Ism-familiya, telefon raqam, pasport ma’lumoti, bank kartasi, yashash manzili, surat, geolokatsiya va yozishmalar bugun oddiy ma’lumot emas, balki insonning raqamli shaxsiyatiga aylangan.

Shu sababli shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bugungi yurisprudensiyaning eng dolzarb masalalaridan biridir. Chunki, bu masala faqat texnologiya bilan bog‘liq emas, bu inson huquqi, shaxsiy hayot daxlsizligi, mulkiy xavfsizlik va fuqarolarning davlat hamda xususiy tashkilotlarga bo‘lgan ishonchi bilan bevosita bog‘liq. Konstitutsiyamizda har bir inson shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega ekani, yozishmalar va telefon so‘zlashuvlari sirini qonunda belgilangan tartibdan tashqari oshkor qilish mumkin emasligi mustahkamlangan. Bu norma shuni anglatadiki, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish oddiy texnik talab emas, balki konstitutsiyaviy huquq masalasidir.

Muammo nimada?

Amaliyotda ko‘p odamlar shaxsiy ma’lumotning qadrini muammo yuz bergandan keyingina tushunadi. Masalan, kimningdir telefon raqamiga firibgarlar qo‘ng‘iroq qiladi, boshqa birovning passport ma’lumotidan noqonuniy foydalaniladi, bank kartasidan pul yechib olinadi yoki shaxsiy suratlar ruxsatsiz tarqatiladi. Bunday holatlar insonning nafaqat moddiy zarar ko‘rishiga, balki sha’ni, obro‘si va ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir qiladi. Muammoning asosiy sababi shundaki, ko‘plab fuqarolar o‘z ma’lumotlarini kimga, nima uchun va qanday shartlarda berayotganini o‘ylab ko‘rmaydi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun pasport rasmi yuboradi, noma’lum havolaga karta ma’lumotini kiritadi, SMS-kodni begona odamga aytadi yoki shartlarni o‘qimasdan “roziman” tugmasini bosadi. Natijada shaxsiy ma’lumotlar nazoratsiz tarqalib ketishi mumkin.

Ikkinchi muammo tashkilotlar faoliyatida ko‘rinadi. Ayrim korxona va xizmat ko‘rsatuvchi subyektlar fuqarolardan keragidan ortiq ma’lumot talab qiladi, lekin ularni qanday saqlashi, kimlar foydalanishi va qachon o‘chirishi haqida aniq tushuntirish bermaydi. Aslida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

Huquqiy javobgarlik bor, lekin profilaktika ham kerak.

Shaxsiy ma’lumotlar bilan noto‘g‘ri ishlash huquqiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Ayrim holatlarda esa shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish jinoyat-huquqiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, kompyuter axborotidan ruxsatsiz foydalanish, axborotni nusxalash, o‘zgartirish yoki qo‘lga kiritish kabi harakatlar ham Jinoyat kodeksi doirasida baholanadi. Bu raqamli makondagi huquqbuzarliklar oddiy “internetdagi ish” emas, balki real javobgarlikka sabab bo‘ladigan qilmish ekanini ko‘rsatadi. Lekin faqat jazo bilan muammoni to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Eng muhim yo‘l, avvalo, profilaktika, huquqiy savodxonlik va aniq tartiblarni kuchaytirishdir.

Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun, avvalo, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish zarur. Maktab, kollej, universitet va ish joylarida bu mavzu oddiy va tushunarli tarzda tushuntirilishi kerak. Har bir inson passport nusxasi, bank kartasi ma’lumoti, SMS-kod, parol yoki rasm begona qo‘lga tushsa, jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini bilishi lozim. Shu bilan birga, tashkilotlar ham fuqarodan faqat zarur ma’lumotlarni so‘rashi kerak. Har qanday xizmat uchun ortiqcha pasport ma’lumoti yoki shaxsiy hujjat talab qilish to‘g‘ri emas. Tashkilot qaysi ma’lumotni nima maqsadda olayotganini fuqaroga aniq tushuntirishi lozim. Rozilik berish tartibi ham sodda bo‘lishi kerak: fuqaro qaysi ma’lumoti olinayotganini, u nima uchun ishlatilishini, qancha vaqt saqlanishini va kimlarga berilishi mumkinligini bilishi kerak.

Bundan tashqari, davlat va xususiy tashkilotlarda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi uchun mas’ul shaxs bo‘lishi muhim. U ma’lumotlarning qonuniy olinishi, xavfsiz saqlanishi va fuqarolarning huquqlari buzilmasligini nazorat qiladi. Agar shaxsiy ma’lumotlar tarqalib ketsa, fuqaroga tez xabar berish tartibi ham kuchaytirilishi zarur. Shunda inson bank kartasini bloklash, parolini almashtirish yoki tegishli organlarga murojaat qilish kabi himoya choralarini vaqtida ko‘ra oladi.

Xuulosa qiliib aytganda, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish zamonaviy huquqshunoslikning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Chunki, insonning huquqlari bugun faqat real hayotda emas, raqamli makonda ham buzilishi mumkin. Telefon raqam, passport ma’lumoti, karta rekviziti yoki shaxsiy yozishma noto‘g‘ri qo‘lga tushsa, bu oddiy noqulaylik emas, balki jiddiy huquqiy muammo bo‘ladi. Shuning uchun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishda uch tomon birdek mas’ul: fuqaro ehtiyotkor bo‘lishi kerak, tashkilotlar qonuniy va shaffof ishlashi kerak, davlat esa samarali nazorat va himoya mexanizmlarini kuchaytirishi kerak.

Eng muhimi, shaxsiy ma’lumotga “mayda narsa” deb qarashni to‘xtatish lozim. Chunki raqamli davrda insonning ma’lumoti, uning huquqi, xavfsizligi va shaxsiy daxlsizligining ajralmas qismidir. Huquq esa faqat buzilgandan keyin emas, buzilishidan oldin ham insonni himoya qila olishi kerak.

 

Muhammadiyeva Ruhshona

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoiy odil sudlov fakulteti