‘zani madaniylashtirish jarayonida, mana shu tabiiy muammoga o‘zlari bilmagan holda javob topgan. Ular sovuq tushishidan oldin qishlov joylarga ko‘chishga tayyorlangan, qalampir hosilini yig‘ishtirish jarayonida, pishib yetilgan paxta ko‘saklarini ham yig‘ib olgan, ertaroq ochilgan ko‘sak urug‘ini saqlagan, keyingi mavsumda yana qalampir bilan birga ekkan. Bu oddiy ko‘ringan dehqonchilik odati, ya’ni ertapishar qalampir ekini ertapishar paxta genotipini tanlashga yordam bergan. Shu tariqa tabiatda uzoq yashovchi, daraxtsimon-butasimon o‘simlik asta-sekin dala ekiniga, ertaroq pishadigan madaniy navlarga, tolasi inson hayotiga xizmat qiladigan ekinga aylangan.

Keyinchalik yevropaliklar Amerika qit’asiga kirib borgach, u yerda tub aholi tomonidan madaniylashtirilgan g‘o‘za urug‘lari namunalarini dunyoning turli hududlariga tarqatgan. Shuning uchun bugun dunyoda va bizda keng ekiladigan Amerika g‘o‘zasi, fanda Upland cotton deb ataladigan guruhning genetik asosi ham tarixan nisbatan tor bo‘lib qolgani ilm-fanda yaxshi qayd etilgan. Bu bizga yana bir muhim saboq beradi: paxtachilikda nav qanchalik muhim bo‘lmasin, navning o‘zi hamma muammoni hal qilib bermaydi. Ayniqsa, vegetatsiya davri qisqa bo‘lgan O‘zbekiston sharoitida ertapishar nav bilan birga pishishni boshqarish texnologiyasi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda paxtadan yuqori hosil olsa bo‘ladimi?

Demak, paxtachilik tarixi ham, bugungi ilm-fan ham, O‘zbekiston dala tajribasi ham bitta haqiqatni ko‘rsatmoqda: g‘o‘za faqat o‘stiriladigan o‘simlik emas, u pishiriladigan, mavsum oxirida to‘g‘ri yo‘naltiriladigan, butun to‘plagan ozuqasini ko‘sakka o‘tkazishiga yordam berilishi kerak bo‘lgan ekin. Jo‘n qilib aytganda, g‘o‘za navlariga agar kompyuterning texnik asosi, ya’ni hardware deb qaralsa, bu kompyuterga pishib yetilishini ta’minlaydigan dasturiy ta’minot, ya’ni software o‘rnatilishi kerak. Aks holda kompyuter, ya’ni nav qanchalik zamonaviy, qanchalik ko‘p funksiyali va yuqori hosil salohiyatiga ega bo‘lmasin, dastursiz to‘liq ishlamaydi, demak, hosildorlik imkoniyati ham to‘liq ochilmaydi.

So‘nggi yillarda hosildorlikda ko‘rinayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangi navlar va texnologiyalarning natijasi, fermer va klasterlarning tajribasi, ilmiy tavsiyalarga e’tibor oshishi dalolat beradiki, agar biz paxtachilikka tizim sifatida yondashsak, O‘zbekiston sharoitida ham yuqori hosil olish mumkin. Ammo har qanday islohotning samarasi oxirgi halqada — dalada, texnologiya intizomida, fermerning amaliy harakatida, mutaxassisning nazoratida va mahalliy rahbarning mas’uliyatida ko‘rinadi. Agar urug‘ yaxshi bo‘lsa-yu, ekish kechiksa, suv va o‘g‘it berilsa-yu, pishish boshqarilmasa, preparat ajratilsa-yu, u dalaga to‘g‘ri sepilmasa, tavsiya berilsa-yu, u ikkilanish yoki eski tushuncha sababli bajarilmasa, islohotning to‘liq natijasi omborda ko‘rinmaydi.

Tez kunlarda, hamma bajarishi shart bo‘lgan qoida nima?

Paxtachilikda aqlli kompyuterlarimiz, ya’ni navlarimizga kerakli eng zarur software qarish signalini berish, bargni to‘kish (defoliatsiya) va poyani obdon quritish (desikatsiya) amaliyotidir. Ochig‘ini aytish kerak, qarish signalini berish hammaga yangilikdir, biroq defoliatsiya va desikatsiya masalasida bizda ko‘p yillardan beri noto‘g‘ri tushuncha shakllanib ulgurgan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu faqat fermerning xatosi emas. Ba’zan mahalliy hokimliklar ham, hatto ayrim seleksioner, olim-agronom va maslahatchi-mutaxassis ham “bargni erta to‘ksak yoki g‘o‘zani quritishga kirishsak, ko‘sak vazni kamayib qolmaydimi, hosil yengillashib ketmaydimi?” degan xavotir bilan belgilangan tavsiyalarni tom ma’noda chetlab o‘tishga urinib kelgan. Ayrim hollarda defoliatsiya qog‘ozda bor, hisobotda bor, lekin dalada haqiqiy texnologik samara bermaydigan darajada kech, sust yoki noto‘g‘ri amalga oshirilgan holatlar bo‘lgan. Ya’ni kompyuter dastursiz qoldirilgan, yakuniy algoritmlar ishlamay qolgan. Buni yashirish emas, to‘g‘ri xulosa qilish kerak.

Biz ko‘p yillar davomida ko‘sakni ko‘rib yupanganmiz, ammo ochilmagan ko‘sakning hosil emasligini yetarlicha hisobga olmaganmiz. Biz yashil g‘o‘zani ko‘rib, “g‘o‘za hali ishlayapti, yana hech bo‘lmasa bir-ikkita ko‘sak olsin”, deb o‘ylaganmiz, ammo mavsum oxirida yashillik ba’zan kechikish belgisi ekanini anglamaganmiz. Biz bargni to‘kishdan qo‘rqqanmiz, ammo barg qolsa, terimni qiyinlashtirishi, tolaga aralashishi, sifatga ta’sir qilishi va eng asosiysi, g‘o‘za ozuqasining bir qismi hosilga emas, poya va bargda qolib ketishini yetarlicha o‘ylamaganmiz. Biz desikatsiyadan qochganmiz, ammo poya va ildizda to‘plangan ozuqa sovuq tushganda chirib ketishi, fermer mehnati esa to‘liq daromadga aylanmasligi mumkinligini tasavvur qila olmaganmiz. Afsuski, oramizda hali-hanuz buni to‘la tushunmaganlar bor.

G‘o‘za o‘z “merosi”ni bolalariga berishi kerak

Hayotning o‘zgarmas qonuni bor: har bir tirik mavjudot o‘zidan keyin avlod qoldirishga intiladi. Inson ham umri davomida topganini, bilganini, mehnatini, mehrini farzandlariga qoldirishni o‘ylaydi. Tabiatda o‘simlik ham o‘z avlodini — urug‘ini qoldirishga harakat qiladi. G‘o‘za uchun bu avlod ko‘sak ichidagi chigit va uni o‘rab turgan toladir. Shu ma’noda, mavsum oxirida g‘o‘zaning butun vazifasi poya, shox, barg va ildizda to‘plagan ozuqasini ko‘sakka, chigitga va tolaga o‘tkazishdan iborat bo‘lishi kerak. Xalqona qilib aytganda, g‘o‘za o‘z “merosi”ni bolalariga — ko‘saklarga berishi kerak.

Lekin agar biz g‘o‘zani vaqtida pishishga yo‘naltirmasak, u o‘z genetikasida yozilgan 170-250 kunlik pishish dasturiga ko‘ra, sentyabr-oktyabr oylarida ham, ya’ni bizda amalda 120-130 kunlik vegetatsiya imkoniyati tugayotgan paytda o‘zini hali mavsum tugamagandek tutadi: yana barg chiqaradi, yana gullaydi, yana mayda ko‘sak bog‘laydi, poya yashil qoladi, ildiz va poyadagi ozuqa zaxirada saqlanib turaveradi. Chunki g‘o‘zada tabiiy dasturga asosan hali avlod qoldirishga umid bor, shu sababli endi hosil qilgan yangi ko‘saklarni boqish uchun zaxirani ehtiyot qilib saqlaydi. Bu tiriklikning o‘z avlodi uchun qayg‘urishi, ularni sog‘lom, baquvvat va yashovchan qilishga intilishi kabi tabiiy qonuniyatdir.

Biroq g‘o‘zadagi bu “qayg‘urish” bizning qisqa vegetatsiya sharoitimizda faqat zararga ishlaydi. Birdaniga sovuq tushadi, yangi gul ham, mayda ko‘sak ham pishib yetilishga ulgurmaydi. Demak, biz mavsum davomida suv, o‘g‘it, mehnat va quyosh orqali to‘plagan ozuqani oxirida ko‘sakka o‘tkazmasak, o‘z mehnatimiz natijasini dalada qoldirgan bo‘lamiz.

Mana shu yerda o‘simlikka qarish zarurligi to‘g‘risidagi xabarni berish, ya’ni aging signali, barg ishlashini to‘xtatib, uni to‘kish, ya’ni defoliatsiya va hayotiy faollikni yakunlab, poyani quritish, ya’ni desikatsiyaning haqiqiy ma’nosi namoyon bo‘ladi. Qarish signalini keraksiz deb bilish, defoliatsiyani oddiy barg to‘kish, desikatsiyani esa oddiy o‘simlik quritish deb qarash katta xato. Qarish jarayoniga start berilsa, g‘o‘zada tabiiy mavsum yakunlanishi boshlanadi, defoliatsiyada g‘o‘za bargi shu qarish signali bilan hamohang ravishda poyadan uzilib tushadi, bargdagi faollik pasayadi, ko‘sakka quyosh va havo yetib borishi yaxshilanadi, terim yengillashadi. Desikatsiya esa mavsumni qat’iy yakunlash, o‘simlik to‘qimalarini suvsizlantirish, poya va bargda qolgan hayotiy faollikni to‘xtatib, g‘o‘zaga “endi o‘sish emas, pishish, endi yangi gul emas, mavjud ko‘sak, endi yashillik emas, hosil” degan yakuniy signalni beradi.

Albatta, bu tadbirlarni ko‘r-ko‘rona qilish mumkin emas. Mavsum boshida, ko‘sak shakllanmasdan oldin qilinsa, zarar keltirishi mumkin. Noto‘g‘ri preparat, noto‘g‘ri me’yor, noto‘g‘ri havo sharoiti yoki noto‘g‘ri texnika bilan qilinsa, samara bermaydi. Shuning uchun biz bu masalaga hadik va ikkilanish bilan emas, ilm bilan, tasodif bilan emas, qat’iy texnologiya bilan yondashishimiz kerak.

To‘rtta bosqich — bitta maqsad: hosilni dalada qoldirmaslik

Paxta yetishtiruvchi eng shimoliy hududlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston sharoitida bu borada aniq tartib va intizom bo‘lishi shart. Har bir bosqich zanjirning halqasidir — biri uzilsa, oxirgi natija pasayadi.

Birinchi bosqichda ekish muddatini kechiktirmaslik kerak. Mart oyining o‘rtalaridan aprel oyining o‘rtalarigacha bo‘lgan qisqa va maqbul muddatda chigit ekishni sifatli yakunlash g‘o‘zaga yetarli vegetatsiya davri berishning eng muhim shartidir. Eng yaxshi natija odatda mart oxiri — aprel boshida sifatli ekilgan maydonlarda ko‘rinadi. Ekish kechiksa, g‘o‘zaga berilmagan har bir kun keyin kuzda ko‘rinadi: avgustda ko‘sak yetilmaydi, sentyabrda ochilish kechikadi, oktyabrda sovuq xavfi ortadi.

Ikkinchi muhim bosqich avgust boshida g‘o‘zaga qarish yoki pishish, ya’ni aging signalini berishdir. Agar dalada gektariga kamida 200 ming atrofida sog‘lom tup shakllangan, har bir tupda o‘rtacha 8-10 ta ko‘sak bog‘langan bo‘lsa, bu allaqachon jiddiy hosil asosi borligini anglatadi. Ana shu paytda, ya’ni mart oyining oxiri va aprel oyining birinchi yarmida ekilgan maydonlarda 1 avgustgacha, aprel oyining ikkinchi yarmi yoki may oyida ekilgan maydonlarda esa 5 avgustgacha etefon tarkibli preparatlar bilan ishlov berish zarur. Etefon etilen ajratuvchi modda bo‘lib, o‘simlikda pishish, qarish va mavsumni yakunlash signalini beruvchi tabiiy gormon hisoblanadi.

Uchinchi bosqich — bargni to‘kish, ya’ni defoliatsiya. Etefon tarkibli preparatlar bilan ishlov berilganidan taxminan o‘n kun o‘tgach, yumshoq ta’sir etuvchi defoliantlar bilan ishlash lozim. Defoliatsiyani ikki marta o‘tkazish va bunda poyadagi barglarni to‘liq tushirishga erishish talab qilinadi: birinchi defoliatsiya poyaning yuqori va o‘rta qismidagi barglarni tushirsa, ikkinchi defoliatsiya pastki barglarni ham to‘liq ajratishga xizmat qiladi. Asosiysi, defoliatsiyani yumshoq va tartibli amalga oshirish bir marta kuchli ta’sirdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi, chunki maqsad o‘simlikni shokka tushirish emas, uni pishishga boshqaruvli o‘tkazishdir.

To‘rtinchi bosqich — desikatsiya, ya’ni mavsumni qat’iy yakunlash. Har yili havo harorati o‘rtacha 22 darajadan tusha boshlaganidan keyin, biroq 1-5 sentyabrdan kechiktirmasdan, qattiqroq ta’sir etuvchi magniy xlorati tarkibli tuzlar yoki dikvat ioni asosidagi desikantlar qo‘llanilishi mumkin. Bu g‘o‘zaga yakuniy signal beradi: mavsum tugadi, endi qolgan kuchingni ko‘sakka ber, dala terimga tayyorlansin. Shu paytdan boshlab poya, shox va ildizda mavsum davomida to‘plangan ozuqa bekorga qolib ketmasdan, tola, chigit va ochilgan ko‘sakka xizmat qilishi kerak.

Bu yerda yana bir bor ta’kidlash joiz: preparat nomi emas, texnologiya intizomi muhim. Etefon, tidiazuron, diuron, dikvat ioni kabi ta’sir etuvchi moddalar fermerga yo‘nalish beradi, ammo har bir preparat faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan, qonuniy ruxsat etilgan, yo‘riqnoma asosidagi me’yorda, mutaxassis nazoratida, havo sharoiti, harorat, namlik, shamol va terim imkoniyati hisobga olingan holda qo‘llanishi shart. “Ko‘proq sepsam, tezroq bo‘ladi”, degan qarash ham xato, “umuman sepmasam, hosil og‘ir qoladi”, degan qarash ham xato. Paxtachilikda ilmdan chetga chiqish har ikki holatda ham zarar keltiradi.

G‘o‘zaning “merosi” dalada qolmasin

O‘zbekiston sharoitida paxta sentyabr oxiri — oktabr boshida asosiy maydonlarda to‘la pishgan, ochilgan va terimga tayyor holatga kelishi lozim. Noyabrni kutib o‘tirish xavfli. Ba’zi yillar noyabr yoki dekabr iliq kelishi mumkin, ammo agrotexnologiya tasodifga qurilmaydi. Paxtachilikda “balki kuz yaxshi kelar”, degan umidga emas, “men hosilni o‘z vaqtida pishira olaman”, degan ishonchga tayanish kerak.

Shu o‘rinda yana bir bor aytish lozim: har bir dala bir xil emas. Hududlar iqlimi, tuproq sharoiti, nav xususiyati, suv ta’minoti, ekish muddati, o‘simlik zichligi va hosil yuki turlicha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday tadbir agronomik baholash bilan, mutaxassis nazoratida amalga oshirilishi shart. Lekin asosiy tamoyil o‘zgarmaydi: O‘zbekistonda paxta pishishini boshqarmasdan, qarish signali, defoliatsiya va desikatsiyani o‘z vaqtida, to‘g‘ri va mas’uliyat bilan amalga oshirmasdan yuqori hosil olish qiyin. Nav yaxshi bo‘lsa ham, yer unumdor bo‘lsa ham, suv yetarli bo‘lsa ham, o‘g‘it berilsa ham, agar g‘o‘za o‘z vaqtida pishirilmasa, hosilning bir qismi dalada qoladi. Poyada qolgan ozuqa omborga kirmaydi. Mayda ko‘sak va kechki gul fermerga daromad bermaydi. Yashillik ko‘zni quvontiradi, ammo ochilmagan ko‘sak terim savatiga tushmaydi. Shuning uchun biz paxtachilikda fikrlash tarzini o‘zgartirishimiz kerak. Endi O‘zbekiston sharoitida paxtaning qisqa mavsumda pishishini yakunlash texnologik majburiyat bo‘lishi lozim.

Paxtachilikda katta hosil tasodifan paydo bo‘lib qolmaydi, u tizimli barpo etiladi. Ekish muddati, tup va ko‘sak soni, suv, ozuqa, zararkunanda nazorati, o‘sishni cheklash, qarish signali, defoliatsiya, desikatsiya, o‘z vaqtida terim — bular bir-biridan ajralmaydigan zanjirdir. Zanjirning bir halqasi uzilsa, oxirgi natija pasayadi. Buni har bir fermer, har bir agronom, har bir mahalliy rahbar aniq tushunishi kerak. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston paxtachiligi oldida turgan ustuvor vazifamiz kamroq yerdan ko‘proq va sifatliroq hosil olish, fermer mehnatini daromadga aylantirish, davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar, yangi navlar, texnologiyalar va islohotlarning haqiqiy samarasini dalada ko‘rsatishdir. Buning uchun paxtani faqat o‘stirish emas, uni pishirishni ham boshqarishimiz shart.

Maqola boshidagi savolga javob: xulosa bitta

Oldingi yillardagi kam hosildan chiqargan eng muhim sabog‘imiz shundan iboratki, biz ko‘p yillar davomida paxtani yetarlicha pishirmay terganmiz, g‘o‘zaning poyasi va ildizida qolgan “meros”ni ko‘sakka to‘liq o‘tkazmaganmiz. Terilgan dalalar ham qayta barg chiqarib gullab yotgan. Bugungi eng muhim xulosa esa bunday bo‘lishi kerak: g‘o‘zani texnologik usullar bilan o‘z vaqtida pishirish, uning “merosi”ni dalada qoldirmaslik va mavsum davomida to‘plangan ozuqani mavsum oxirida ko‘sakka, tolaga, chigitga o‘tkazib, fermer daromadiga va mamlakat iqtisodiyotiga xizmat qildirish O‘zbekiston paxtachiligida yuqori hosilning hal qiluvchi shartidir.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik