U yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini soʻrab duo qiladi. Yoniga kim kelsa, ushbu shukuhli kunlar qadriga yetish, baxtli yashash siri halol mehnatda ekanini uqtiradi.
Prezidentimizning shu yil 16-apreldagi “9-may — Xotira va
qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida qator ishlar
bajarilmoqda. Xususan, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk
gʻalabaga ulkan hissa qoʻshgan faxriylardan koʻngil soʻralmoqda. Mustaqillik
yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar
va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari xotirlanib, oila aʼzolari
ahvolidan xabar olinmoqda. Fidoyilarning hayot yoʻli oʻsib kelayotgan yoshlarga
namuna qilib koʻrsatilyapti. Shu orqali navqiron avlodni Vatanga mehr va
sadoqat ruhida tarbiyalash maqsad qilingan.
Roʻziboy ota bugun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar,
ayniqsa, keksalarga qaratilayotgan eʼtibordan minnatdor. Nafaqasini
vaqtida olishi, doimo tuman, viloyat mutasaddilari holidan xabar olib
turishidan mamnun. Bobo oʻtgan yili samolyotda parvoz qilish orzusi borligini
aytgan edi. Shundan soʻng Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, Roʻziboy ota
Mudofaa vazirligining harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotda parvoz qildi.
Bundan Roʻziboy otaning boshi koʻkka yetgan edi.
Shu oʻrinda kichik
hayotiy voqeani keltirsak.
“Bolaligimda buvim
doim yoʻl qarab oʻtirar, kechki paytda darvozani yopmasligimizni tayinlardi, —
deydi koʻkdalalik muallim Farhod Norqulov. — Bu odatga koʻnikib qolgan bobom
gohida “Urush tugaganiga ellik yildan oshdi, endi kelarmidi” deya tanbeh bergan
kishi boʻlardi. Biz, bolalar buning farqiga bormas, biror mehmon kelar deb
qoʻyardik. Keyin bilsak, buvimning akasi urushda bedarak ketgan ekan. Buvim esa
umrining soʻnggi kunigacha akasining kelishini intiq boʻlib kutdi”.
Shuning oʻziyoq
bugungi tinch va farovon kunlarning qadr-qimmati bebaho ekanini koʻrsatadi.
Demak, biz buni teran anglab, har lahzada Vatanimiz va xalqimizga munosib
xizmat qilish niyatida yashashimiz kerak. Shu maʼnoda, Roʻziboy ota Sattorov
kabi nuroniylarning hayot yoʻli biz uchun ibrat maktabidir.
Dorilamon kunlarda
yashayotganidan mamnun qahramonimiz hamon farzandlari, nevara va chevaralariga
hayot yoʻli haqida hikoya qilishdan charchamaydi. Bobo 1910-yili yoz chillasida
Qamashi tumanidagi Mangʻit qishlogʻida tugʻilgan. Roʻziboy Sattorov ayni kuchga
toʻlib, 29 yoshga yetganida harbiy xizmatga chaqirildi. Oʻsha davrda sovuq
oʻlkalarda ikki yillik harbiy xizmatni oʻtadi. Xizmatdan uyga qaytgach, koʻp
oʻtmay, urush xabari tarqalib, Ikkinchi jahon urushiga safarbarlik boshlandi.
Hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan navqiron yigitlar front tomon yoʻl oldi.
Sovuq urushning tafti Mangʻit qishlogʻiga ham kirib keldi. Shu tarzda Roʻziboy
Sattorov birinchilardan boʻlib urushga chaqirildi. Qishloqning 25 yigiti xoʻjalik
idorasi oldida saf tortdi. Qahramonimiz ularga yetakchi etib tayinlandi.
— Qishloqdan
yigirma besh yigit boʻlib yoʻlga chiqqandik, — deydi Roʻziboy ota. —
Dastlab oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdik. Ikki oy davomida oz-moz qurol
ishlatishni oʻrgangach, urush boʻlayotgan joylarga olib ketishdi. Sovuq,
qishning izgʻirini etni teshaman deydi. Biz — barcha qishloqdoshlar bir vzvodda
edik. Ular orasida dushman oʻqiga duchor boʻlganlarniyam koʻrdik... Olov
ichidan omon chiqish oson boʻlgani yoʻq. Oʻzim ham ikki marta yaralandim.
Tuzalgach, yana urushga joʻnatilaverdim. 1939-yilda harbiy xizmatni boshlagan
boʻlsam, 1945-yil noyabrda uyga qaytdim. Oʻt ichida qancha doʻstlarim jon fido
qildi. Olovli, qonga toʻla okoplarda qolib ketgan vaqtlarimda, shu yerlarda
qolib ketamanmi, deb koʻp oʻylardim. Bir martagina boʻlsa-da, qishlogʻimni
koʻramanmi, deya oʻyga botardim. Shunday paytlarda Yaratgandan yaxshi kunlarga
yetkazishini tilardim. Shukr, mana yurtimizning jamolini koʻrish nasib etdi.
Gohida mendan uzoq umr koʻrish sirini soʻrashadi. Bunga yaxshilik izlab, uni
sogʻinib yashashda deb javob beraman. Doim ertaga, albatta, yaxshi boʻladi,
degan umid bilan yashadim. Shukrki, bugun shunday kunlarda keksalik gashtini
suryapman. Yetti farzandim, nevara, chevara va evaralarim bor. Ularning quvnab
turgan koʻzlariga boqsam, oʻtgan umrimga achinmayman. Rostini aytsam, bunday
tinch va osuda zamonda yasharib yashamoqdaman.
Nuroniylar holidan
xabardor boʻlish, ularning duosini olish xalqimizga xos qadriyat. Davlatimiz
rahbari tashabbusi bilan bu qadriyat tobora yuksalib bormoqda. Ijtimoiy
himoyaga muhtoj insonlar doim eʼtiborda. Shular qatorida Ikkinchi jahon urushi
ishtirokchilari ham.
Akbar
RAHMONOV,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri