Unda Sohibqiron davriga oid kashfiyotlar va ilmiy yutuqlar xaritasi namoyish qilingan. Bunda irrigatsiya-muhandislik kashfiyotlari, meʼmorchilik, kitobat, ilm-fan, islom ilmlariga oid kashfiyotlar alohida oʻrin tutadi.
“Vaqt devori”da Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan qoʻlyozmalardan olingan miniatyuralar, ularda aks etgan tarixiy
shaxslar siymosini koʻrish mumkin. Shuningdek, turli eksponat, numizmatika
namunalari, xarita, videorolik, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan.
Zalda
Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorus saodat, Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbaralari
maketi bor. Bronza shamdon nusxasi ham bir paytlar Amir Temur buyrugʻiga asosan
tabrizlik usta tomonidan yasalgan va Turkistondagi maqbaraga oʻrnatilgan.
Ekspozitsiya
uchun Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI yozishmalari nusxalari
tayyorlangan. Maʼlumki, Ispaniya elchisi Klavixo Amir Temur bilan yuzma-yuz
uchrashgan, esdaliklarida uni adolatli hukmdor, ilm-maʼrifat homiysi sifatida
tasvirlagan. Markaz va WOSCU mutaxassislari hamkorligida ushbu esdalikning
sovgʻabop nusxasi tayyorlangan.
Amir
Temur sektorida 1533-yilda koʻchirilgan va ayni paytda AQSHning Baltimor
universitetida saqlanayotgan “Zafarnoma” miniatyuralari, “Temur tuzuklari”
qoʻlyozmasining Sankt-Peterburg Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanayotgan,
XVIII asrga oid faksimile nusxalari, miniatyuralar qoʻyilgan.
“Meʼrojnoma”
asari 1434-yili eski oʻzbek tilida, ammo uygʻur yozuvida yozilgan. Fransiya
Milliy kutubxonasidan ushbu qoʻlyozma nusxasi olindi. Shohrux Mirzo sektoridan
ushbu asarda keltirilgan miniatyura ham oʻrin olgan.
Vitrinada
Qurʼoni karimning temuriy shahzoda Ibrohim sulton koʻchirtirgan, oltin suvi
bilan bezatilgan nusxasini koʻrasiz. Muqaddas kitobning shahzoda tomonidan
koʻchirilgan bir qancha qoʻlyozmalari mavjud. Ulardan biri Nyu-Yorkdagi
Metropoliten muzeyida saqlanadi. 2025-yil avgustda ushbu Qurʼoni karimning bir
faksimile nusxasi Erondagi Ostoni Quds kutubxonasidan olib kelingan.
Mirzo
Ulugʻbek sektorida sunʼiy intellekt asosida yaratilgan loyiha boʻyicha maxsus
ekrandagi ajdodimiz siymosi bilan toʻrt tilda savol-javob qilish mumkin. Mirzo
Ulugʻbek zalida rasadxona maketi va interaktiv loyihasi, bu yerda ishlatilgan
uskunalar, ushbu davrga mansub kulolchilik buyumlari va qoʻlyozmalar bilan
tanishish mumkin.
Xuroson sektorida Rossiyadagi Sharq qoʻlyozmalari institutida
saqlanadigan Husayn Boyqaro devonining faksimile nusxasi chop etilib,
koʻrgazmaga qoʻyilgan. Shuningdek, ekspozitsiyada Alisher Navoiy tasvirlangan
miniatyuralar, shoir qoʻlyozmalari, chop etilgan asarlari namoyish qilinmoqda.
2022-yilda
WOSCU tomonidan dunyoda ilk bor Kamoliddin Behzodga tegishli deb qaraladigan 80
dan ortiq miniatyura toʻplanib, “Moniyni xijolatda qoldirgan Behzod” nomli
kitob-albom chop etildi. Ekspozitsiyadan Behzodning Turkiyadan topilgan
avtoportreti, miniatyuralari, qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari ham oʻrin olgan.
Temuriy malikalarga bagʻishlangan zalda ularning davlat
boshqaruvidagi mavqei koʻrsatilgan. Bibixonim qiyofasini ishlashda
Prezidentimiz tavsiyasiga koʻra malikaning bosh kiyimi, kiyimlari rangi,
boʻy-basti aynan ispan elchisi Klavixo tasvirlagandek boʻlishiga eʼtibor
berildi. Gavharshodbegim, Teginabegim, Saroymulkxonim monologlari ham tashrif
buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotadi.
Muzeyda
Bobur va boburiylar merosiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻsha davrga oid
qoʻlyozmalar, qurol-aslahalar, shaxsiy buyumlar, chodir qismi, kiyimlar
koʻrsatilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning maxsus ekranda sunʼiy intellekt
orqali jonlantirilgan siymosi ham keluvchilar bilan muloqotga kirishadi.
Aksariyat
tarixchilar temuriylardan soʻng Ikkinchi Renessans oʻz yakuniga yetgan deb
biladi. Ammo izlanishlar shayboniylar, ashtarxoniylar va boshqa sulolalar
temuriylar davri madaniyatini davom ettirishga harakat qilganini koʻrsatadi.
Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva singari shaharlarda yaratilgan obidalar,
tarixiy, ilmiy va adabiy asarlarda ham temuriylar madaniyatiga taqlid yaqqol
sezilib turadi.
Ekspozitsiyada
oʻtgan asrning 70-yillarida turli mintaqalar boʻylab namoyish qilingan, mashhur
italyan kolleksioneri Ignazio Vokga tegishli oʻzbek kashtalari kolleksiyasini koʻrish
mumkin. Ayni paytda bu kashtalar Oʻzbekistondagi eng qadimiy kashtachilik
namunalaridir. Bu yerdan Toshkent, Shahrisabz, Nurota, Samarqand kashtachilik
maktabining XVIII-XIX asrlarga oid tarixiy durdonalari oʻrin olgan.
Shuningdek,
ekspozitsiyada Maxtumquli, Fuzuliy, Berdaq, Toqtogʻul, Abay, Ahmad Donish,
Mirzo Jalol, Sadriddin Ayniy, Ajiniyoz singari allomalar merosiga ham joy
ajratilgan.
Davlatoy
MURODOVA,
Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi