OTM koʻp yillik tarixi davomida taʼlim, ilm-fan va tarbiya sohalaridagi faoliyatini jamiyat ehtiyojlari hamda davr talablariga mos ravishda tashkil etib, takomillashtirishib keldi. Biroq XXI asrning ikkinchi oʻn yilligiga kelib, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning yangi bosqichga koʻtarilishi, yangi iqtisodiy munosabatlarning qaror topishi, mehnat bozorida tarkibiy oʻzgarishlarning yuzaga kelishi, raqamli texnologiyalarning jadal surʼatda rivojlanishi, global akademik makon bilan integratsiyalashish zaruratining paydo boʻlishi universitet anʼanaviy faoliyat modelini qayta koʻrib chiqishni taqozo eta boshladi. Shu tariqa universitet faoliyatini tubdan isloh qilish, yangi yondashuv va tamoyillar asosida qayta tashkil etish zarurati tugʻildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, eng katta boylik bu — aql-zakovat va ilm, eng katta meros bu — yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik bu — bilimsizlikdir. Shundan kelib chiqib, universitetimizni yuksaltirish konsepsiyasi asosiga uch oʻzaro bogʻliq vazifa — inson kapitalini rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni kuchaytirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni takomillashtirish masalalari qoʻyildi.
Zamonaviy infratuzilma va sifatli taʼlim
Universitetimizda soʻnggi besh yilda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, infratuzilmani tubdan yangilash, taʼlim sifatini oshirish va raqamlashtirish maqsadlariga byudjetdan tashqari mablagʻ hisobidan 222,3 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Infratuzilmaviy oʻzgarishlarning eng muhim natijalaridan biri yangi oʻquv binolari va taʼlim obyektlarining barpo etilishi boʻldi. Xususan, 2023 yilda 1000 oʻrinli yangi oʻquv binosi va “Yoshlar markazi” bunyod etildi. Oʻn yillar muqaddam qurilgan 1500 oʻrinli oʻquv binosi kapital taʼmirdan chiqarilib, eng yangi va zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Koʻp yillar mobaynida foydalanilmay kelingan bino rekonstruksiya qilinib, “Talabalarga xizmat koʻrsatish markazi”ga aylantirildi.
Moddiy-texnik bazani mustahkamlashga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar anʼanaviy oʻquv binolarini barpo etish va taʼmirlash, oʻquv auditoriyalari sonini oshirish bilan cheklangani yoʻq. Ayni paytda tabiiy fanlar boʻyicha tahsil olayotgan talabalar uchun “Geografiya maydoni”, zamonaviy futbol maydoni, 240 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti ham barpo etildi. Yer osti sizot suvini “OSMOS” texnologiyasi orqali tozalaydigan va sutkasiga 300 kub metrgacha toza suv yetkazib beradigan inshoot foydalanishga topshirildi.
Soʻnggi besh yilda talabalarning yashashi va kundalik ehtiyoji uchun qulay sharoit yaratish ham eʼtibor markazida boʻldi. Universitetning bu boradagi imkoniyatini takomillashtirish maqsadida 2021-2024 yillarda 3 ta yangi talabalar yotoqxonasi qurilib, qoʻshimcha 1382 oʻrin ochildi. Shu tariqa OTM tasarrufidagi zamonaviy shamollatish hamda yongʻin xavfsizligi tizimlari bilan taʼminlangan talabalar turar joylari 10 taga, ulardagi oʻrinlar soni esa 3038 taga yetkazildi. Natijada Qarshi davlat universiteti mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasida birinchilardan boʻlib talabalarning yotoqxonaga ehtiyojini 100 foiz taʼminladi. Bundan tashqari, 2024 yilda 300 oʻrinli talabalar oshxonasi va maishiy xizmat koʻrsatish korxonasi ishga tushirilgani yigit-qizlarning taʼlimdan tashqari ehtiyojini toʻlaqonli taʼminlash uchun shart-sharoit yaratdi.
OTM hududini obodonlashtirish borasida ham keng koʻlamli ishlar qilindi. Jumladan, ichki yoʻlaklarning 20 ming kvadrat metriga zamonaviy plita qoplandi, 15 ming kvadrat metrda yomgʻirlatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilib, yashil hududlar tashkil etildi. Bu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, taʼlim muassasasi hududi vohada havas uygʻotadigan maskanga aylandi.
Oliygoh infratuzilmasini zamonaviylashtirish jarayoni ekologik va energiya samaradorligi masalalarini ham qamrab oldi. Xususan, universitet hududi va binolariga umumiy quvvati 1545 kilovatt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatildi. Mazkur panellar orqali birgina oʻtgan yili 1 million 790 ming 933 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarildi. 933 ming 610 kilovatt energiya universitet ehtiyojiga yoʻnaltirilgan boʻlsa, qolgan 797 ming 283 kilovati shartnoma asosida hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotildi. Shuningdek, quyosh panellaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi monitoringini yuritish uchun “Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi” barpo etildi. Koʻrilgan choralar tufayli universitet binolarini quyosh panelidan olingan elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlash imkoniyati yaratildi. Bu loyiha universitet infratuzilmasini ekologik barqaror kampus modeliga oʻtkazish tendensiyasini yuzaga keltirdi.
Ekspertlar guruhi 2026-yili universitetdagi yangi taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonida oʻquv binolari, moddiy-texnik baza, axborot-resurs markazi, raqamli taʼlim muhiti va resurslardan foydalanish samaradorligini kompleks oʻrganarkan, OTM infratuzilmasi akkreditatsiya mezonlariga mutlaqo mos ekanini qayd etdi. Bu xulosa universitetda oʻqitish, ilm-fan va talabalar hayoti uchun moslashtirilgan yangi muhit shakllanganidan dalolat beradi.
Nazariya va amaliyot mutanosibligi
Oʻzgarishlarning muhim yoʻnalishlaridan biri muassasadagi oʻquv-maʼrifiy jarayonni jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari va mehnat bozoridagi oʻzgarishlar bilan uygʻunlashtirishga doir boʻldi. Bunday vazifa kun tartibiga qoʻyilgani tasodifiy emas, albatta. Zamonaviy oliy taʼlim oldidagi asosiy masalalardan biri mehnat bozorida talab mavjud boʻlgan sohalar boʻyicha oʻz kasbiy bilimini amaliyotda qoʻllay oladigan, raqamli va kommunikativ kompetensiyalarga ega mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari 2021-yil 16-iyunda oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda oʻquv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish zarurligini alohida taʼkidlagan edi.
Mehnat bozoridagi vaziyat oliy taʼlim muassasalaridan oʻquv dasturlarini muntazam yangilab borishni talab etmoqda. Masalan, iqtisodiyotga sunʼiy intellekt, avtomatlashtirish va yangi texnologiyalarning kirib kelishi mehnat bozoridagi kasblar tarkibini keskin oʻzgartirmoqda. OTM oʻquv faoliyatini mazkur transformatsiya jarayonini inobatga olgan holda tashkil etmas ekan, tez orada iqtisodiy ehtiyojlar va mehnat bozori talablaridan uzilib qoladi. Universitetimizda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar tarkibining kengayishi ana shu zarurat bilan bogʻliq. Davr talablaridan kelib chiqib, OTMda qator yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar ochildi. Natijada taʼlim yoʻnalishlari soni 2021-yildagi 43 tadan 78 taga, magistratura mutaxassisliklari soni 17 tadan 28 taga yetdi. Taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar sonidagi oʻzgarishlar muassasada faoliyat yuritayotgan kafedralar tarkibiga ham taʼsir koʻrsatdi: soʻnggi besh yilda kafedralar soni 34 tadan 43 taga koʻpaydi. Shu bilan birga, 16 taʼlim yoʻnalishi dual taʼlim tizimiga oʻtkazildi. Bu oʻzgarishlar universitet taʼlim portfelini sezilarli darajada kengaytirdi hamda uning hududiy ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qoplash imkoniyatini oshirdi.
Oʻqitish sifati va mazmunini takomillashtirish borasidagi ishlar miqdoriy kengayish doirasida cheklanib qolgani yoʻq. Universitet oʻquv dasturlari xalqaro tajribalar asosida qayta koʻrildi. Chunonchi, shu maqsadda 42 mamlakatning 88 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Shunga muvofiq, 2024-yilda 34 oʻquv dasturi eng ilgʻor 300 talikka kiruvchi universitetlarning dasturlari asosida takomillashtirilgan boʻlsa, 2026-yilga kelib, bu koʻrsatkich 300 taga yetdi. Bundan tashqari, 8 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi bilan 11 ta qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur dasturlar talabalarga ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish va qoʻshma diplomga ega boʻlish imkonini taqdim etdi. Bunday hamkorlik universitetda tahsil olayotgan yigit-qizlarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu maʼnoda, universitetda oʻquv jarayonini nafaqat mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarga moslashtirish, balki global akademik talablar asosida tashkil etish masalasi ham eʼtibor markazida boʻldi.
Bugun mehnat bozoridan oʻrin topish uchun faqat diplomning oʻzi yetarli emas. Zamonaviy mutaxassis keng amaliy koʻnikmalar, raqamli savodxonlik, mustaqil mehnat qilish malakasi, turli ijodiy loyihalarni roʻyobga chiqarish qobiliyatiga ega boʻlmogʻi, bir yoxud bir necha xorijiy tilni oʻzlashtirmogʻi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, universitetda taʼlim tizimini raqamlashtirish oʻquv-maʼrifiy jarayonni takomillashtirish ishlarining alohida yoʻnalishiga aylantirildi. Xususan, muassasada 2024-yildan mediamarkaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu markaz bugun OTM yetakchi professor-oʻqituvchilari maʼruzalarining audiovizual kontentini yaratish, audiokitoblar tayyorlash, 3D va VR taʼlim mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan mashgʻul. Mazkur texnologiyalar talabalarning taʼlim resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini kengaytirish bilan birga muassasada raqamli taʼlim muhitini shakllantirdi. Bundan tashqari, OTMda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 2026-yili 1570 talaba oʻqitildi. Ularning 1400 nafari professional xalqaro AT sertifikatini qoʻlga kiritdi. Talabalar hamda viloyat yoshlarining chet tillar boʻyicha bilimi va koʻnikmasini oshirish, xorijda oʻqish yoki ishlash niyatidagi yigit-qizlarning xorijiy tilni bilish darajasini koʻrsatuvchi sertifikatni olishida amaliy koʻmaklashish uchun ingliz, fransuz, nemis, xitoy, rus, koreys tillari oʻquv kurslari ochildi.
OTMning oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlanganlik darajasi 2025-yilda 100 foizga yetkazildi. Bu yutuqlarga universitet jamoasi ham munosib hissa qoʻshdi. Xususan, professor-oʻqituvchilar va izlanuvchilar tomonidan birgina oʻtgan yili 37 darslik, 94 monografiya, 139 oʻquv qoʻllanmasi chop etilib, kutubxonaga topshirildi.
Professor-oʻqituvchilar faoliyati samaradorligini oshirish, talabalarning imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanishini taʼminlash uchun 2022-yili respublikada birinchi boʻlib “Registrator ofisi” tashkil etildi. Bugun ushbu ofisda talabalarga 67 turdagi, professor-oʻqituvchilarga esa 43 turdagi taʼlim xizmatlari koʻrsatilmoqda. Bundan tashqari, ofis jahonning ilgʻor 300 oliy taʼlim tashkiloti tajribasini transformatsiya qilish bilan ham shugʻullanmoqda.
Oʻquv-maʼrifiy ishlarni mehnat bozori talablari bilan uygʻunlashtirish ishlarining mantiqiy davomi bitiruvchilar bandligini taʼminlash bilan bogʻliq, albatta. Shu maqsadda “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ hamkorligida “Kelajakka qadam” hududiy markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Dastur doirasida 2025-yili universitetning 103 bitiruvchisi “Biznes gʻoyadan tayyor loyihagacha” nomli tanlovlarda ishtirok etdi. Ularning 8,4 milliard soʻmlik loyihalari toʻliq moliyalashtirildi.
Oʻqitish mazmuni va sifatini takomillashtirish maqsadida koʻrilgan choralar bugunning oʻzidayoq samara bermoqda. Zotan, 2025-yilda universitet talabalarining 11 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi hamda boshqa nomdor stipendiyalar sohibi sifatida eʼtirof etilgani fikrimiz dalilidir. Shuningdek, universitetimizning talabalar jamoasi oliy taʼlim muassasalari terma jamoalari oʻrtasida Prezident sovrini uchun oʻtkazilgan “Intellektual olimpiada”da 1-oʻrinni egallab, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Sovgʻa tariqasida berilgan 3 milliard soʻm universitet kutubxonasini mukammal taʼmirlashga sarflandi.
Integratsiya — davr talabi
Oʻzgarishlarning muhim yoʻnalishlaridan yana biri ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishning mazmuni, koʻlami va institutsional mexanizmlarini yangilashdan iborat. Bu borada, birinchidan, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini yangilashga katta eʼtibor qaratildi. Xususan, 2021-2026-yillarda universitetda 41 ta oʻquv-ilmiy laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Shuningdek, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish uchun xalqaro standartlarga javob beradigan “Zamonaviy xalqaro ilmiy laboratoriyalar markazi” barpo etildi. Uning tashkil qilinishi ilmiy-tadqiqot jarayonini nazariy izlanishlar bilan cheklanmay, eksperimental va amaliy tadqiqotlar bilan boyitish imkonini kengaytirdi.
Ikkinchidan, universitet ilmiy hamjamiyatini xalqaro ilmiy muhitga integratsiya qilishga eʼtibor berildi. Shu maqsadda xorijdan yetakchi 54 olim ishga jalb etildi. Ayni paytda professor-oʻqituvchilarning chet eldagi hamkor oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-amaliy stajirovka oʻtashi imkoniyati kengaytirildi. Mazkur amaliyot tadqiqotchilarga xorijiy ilmiy maktablar tajribasidan foydalanish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, tadqiqot natijalarini xalqaro akademik makonga olib chiqish imkonini berdi.
Uchinchidan, tadqiqot natijalarini innovatsion mahsulot, texnologiya yoki amaliy loyihaga aylantirish vazifasi kun tartibiga qoʻyildi. Uni bajarish uchun Innovatsion rivojlanish agentligi, Jahon banki va xalqaro loyihalar tanlovlariga 50 dan ortiq loyiha taqdim etildi.
Toʻrtinchidan, universitetda faoliyat yuritadigan ilmiy kengashlar soni oshirildi. Jumladan, 2021-yili universitetda 3 ta ilmiy kengash ishlagan boʻlsa, 2026-yilga kelib ular soni 7 taga yetdi. Har yili OTM ilmiy kengashlarida 120 dan ortiq ilmiy ish yoqlanmoqda. Koʻrilgan choralar samarasi oʻlaroq, universitet ilmiy salohiyati 2021-yildagi 27 foizdan 2026-yili 60 foizga koʻtarildi. Bugun oliygohda 58 fan doktori, 288 fan nomzodi va falsafa doktorlari faoliyat yuritmoqda.
Ilmiy faoliyatdagi oʻzgarishlar chop etilgan maqolalar koʻrsatkichida ham yaqqol koʻrindi. Ayniqsa, xalqaro ilmiy bazalarda indeksatsiyalanuvchi nashrlarga eʼtibor ortdi. Web of Science va Scopus bazalaridagi jurnallarda 1000 dan ortiq maqola eʼlon qilindi. Xalqaro jurnallarda universitet olimlarining 1073 ta, respublika miqyosidagi jurnallarda 1219 ta ilmiy maqolasi nashr etildi. Shu tariqa OTM ilmiy jamoatchiligining keyingi yillardagi muvaffaqiyati muassasani taʼlim, ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni birlashtiruvchi zamonaviy universitet modeliga yaqinlashtirdi.
Yetuk shaxsni kamol toptirish manbai
Universitetimizda maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda asosiy eʼtibor talabalarning madaniy saviyasini yuksaltirish bilan birga ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilyapti. Mazkur yondashuvning muhim jihati shundaki, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yoshlarning boʻsh vaqtini shunchaki mazmunli oʻtkazish tadbirlari majmuidan emas, balki dunyoqarashini kengaytirish, fazilatlari, ijtimoiy faolligi, fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli faoliyatdan iborat boʻlmogʻi darkor.
Talabalar xavfsizligini taʼminlashga ham birlamchi eʼtibor qaratilyapti. Shu maqsadda “Xavfsiz hudud — xavfsiz talaba” tamoyili joriy etildi. Soʻnggi rusumdagi Face ID (yuzni tanib olish) funksiyasi bilan taʼminlangan kameralar vositasida hududni markazlashgan holda muntazam nazorat qilib boruvchi “Vaziyatlar markazi” tashkil etildi. Hududdagi tartib-intizomni kuzatib boradigan “Qalqon” guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Universitetning bu tajribasi keyinchalik eʼtirofga sazovor muvaffaqiyat sifatida mamlakat oliy taʼlim muassasalari boʻylab keng ommalashtirildi.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samarasini oshirish uchun OTMda tahsil olayotgan yigit-qizlarning sogʻlom turmush tarziga rioya etishi talab qilinadi. Xalq maqolida aytilganidek, sogʻ tanda — sogʻlom aql. Shu yondashuvdan kelib chiqqan holda, talabalar oʻrtasida futbol, mini futbol, basketbol, voleybol, shaxmat-shashka, badminton, stol tennisi va kurash boʻyicha “Vazir kubogi”, “Hokim kubogi”, “Studentsʻ Cup”, “Rektor kubogi”, universitet va fakultetlar birinchiligi kabi 140 ga yaqin musobaqa uyushtirildi.
OTMning “Lochin” futbol klubi qator yutuqlari bilan mamlakatimiz sportini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, 2022-yili “Hokim kubogi” musobaqasi gʻolibi boʻldi. Sohil futboli boʻyicha Oʻzbekiston chempionatida bronza medalni qoʻlga kiritdi. 2024-yili Namangan shahrida oʻtkazilgan Hududiy kubok egalari kubogi musobaqasida ham muvaffaqiyatli qatnashib, ikkinchi oʻrinni egalladi.
Futbol klubining PFL talablarini toʻliq bajargani va 2026-yildan mamlakat proligasida ishtirok eta boshlagani yigit-qizlarning jismoniy tarbiya va sportga, sogʻlom turmush tarzi meʼyorlariga eʼtibori hamda qiziqishini butkul oshirdi.
Zamonaviy universitetda tahsil olgan talaba milliy va umuminsoniy qadriyatlardan, insoniyat asrlar davomida toʻplagan bilim va gʻoyalardan xabardor boʻlmogʻi va ular asosida faoliyat koʻrsatmogʻi darkor. Shuni inobatga olgan holda, universitetda yoshlarni madaniyat va sanʼat asarlari bilan tanishtirishga keng oʻrin berilmoqda.
Maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash masalasi ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qoʻllab-quvvatlash bilan ham bogʻliq. Ayni paytda kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan yoshlarning 458 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj sifatida qayd etilgan. Joriy oʻquv yilida bu yoʻnalishdagi faoliyat doirasida nogironligi bor 145 talabaga bazaviy stipendiyasining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov amalga oshirildi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum 36 talabaning stipendiyasi 50 foiz koʻpaytirildi, 24 talabaga oʻquv va badiiy adabiyotlar xaridi uchun 45 million soʻmlik subsidiya ajratildi. Qoʻllab-quvvatlov tufayli mazkur yigit-qizlar oʻzini universitet jamoasining toʻlaqonli aʼzosi sifatida his qilmoqda hamda ijtimoiy hayotda faol ishtirok etmoqda.
Reyting — mavqe, natija va barqarorlik
Soʻnggi yillardagi oʻzgarishlar muayyan natijalar bilan birga universitetimizning milliy va xalqaro reytinglardagi mavqeida ham oʻz ifodasini topa boshladi. Jumladan, Qarshi davlat universiteti respublika oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida 2021-yildagi 46-oʻrindan 2023-yilda 30-oʻringa koʻtarildi. Bu koʻtarilishni OTMdagi tizimli oʻzgarishlarning institutsional natijalaridan biri sifatida tavsiflash mumkin.
Universitet xalqaro reytinglarda ham ishtirok eta boshladi. Xususan, 2022-yilda Times Higher Education agentligining World University Rankings — 2023 reytingida “Reporter” maqomiga ega 28 nufuzli oliygohdan biri boʻldi. Bu holat OTMning xalqaro akademik makondagi ishtirokining dastlabki institutsional bosqichi boʻldi. Keyingi yillarda reytinglardagi ishtiroki doirasi yanada kengaydi. Masalan, universitet QS Asia University Rankings — 2026 da Osiyodagi 1534 universitet orasida 901-950 oʻrinlar oraligʻidan joy oldi. Bu natija Qarshi davlat universitetining xalqaro reytinglar tizimidagi ishtirokini bir martalik holatdan davomli jarayonga aylantirdi.
Reytinglardagi oʻzgarishlar faqat akademik koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Barqaror rivojlanish va ijtimoiy masʼuliyat koʻrsatkichlarini ifodalovchi “Times Higher Education Sustainability Impact Ratings” tizimida ham ishtirok etmoqda. Jahonning 116 mamlakatidagi 1646 ta universitetni baholagan mazkur reytingda u 1001-1500 oʻrinlar guruhidan joy olgan. Universitetning ushbu reytingdagi ishtiroki dargohning barqaror rivojlanish borasidagi zafarlari xalqaro mezonlar asosida baholanayotganini anglatadi.
Sanjar CHORIYEV,
Qarshi davlat universiteti professori