Ushbu murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisalarni ilmiy asosda tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablari va namoyon boʻlish shakllarini chuqur oʻrganish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri boʻlishi bilan birga, zamon talabi hamdir. Shu jihatdan, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va koʻrinishlari” nomli monografiya zamonaviy ilmiy-ommabop adabiyotlar orasida alohida ahamiyat kasb etadi.
Mualliflar
Qahramon Quronboyev va Sarvarjon Gʻafurov avvalboshda: “Radikalizm, birinchi navbatda, shaxs ongi va dunyoqarashini
oʻzgartirishga qaratilgan mafkuraviy taʼsirlar majmui. Koʻp hollarda radikal
taʼsirlarga berilgan shaxslar oʻzi ishongan gʻoyalarga sadoqatli, ruhan tetik,
qatʼiyatli koʻrinadi. Aslida esa, ularning dunyoqarashida, tashqi va ichki
hissiyot oʻrtasida kuchli raqobat kurashi kechadi. Ularning ongida taranglik,
ruhiy beqarorlik kuzatiladi”, deya radikal kayfiyatning qiyofasini ochib
berishadi. Darhaqiqat, kishi ongi, tafakkuri mislsiz kuch ekanligi barchaga
birdek ravshan. Insonni shaxsiy rivojlanish yoxud millat manfaati uchun jon
koyitishga chorlaydigan narsa ham shu ong va ong ostida yetiladigan fikr,
bilʼaks, uni buzgʻunchilikka, turli gʻayriinsoniy xatti-harakatlarga jalb
etadigan narsa ham shu fikr. Shunday ekan, tan bilan birgalikda ruhiyat himoyasining
ahamiyati bugun har doimgidan ham dolzarbroq.
Kitobda
radikalizm tushunchasining mazmun-mohiyati batafsil ochilib, uning tarixiy
ildizlari, ijtimoiy-siyosiy tabiatiga oid ilmiy qarashlar, shuningdek,
ekstremizm bilan oʻzaro bogʻliqligi atroflicha yoritilgan. Mualliflar
radikalizmni faqatgina siyosiy hodisa sifatida emas, balki kengroq
ijtimoiy-psixologik va mafkuraviy jarayon sifatida talqin etadi. Shuningdek,
radikalizm va ekstremizm oʻrtasidagi farq va oʻxshashliklar aniq misollar
orqali izohlanadi. Bu esa oʻquvchiga mazkur tushunchalarni chalkashtirib
yubormaslik, ularning mohiyatini toʻgʻri anglash imkonini beradi.
Ayniqsa,
radikalizmning kelib chiqish omillariga bagʻishlangan tahlillar eʼtiborga
loyiq. Iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy adolatsizlik, siyosiy beqarorlik,
maʼnaviy boʻshliq kabi omillar radikal kayfiyatlarning shakllanishiga zamin
yaratishi ilmiy dalillar asosida koʻrsatib berilgan. Bu yondashuv kitobning
hozirgi paytdagi amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Mualliflar
radikal mafkuralarning shakllanishida taʼlim tizimi, ommaviy axborot
vositalari, diniy tashkilotlar va ijtimoiy tarmoqlarning rolini alohida
koʻrsatib oʻtadi. Ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalari orqali radikal
gʻoyalar tarqalishining tezlashuvi bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan
biri sifatida baholanadi.
Monografiyada
radikal harakatlarning tashkiliy tuzilmalari hamda faoliyat yoʻnalishlari ham
keng yoritilgan. Mualliflarning fikricha, radikalizmga qarshi kurashishda faqat
kuch ishlatish usullari bilan cheklanib qolmasdan, mafkuraviy immunitetni
kuchaytirish, yoshlarni toʻgʻri tarbiyalash va ijtimoiy adolatni taʼminlash
muhim ahamiyatga ega. Bu fikrlar zamonaviy siyosiy strategiyalar bilan
hamohangdir.
Bugun
zamonaviy yoshlarda turli-tuman qadriyatlar va yoʻnalishlarni tanlash imkoni
bor. Turgan gap, bunday sharoitda ularda har xil hayotiy pozitsiya shakllanadi.
Ayrim yoshlar ijtimoiy hayotga osonlik bilan moslashsalar, boshqalari bu
jihatdan qiynalishlari mumkin, hatto buzgʻunchi gʻoyalar qurboniga aylanishi
hech gap emas. Shu bois, kitobda: “Yetishib
kelayotgan yosh avlodni xalqning urf-odatlari asosida tarbiyalashning ahamiyati
cheksiz. Bu borada eʼtiborsizlik, aniq maqsad va vazifalardan chetga ogʻish
qimmatga tushishi mumkin. Yoshlarda vatanparvarlik fazilatini shakllantirish
jamiyatning barqaror kelajagi poydevori boʻlib xizmat qiladi”, deya
taʼlim-tarbiya hozirgi kunda ham ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy
aytganidek hamon, “yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo
falokat masalasi” boʻlib qolayotgani uqdiriladi. Inchunin, mamlakat rivoji,
xalqning baxt-saodati va barkamolligi ham kelajak avlod qoʻlidadir. Kelajak
avlod qancha yaxshi tarbiya koʻrgan boʻlsa, davr, zamon ham shuncha yaxshilik
tomon oʻzgaradi, tabiiyki, farovonlik ortib boradi.
Radikal
harakatlarning amaliy koʻrinishlari va ularning jamiyat hayotiga taʼsirini
tahlil qilish, global va mintaqaviy darajadagi radikal harakatlar misolida
ularning faoliyati, strategiyalari va maqsadlarini ochib berish kabi muhim
omillar monografiyaning ilmiy-amaliy qimmatini nihoyat darajada oshiradi.
Ayniqsa, radikal guruhlarning yoshlar ongiga taʼsir koʻrsatish usullari,
targʻibot mexanizmlari va psixologik yondashuvlari chuqur tahlil qilinganligi
monografiyadan profilaktika choralarini ishlab chiqishda muhim manba sifatida
foydalanish imkonini beradi.
Mualliflar
radikalizmning jamiyat barqarorligiga salbiy taʼsirini aniq faktlar va misollar
bilan keltirib oʻtish bilan birga, mafkuraviy boʻshliq, madaniy vakuumning
yuzaga kelishi, davlat va jamiyatda maʼnaviyat va maʼrifatning yetarli
shakllanmagani, milliy birdamlik, bagʻrikenglik tamoyilining amal qilmasligi,
qashshoqlik, iqtisodiy nochor umr kechirayotgan toifa vakillarida hayot
tarzidan norozi boʻlish, tushkunlik, jaholat, savodsizlik, ilmsizlik oqibatida
aholi, ayniqsa, yoshlarning turli siyosiy, diniy targʻibot va tashviqotlarga
osonlikcha ishonishi, tashqi va ichki siyosiy, ijtimoiy taʼsirlar, mahalliy
qadriyatlarga yot boʻlgan mafkura va gʻoyalarning singdirilishi natijasida
mavjud vaziyatga nisbatan norozilik kayfiyatining ortishi, radikalizm
targʻiboti bilan shugʻullanadigan harakatlarga qarshi tura oladigan
infratuzilmaning mavjud emasligi jamiyatda ushbu oqimning paydo boʻlishiga
asosiy sabablar sifatida sanab oʻtadi.
Mazkur
asarning eng katta yutuqlaridan biri sifatida uning har tomonlama
asoslanganligini koʻrsatib oʻtish mumkin. Muallif radikalizm muammosini faqat
bir yoqlama emas, balki siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy va psixologik jihatlar
uygʻunligida koʻrib chiqadi. Darhaqiqat, radikalizmga bir yoqlama tushuncha
sifatida yondashmaslik lozim. Chunki davlat tuzilmasi boʻladimi yoinki ijtimoiy
munosabatlarmi, qadriyatlar tizimi boʻladimi, radikalizm mavjud tartibni
tubdan, keskin oʻzgartirishga olib kelishi hech gap emas. Shunday. Kitobda
radikalizm faqat tahdid emas, balki jamiyatdagi chuqur muammolarning aks sadosi
ekanligi, bu koʻp qatlamli fenomenni anglash koʻpqirrali yondashuvni talab
etilishi aytib oʻtiladi. Buning uchun esa nafaqat radikalizmning oqibatlariga
qarshi kurashish, balki uni yuzaga keltirayotgan sabablarni ham bartaraf etish
zarur.
Kitob
mualliflari radikalizmga qarshi kurashishning samarali yoʻllari sifatida
taʼlim, maʼnaviyat va huquqiy tizimni takomillashtirish zarurligini taʼkidlab:
–
milliy, etnik, diniy, ijtimoiy muammolarni oʻziga asos qilib olib, siyosiy
manfaatlarni koʻzlagan radikal guruhlar faoliyatini nazoratga olish va bartaraf
etish;
–
mintaqaviy va global miqyosdagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etish,
globallashuv sharoitida muammolarning chegara bilmas xarakterga ega ekaniga
eʼtibor qaratish;
–
aholi noroziligini uygʻotishi mumkin boʻlgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal
etish orqali radikal faoliyat yoʻlini toʻsish;
–
mintaqaviy va global muammolarni oʻrganish, tahlil qilish, ularning yechimiga
doir taklif-mulohazalarni berib borish;
–
Oʻzbekistonning mintaqaviy va jahon davlatlari bilan barqaror taraqqiyot,
global xavfsizlikni taʼminlash borasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish
kabi vazifalarni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidlaydi.
Mazkur
asar radikalizmga qarshi kurashish, yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni
shakllantirish hamda jamiyat barqarorligini taʼminlash yoʻlida muhim
ilmiy-amaliy manba boʻlib xizmat qiladi. Prezidentimiz shu yilning 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy
xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan
yigʻilishida: “Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan
oʻzgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib
gʻalaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt,
raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar,
kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda”,
deya barchani ogohlikka chorlab, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka
aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini bejiz taʼkidlamadilar.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda radikalizm, ekstremizm va
terrorizmga qarshi kurashishda mahalla institutiga tayangan holda keng qamrovli
chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu choralar, asosan, profilaktika, taʼlim
va ijtimoiy reabilitatsiyaga yoʻnaltirilgandir. Misol uchun, “Mahallabay”
ishlash tizimi orqali har bir mahallada “yettilik” (mahalla raisi, hokim
yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori)
tashkil etilib, ular hududdagi diniy va ijtimoiy vaziyatni monitoring qilib
boradi. Bu boradagi yana bir chora-tadbir ijtimoiy-maʼnaviy muhitni
sogʻlomlashtirishdir. Radikal gʻoyalarga berilgan yoki shunday xavfi boʻlgan
shaxslar bilan mahalla faollari, diniy ulamolar va nuroniylar suhbatlar
oʻtkazadi, ularning ijtimoiy muammolarini hal etishga koʻmaklashadi. “Obod va
xavfsiz mahalla” tamoyili asosida esa mahallalarda jinoyatchilikning oldini
olish, hududlarni kuzatuv kameralari bilan jihozlash va kunu tun patrul xizmati
tizimi kuchaytirilgan.
Ayniqsa, yoshlar yetakchilari orqali yoshlarni vaqtinchalik
ish bilan taʼminlash, hunar oʻrgatish va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil
etish orqali ularni yot gʻoyalar taʼsiridan asrash choralari koʻrilmoqda, har
bir yoshning qiziqishi, iqtidori va muammosi alohida oʻrganilib, ishsiz
yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, lozim boʻlsa, ularga yer ajratish va talab
yuqori boʻlgan kasblarga ixtisoslashtirmoqda. Bu chora-tadbirlar radikalizmning
oldini olishda ijtimoiy muhitni mustahkamlash va inson qadrini ulugʻlashga
qaratilgan boʻlib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning
jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashda katta samara beradi.
Kitobda
nazariy qarashlar amaliy misollar bilan boyitilgan boʻlib, bu oʻquvchi uchun
mavzuni yanada tushunarli qiladi. “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va
koʻrinishlari” kitobi tilining sodda va ravonligi, fikrlarning izchil bayon
etilganligi bilan nafaqat talabalar, ilmiy tadqiqotchilar, siyosatshunoslar,
huquqshunoslar, shuningdek, keng kitobxonlar auditoriyasi uchun ham foydali
manbadir.
Sirasini
aytganda, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va koʻrinishlari” monografiyasi
zamonaviy davrning eng dolzarb muammolaridan birini chuqur va har tomonlama
yoritgan muhim ilmiy-ommabop asar boʻlib, Yangi Oʻzbekistonning tinchlik va
barqarorlikka asoslangan taraqqiyot yoʻlida mafkuraviy xavfsizlikni
mustahkamlash, yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish hamda
jamiyatda ogohlik va masʼuliyat tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qilishda
ayricha ahamiyat kasb etadi.
Nurilla Choriyev,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi