Ikkinchi jahon urushining tugaganiga qariyb 81 yil boʻldi. Shuncha vaqt oʻtsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan oʻchgani yoʻq. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday mohiyat mujassam.

Davlatimiz rahbari Gʻalaba bogʻida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi.

Anʼanaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qoʻydi. Mazkur muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yoʻqotishlarning ifodasidir.

– Bugun oramizda sogʻ-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan koʻp millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, toʻgʻri boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Maʼlumotlarga koʻra, fashizmga qarshi qonli janglarda oʻsha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok boʻlgan, 158 ming nafari bedarak yoʻqolgan, 50 mingdan ortigʻi konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok boʻlgan, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytgan.

Oʻzbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. Gʻoyat ogʻir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan koʻchirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo boʻlgan 250 ming nafar yetim bolani oʻz bagʻriga olib, mehr koʻrsatgan.

Tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qoʻydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Gʻalaba bogʻidagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham boʻlib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

– Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik anʼanalari davomiyligini eslatib turadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yoʻlida qahramonlarcha halok boʻlgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Xalqimiz navqiron yoshda dushmanga qarshi oʻzini qalqon qilgan bunday fidoyi qahramon oʻgʻlonlarimizni hech qachon unutmaydi. 2025-yilning oʻzida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.

Bu yerda koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, “Kelajak soati” darslari oʻtkazilmoqda. Bunday ishlar, maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.

Sohibqiron bobomizning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mashʼalasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulugʻ anʼanani jasur askar, ofitser va generallarimiz munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular bizning katta boyligimiz, Vatanimizning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani taʼkidlandi.

– Bugun bu yerda saf tortib turgan “Temurbeklar maktablari” oʻquvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini koʻramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib koʻrgan har bir odam buni chuqur his etadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi oʻta tahlikali zamonda bu oʻn karra, yuz karra dolzarb boʻlib bormoqda.

Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulugʻ sana “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur maʼno bor.

– Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda boʻlayotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni koʻrib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning oʻzi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulugʻ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq boʻlib kelayotgan botir va dovyurak oʻgʻlonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.

“Millat fidoyilari” xiyoboni kecha-yu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlugʻ maskan boʻlib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarimizning oila aʼzolari va farzandlariga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni qoʻllab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.