Dastlab “ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi mohiyatiga toʻxtalsak. Oddiy aytganda, bu tadbirkorlarga qarzdorlik, soliq yoki boshqa iqtisodiy majburiyatlarini muayyan shartlar asosida yengillashtirish, qayta tiklash va faoliyatini davom ettirish imkonini beruvchi mexanizmdir. Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻllanilayotgan ushbu yondashuv joriy yilning 31 dekabriga qadar davom etadi.

Bunda iqtisodiy amnistiya eʼlon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi (bundan penya mustasno) 2026 yil 31 dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda, ushbu qarzdorlik boʻyicha hisob­langan penya hisobdan chiqarilib, ular bilan bogʻliq ijro ishlari tugatilishi belgilangan. Shuningdek, avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qoʻshimcha hisoblangan soliq summasi 2026 yil 31 dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda, ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi. Qolaversa, tadbirkorlik subyektlari soliqlar va ­yigʻimlarni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi. 2026 yil 1 yanvarga qadar shakllangan baʼzi qarzdorlik­lar ham hisobdan chiqariladi.

Yaʼni davlat tadbirkorga mavjud qarzdorliklarni bartaraf etish, xatolarni oʻz vaqtida aniqlab, tuzatish uchun vaqt va imkon beryapti. Qarzdorlik hisobiga yigʻilgan penya va eski jarimalarni yengillashtiryapti. Avval shunday xato va kamchiliklar, bajarilmagan majburiyatlar biznes egasi oyogʻiga tushov, keyingi fao­liyatiga toʻsiq boʻlib kelgan. Endi tadbirkor belgilangan shartlarni bajarib, xatolarni mustaqil tuzatishi uchun imkoniyat berilyapti. Hech qanday jarima va jazolarsiz, shunchaki kamchilikni bartaraf etish imkoniyati.

Bu, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun katta qulaylik. Chunki endi ish boshlagan tadbirkor har doim ham bexato ishlay olmaydi, kamchiliklarga yoʻl qoʻyishi tabiiy. Buning uchun uni darhol jazolash esa faoliyatini toʻxtatib qoʻyishi hech gap emas. Bunga koʻp bor guvoh boʻlganmiz. “Ikkinchi imkon” mexanizmining asosiy maqsadi tadbirkor faoliyatini qonuniylashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan. Faqat buni suiisteʼmol qilish emas, unumli foydalanish kerak.

Ana endi “ikkinchi imkon”ning boshqa bir mohiyati haqida soʻz yuritsak. Davlatimiz rahbari bilan boʻlib oʻtgan oltinchi ochiq muloqotdan keyin buni har bir tadbirkor oʻz tanasida turlicha his etdi, tushundi va tahlil qildi. Mening talqinimcha, ikkinchi imkon bu — shunchaki maʼjoziy maʼnodagi tushuncha emas. Buning ortida yillar davomida orttirilgan tajriba, ishonch va erishilgan natijalar turibdi. Ortda qolgan oʻn yil haqiqiy tadbirkorlik muhitini yaratib, bugun yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qoʻshayotgan 1 million 200 mingdan ziyod ishbilarmondan iborat katta kuchni shakllantirdi. Ana endi mana shu kuch orttirgan tajriba va amaliyoti bilan biznesning yangi davriga kirib bormoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni koʻpaytirish” bosqichiga oʻtyapti. Buning uchun ularga yangi imkon, yirik imtiyozlar taqdim etilyapti.

Ochiq muloqot davomida ilgari surilgan takliflar, qoʻshimcha imtiyozlarni eshitib nihoyatda toʻlqinlangandim. Keyinroq Prezidentimizning tegishli farmoni bilan ularning qonuniy mustahkamlanganidan yanada quvondim. Bugun ana shu imkoniyatlarni tahlil qilar ekanmiz, ulardan toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalanish har qanday tadbirkorlik subyektini yanada rivojlantirishiga amin boʻlamiz. Menga qolsa, har bir imtiyoz biznes egalariga berilayotgan juda katta va beminnat koʻmakdir.

Bu yilgi uchrashuvdagi eng katta yangilik­lardan biri tadbirkorning oyogʻiga tushov boʻladigan asosiy masala — tekshiruvlar tizimining yanada yengillashtirilgani boʻldi. Yaʼni farmonga koʻra, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy eʼlon qilindi. Jinoyat ishi doirasida, inson sogʻligʻiga taʼsirini oʻrganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi kabi ayrim turdagi tekshiruvlarni istisno qilmaganda, endi tadbirkorning eshigini istalgan davlat idorasi taqillatib kelib, tekshira olmaydi. Moratoriy davrida shunday huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar hatto belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Bu imkoniyat kichik biznes vakillariga berilayotgan boʻlsa-da, umumiy tadbirkorlik muhiti rivojida katta oʻrin tutadi.

Bizniki kabi yirik ishlab chiqaruvchilar uchun ham tekshiruvlar boʻyicha yaxshi yangiliklar qoʻllanilyapti. Masalan, endi oʻrta va yirik tadbirkorlar oʻz korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan oʻtkazganida xulosani soliq organiga taqdim etadi va soliq idorasi uni tan olishi kerak. Muhimi, aniqlangan kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi va ushbu davr uchun soliq organi tekshiruv oʻtkazmaydi. Davlatimiz rahbari hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qoʻllash vakolatiga ega ekani, ammo jarima mablagʻ yigʻish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerakligini taʼkid­lagani bejiz emas. Chunki jarimalarning bir qismi davlat idorasiga tushgani uchun tekshiruvlar sonini oshirish holatlari ham uchragan. Shu bois, endilikda barcha turdagi jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar kamaytirilgani biz tadbirkorlar uchun katta qulaylik, qoʻshimcha imkoniyat boʻldi.

Farmon bilan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar haqida uzoq gapirish mumkin. Bu yilgi ochiq muloqot oldidan ishbilarmonlarning takliflar bildirish jarayonlaridagi faolligi davlatimiz rahbari tomonidan ularning koʻpi ragʻbatlantirilganida ham aks etdi. Hatto baʼzi imtiyozlarni oʻzimiz ham kutmagandik.

Kichik tadbirkorlik subyekti 10 milliard soʻmgacha kredit olishida garovning 30 ­foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, yana 15 foizini banklar oʻz zimmasiga olishi, eksportyorlarning xorijiy brendmeyker olib kelish xarajatining yarmi toʻlab berilib, tashqi bozorlarda milliy brendlarni targʻib qilish, ularni xalqaro talablarga moslashtirishga 50 ming dollargacha subsidiya ajratilishi, kelgusi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarni koʻrishda “tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” tamoyili joriy qilinib, biznes egasining aybdorligi sudda isbotlanmaguncha, u aybsiz deb hisoblanishi va jarima hamda boshqa taʼsir ­choralari qoʻllanilmasligi — bularning barchasi ­shunchaki imtiyozlar emas, tadbirkorga berilayotgan ulkan ishonch va qoʻllab-quvvatlovdir.

Ayniqsa, “sukut — rozilik” tamoyili joriy etilayotganidan quvondim. Endi tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi “sukut — rozilik” tamoyiliga oʻtkazilyapti. Bu davlat idoralariga murojaatlar bilan bogʻliq. Agar yoʻllangan arizalar belgilangan muddatda koʻrib chiqilmasa, avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Bu biz uchun ayni muddao boʻldi. Chunki ish boʻyicha davlat xizmatlaridan koʻp foydalanamiz va koʻplab murojaatlar qilishimizga toʻgʻri keladi. Afsuski, baʼzi hollarda arizamizga qonunchilikda belgilangan vaqtda javob ololmaymiz, oylab kutish holatlarimiz boʻladi. Natijada ortiqcha vaqt sarflab, qayta murojaat qilishga majbur boʻlamiz. Chunki masalaga aniqlik kiritishimiz, yechimini qilishimiz kerak.

“Sukut — rozilik” tamoyili ana shu jarayonni tartibga soladi. Endi tegishli davlat idoralariga yoʻllagan murojaatimiz oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasa yoki qonunda belgilangan muddatlarda javob ololmasak, bu rozilikni bildiradi hamda vaziyat bizning foydamizga hal boʻladi.

* * *

Koʻplab davlatlarda boʻlamiz, tadbirkorlar bilan suhbatlashamiz. Doim bir narsaga amin boʻlamanki, yurtimizda biznes sohasiga berilayotgan bu darajadagi imkoniyat va imtiyozlarni jahonning boshqa davlatlarida kuzatmadim. Nima uchun bugun tadbirkorlarimiz faqat rivojlanish, dunyo bozoriga faol chiqish haqida oʻylayapti, aniqrogʻi, oʻylay olyapti? Chunki ularning oyogʻiga tushov boʻladigan katta muammolar, qoʻrquv va ishonchsizlik yoʻq. Aksincha, yanada keng sharoit, koʻproq imtiyozlar yaratib berilyapti.

Zargarlik korxonamiz 2021-yilda tashkil etilganida investitsiya miqdori 3 million dollar boʻlgan. Hozir savdo aylanmamiz 10 million dollarga yetdi. Oʻnlab turdagi tayyor zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarib, eksport qilamiz. 150 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlaganmiz.

Bu rivojlanishlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Avvalo, sohaga eʼtibor, qolaversa, qoʻshimcha imtiyozlar sabab ishlab chiqarish quvvatlarini doimiy oshirib boryapmiz. Birgina soliq imtiyozlarining oʻzi faoliyatimiz rivojida katta oʻrin tutadi. Bugunga qadar QQSning 85 foizini qaytarib berish imtiyozidan foydalanib kelyapmiz. Qolaversa, biz zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar mol-mulk va yer soligʻidan ozod qilinganmiz.

Umuman, imkoniyat va imtiyozlar juda katta. Ammo bu imkoniyatlar tadbirkorni sunʼiy qoʻllab-quvvatlash, istalgancha faoliyat yuritishiga yoʻl ochib berish uchun berilmayati. Aksincha, maqsad biznes egalari faoliyatini qonuniylashtirish orqali yanada rivojlanishga keng yoʻl ochishga qaratilgan. Ulardan faqat toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalanishimiz kerak.

Sayfullo SOBIROV,

“Sofizar” qoʻshma korxonasi rahbari