U yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini soʻrab duo qiladi. Yoniga kim kelsa, ushbu shukuhli kunlar qadriga yetish, baxtli yashash siri halol mehnatda ekanini uqtiradi.

Prezidentimizning shu yil 16-apreldagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida qator ishlar bajarilmoqda. Xususan, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalabaga ulkan hissa qoʻshgan faxriylardan koʻngil soʻralmoqda. Mus­taqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari xotirlanib, oila aʼzolari ahvolidan xabar olinmoqda. Fidoyilarning hayot yoʻli oʻsib kelayotgan yoshlarga namuna qilib koʻrsatilyapti. Shu orqali navqiron avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsad qilingan.

Roʻziboy ota bugun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, keksalarga qaratilayotgan eʼtibordan minnatdor. Nafaqasini vaqtida olishi, doimo tuman, viloyat mutasaddilari holidan xabar olib turishidan mamnun. Bobo oʻtgan yili samolyotda parvoz qilish orzusi borligini aytgan edi. Shundan soʻng Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, Roʻziboy ota Mudofaa vazirligining harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotda parvoz qildi. Bundan Roʻziboy otaning boshi koʻkka yetgan edi.

Shu oʻrinda kichik hayotiy voqeani keltirsak.

“Bolaligimda buvim doim yoʻl qarab oʻtirar, kechki paytda darvozani yopmasligimizni tayinlardi, — deydi koʻkdalalik muallim Farhod Norqulov. — Bu odatga koʻnikib qolgan bobom gohida “Urush tugaganiga ellik yildan oshdi, endi kelarmidi” deya tanbeh bergan kishi boʻlardi. Biz, bolalar buning farqiga bormas, biror mehmon kelar deb qoʻyardik. Keyin bilsak, buvimning akasi urushda bedarak ketgan ekan. Buvim esa umrining soʻnggi kunigacha akasining kelishini intiq boʻlib kutdi”.

Shuning oʻziyoq bugungi tinch va farovon kunlarning qadr-qimmati bebaho ekanini koʻrsatadi. Demak, biz buni teran anglab, har lahzada Vatanimiz va xalqimizga munosib xizmat qilish niyatida yashashimiz kerak. Shu maʼnoda, Roʻziboy ota Sattorov kabi nuroniylarning hayot yoʻli biz uchun ibrat maktabidir.

Dorilamon kunlarda yashayotganidan mamnun qahramonimiz hamon farzandlari, nevara va chevaralariga hayot yoʻli haqida hikoya qilishdan charchamaydi. Bobo 1910-yili yoz chillasida Qamashi tumanidagi Mangʻit qishlogʻida tugʻilgan. Roʻziboy Sattorov ayni kuchga toʻlib, 29 yoshga yetganida harbiy xizmatga chaqirildi. Oʻsha davrda sovuq oʻlkalarda ikki yillik harbiy xizmatni oʻtadi. Xizmatdan uyga qaytgach, koʻp oʻtmay, urush xabari tarqalib, Ikkinchi jahon urushiga safarbarlik boshlandi. Hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan navqiron yigitlar front tomon yoʻl oldi. Sovuq urushning tafti Mangʻit qishlogʻiga ham kirib keldi. Shu tarzda Roʻziboy Sattorov birinchilardan boʻlib urushga chaqirildi. Qishloqning 25 yigiti xoʻjalik idorasi oldida saf tortdi. Qahramonimiz ularga yetakchi etib tayinlandi.

— Qishloqdan yigirma besh yigit boʻlib yoʻlga chiqqandik, — deydi Roʻziboy ota. —
Dastlab oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdik. Ikki oy davomida oz-moz qurol ­ishlatishni oʻrgangach, urush boʻlayotgan joylarga olib ketishdi. Sovuq, qishning izgʻirini etni teshaman deydi. Biz — barcha qishloqdoshlar bir vzvodda edik. Ular orasida dushman oʻqiga duchor boʻlganlarniyam koʻrdik... Olov ichidan omon chiqish oson boʻlgani yoʻq. Oʻzim ham ikki marta yaralandim. Tuzalgach, yana urushga joʻnatilaverdim. 1939-yilda harbiy xizmatni bosh­lagan boʻlsam, 1945-yil noyabrda uyga qaytdim. Oʻt ichida qancha doʻstlarim jon fido qildi. Olovli, qonga toʻla okoplarda qolib ketgan vaqtlarimda, shu yerlarda qolib ketamanmi, deb koʻp oʻylardim. Bir martagina boʻlsa-da, qishlogʻimni koʻramanmi, deya oʻyga botardim. Shunday paytlarda Yaratgandan yaxshi kunlarga yetkazishini tilardim. Shukr, mana yurtimizning jamolini koʻrish nasib etdi. Gohida mendan uzoq umr koʻrish sirini soʻrashadi. Bunga yaxshilik izlab, uni sogʻinib yashashda deb javob beraman. Doim ertaga, albatta, yaxshi boʻladi, degan umid bilan yashadim. Shukrki, bugun shunday kunlarda keksalik gashtini suryapman. Yetti farzandim, nevara, chevara va evaralarim bor. Ularning quvnab turgan koʻzlariga boqsam, oʻtgan umrimga achinmayman. Rostini aytsam, bunday tinch va osuda zamonda yasharib yashamoqdaman.

Nuroniylar holidan xabardor boʻlish, ularning duosini olish xalqimizga xos qad­riyat. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu qadriyat tobora yuksalib bormoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar doim eʼtiborda. Shular qatorida ­Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari ham.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri